Tomorqachilik klasteri oilalarga ko‘makdosh
Tomorqachilik oilalar farovonligining muhim omili hisoblanadi. Kaftdek yerdan oqilona foydalanib, salmoqli daromad olayotganlar anchagina.
Farg‘ona viloyatidagi ko‘plab mahallalarda bu borada katta tajriba to‘plangan. Ayniqsa, tomorqachilik klasterlarining tashkil etilishi yaxshi samara bermoqda. Buning natijasida, avvalo, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, har bir qarich yerning qadriga yetish ko‘nikmalari shakllantirilyapti, shu bilan birga, ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanib, ularning doimiy daromad manbai yaratilmoqda.
Rishton tumanining “Birlashgan” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan tomorqachilik klasterining tashkil etilganiga endigina ikki yil bo‘ldi. Bu yerda qisqa davrda yaxshi natijalarga erishildi. bugungi kunda mazkur klaster tomonidan 2 ta 7 sotixli issiqxona tashkil qilingan bo‘lib, limon, apelsin, greypfrut va mandarin o‘simliklari parvarishlanmoqda. Joriy yilda ko‘chatlar 4 yoshga to‘ldi. Limon ko‘chatlarining har bir tupidan 50-60 kilogramm, umumiy miqdorda 8-9 tonna sara hosil yig‘ishtirib olish ko‘zlangan. Dehqonlar mandarin va apelsin ko‘chatlari ham bu yil 40-45 kilogrammdan hosil berishini aytmoqda. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich oshib boradi, albatta.

– Yerni boqsang, yer elni boqadi, degan naql zamirida katta ma’no bor. Xalqimiz yerdan foydalanish, mo‘may daromad olish hadisini olgan. Faqat ularning boshini biriktirib, ma’lum yo‘nalishga solish zarur, – deydi ish boshqaruvchi Vohidjon Rahimov. – Sitrus mevalarni o‘zimizda ham yetishtirish, hatto eksport qilish mumkinligiga ilgari ko‘pchilik ishonmasdi. Mana, ko‘rib turganingizdek, qilingan mehnat o‘z samarasini bermoqda. Deyarli har kuni atrof qishloqlardan odamlar kelib, ko‘rib, o‘rganib ketishadi. Qo‘limizdan kelganicha amaliy yordam beramiz.
Issiqxonada baravj rivojlanayotgan bir qancha uzum toklari e’tiborni tortadi. “Erta bahorda ularning yangi ungan barglarini terib, kovatok uchun sotish mumkin”, deydi Vohidjon aka hayronligimizni sezgandek.
Ahamiyatlisi, mazkur tomorqachilik klasterida sitrus mevalarni ko‘paytirish va aholini bilim-ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv markazi ham tashkil qilingan. Hozirgi kunda tomorqa klasterida 2 ta minitraktor, 10 ta motokultivator, 2 ta yuk tashuvchi transport mavjud. Ular yordamida agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshiriladi.

– 500 tonna sig‘imga ega sovitkich ham tashkil qilganmiz. O‘z xo‘jaligimizda yetishtirgan sabzavot ekinlarini saqlashni rejalashtirganmiz. 20 gektar maydonga sabzi ekkanmiz. Joyga qarab aholi tomonidan yetishtirilgan sabzi, olma kabi mahsulotlarni saqlab berishni ham ko‘zlayapmiz, – deydi klaster rahbari Isomiddin O‘rinboyev. – Omborlarimizda ming tonna bug‘doy turibdi. Shu kunlarda turkiyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda un ishlab chiqarish sexini ishga tushirish harakatidamiz. Aholini sifatli va nisbatan arzon un bilan ta’minlash, keyingi yillardan eksport qilishni maqsad qilganmiz.
Bu yerda hozircha 12 nafar yoshlar doimiy ish bilan band. Sovitkich va un sexlari ishga tushishi bilan yana o‘nlab qishloq yoshlari ishli, daromadli bo‘ladi. Joriy yilda klaster tomonidan parrandachilikni rivojlantirish maqsadida aholi xonadonlariga jami 20 ming dona jo‘jalar yetkazib berilgan. Ayni kunlarda ularning yarmi tuxum bera boshladi. Bu yo‘nalishda ham o‘ziga yarasha rejalar tuzilgan. Tumanda faoliyati ko‘zga ko‘rina boshlagan mazkur tomorqachilik klasteri jamoasi bir olam ezgu maqsadlar yo‘lida ter to‘kmoqda. Bu sa’y-harakatlar aholining qiziqishini oshirib, tomorqachilikka nisbatan ilmiy yondashishiga zamin yaratmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA