Tomorqachilikdan baraka topgan toshloqlik millioner
Bir paytlar oltiariqliklar tomorqachilikning mirishkori sifatida tilga olingan bo‘lsa, bugungi kunda Farg‘ona viloyatining boshqa tumanlarida ham bu borada katta tajriba maktabi yaratayotganlar ko‘p. Yerning haqiqiy xazina ekanligini ular amalda isbotlab, yaxshi daromadga ega bo‘lmoqda.
Yer – insonning rizqu ro‘z manbai. Tomorqachilik madaniyatining shakllangani esa qishin-yozin bozorlarimizni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, oilalarning daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Toshloq tumanidagi “Zarkent”, “Axshak”, “Qumariq”, “Varzak” kabi mahalla fuqarolar yig‘inida yuzlab oilalar rediska, karam va ziravorlar yetishtirish hadisini olgan. Xususan, 4 ming 305 nafar aholi istiqomat qiladigan “Yangiyo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida tomorqachilik mahallaning o‘sish nuqtasi sifatida belgilangan bo‘lib, ilg‘or tajribalar to‘plangan. Bu yerda aksariyat xonadon limon va pista yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, ikki yuzdan ortiq aholi tomorqasida issiqxona bor. Joriy yilning o‘tgan davrida 24 ta oilada limonchilik yo‘nalishida yangi issiqxonalar tashkil etildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Umidjon Musayevning aytishicha, hududda 47 gektar tomorqa maydoni bo‘lib, yangiyo‘lliklar yerni juda qadrlashadi. Bu yerda birorta bekorchi kishini uchratmaysiz, barcha o‘z tomorqasidagi yumushlar bilan band.

Zikrillo Rahmonov xonadoniga kirib borarkanmiz, u kishi bizni samimiy kutib oldi. Tomorqaning haqiqiy mirishkori bilan suhbatimiz ancha qizidi. U oila-a’zolari bilan kaftdek yerdan yilning to‘rt faslida ham yaxshi daromad olib keladi. E’tiborli jihati, pista ko‘chati parvarishlashda bu oilaga yetadigani yo‘q.

– Bu “Do‘lana”, “Akbariy”, “Ahmadiy” navli xondon pistani ekkanimga 15 yil bo‘ldi, – deydi u. – O‘n yildan buyon hosil beradi, shu bilan birgalikda har yili 10 ming tupga yaqin pista ko‘chati yetishtiramiz. Hozirga qadar 200 million so‘mlik ko‘chat sotdik. Ko‘pchilik pista daraxti uzoq yilda hosilga kiradi deb o‘ylaydi. Ammo bizning ko‘chatlarimiz 3-4 yilda meva beradi. Pista danaklaridan unib chiqqan nihollarga navdor pistalardan olingan shoh va kurtaklarni payvandlash muhim hisoblanadi. Erta bahorda “iskana”, yoz mavsumida “kurtak” usulda ulash maqsadga muvofiq.

Pista ko‘chatini yetishtirish ancha e’tibor talab qiladi. Xonadondagi olti sotix issiqxonada limon yetishtirilmoqda. Limonchilik ham serdaromad bo‘lmoqda. O‘tgan yildan olingan daromad salmog‘i 80 million so‘mdan oshdi. Kichik issiqxonada pista va limon ko‘chatlari tayyorlanadi. Parrandachilik, sut va go‘sht yo‘nalishlarida chorvalar boquvga qo‘yilgani ham oila daromadi, farovonligining mahsuli. Oltmishni qoralagan, oddiy va samimiy bir gapirib o‘n kulgan Zikrillo aka nafaqada bo‘lsada qo‘lidan ketmon tushgani yo‘q. Pista ko‘chatchiligi, limonchilik borasidagi ish tajribalari bilan o‘rtoqlashib charchamaydi. Ota ish amallaridan ibrat olgan oila yoshlari suv yo‘llarini tartibga keltirish, ekinlar tagini yumshatish, mevali daraxtlarga shakl berish singari bahor yumushlari bilan andarmon.
Tomorqadan olingan daromad tufayli ro‘zg‘ori but, to‘ylar qildi, uylar soldi. Eng so‘nggi rusumdagi avtomashinani minib yurgani ham mehnat ortidan, albatta. bugungi kunda bu kabi oilalardan ibrat olib, mahallada tomorqasidan oqilona foydalanayotganlar safi tobora kengayib bormoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA