Tomorqachilik tajribasi ommalashtiriladi
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘plab muhim masalalar deputatlar muhokamasiga qo‘yildi. Sessiya kun tartibiga ko‘ra, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining doimiy komissiyalar tarkiblari ham tasdiqlandi.
Ish yuritish yo‘riqnomasi, kotibiyati to‘g‘risidagi nizom ham o‘z tasdig‘ini topdi. Shuningdek, viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga nomzod N.Normirzayevaning 2025 yilda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish va oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ishsiz ayollar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan maqsadli chora-tadbirlar dasturi taqdim qilindi.


Unga ko‘ra, joylarda tomorqachilik bo‘yicha 1 mingta ilg‘or xonadonga daromadi kam bo‘lgan 3 ming 200 ta xonadon biriktiriladi. Shu orqali ularning daromadini oshirish, migratsiyada bo‘lgan kam daromadli xotin-qizlarni Vatanga qaytarish va foydali ishga jalb qilish, biznesni kengaytirish istagidagi 1 ming 296 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash chorasi ko‘riladi.



Sessiya yakunida taqdimotda belgilangan chora-tadbirlarni saylangan okruglarda bajarilishida amaliy yordam ko‘rsatish tavsiya etildi. Barcha ko‘rilgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar tinglanib, takliflar ishlab chiqildi.
A.Musayev, O‘zA