Tomorqada kannabis, javon tagida marixuana
Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori-2021” tadbiri davomida G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi shaxs o‘z tomorqasida qonunga xilof ravishda giyohvand o‘simligi yetishtirayotganligi aniqlandi.
Tumanning “Madaniyat” qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Aytbay Qaytmasbayev (ismi-sharifi o‘zgartirildi) O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga zid ravishda o‘z tomorqasida 8 tup kannabis giyohvand o‘simligini yetishtirayotganligi ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori-2021” operatsiyasi davomida fosh etildi.
Aytbayning bu qonunbuzarligi ham kamlik qilgan ekan shekilli, uning oshxonasi ko‘zdan kechirilganida, xonadonidagi javon tagidan 7,75 gramm marixuana giyohvandlik moddasi ham topildi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligi ta’minlangan. Amaldagi qonunlarimizni buzgan va unga amal qilmagan har qanday shaxs qonun oldida javob berishga majbur.
Qilmish – qidirmish, deyishadi. Endi Aytbay Qaytmasbayev ham o‘z qishmishlariga yarasha qonun oldida javob beradi.
Ushbu holatlar yuzasidan mutasaddi idora xodimlari tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
A.Qayumov, O‘zA