Tomorqa yer maydoni kichik bo‘lsada, daromadi yuqori
Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Aslida oziq-ovqat yetishtirish va yuqori o‘sish ko‘rsatkichlariga erishishda tomorqachilikning alohida o‘rni bor. Hozirda aholi ixtiyorida 509 ming gektar tomorqa mavjudligini hisobga olsak, ular orqali ro‘zg‘orga baraka, ham ichki bozorga qo‘shimcha mahsulot kiradi.
Tizimdagi islohotlardan ko‘zlangan maqsad aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, har bir mahallaning tuproq–iqlim sharoitini inobatga olgan holda ekinlarni joylashtirish, yiliga 2-3 marta hosil olish orqali mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsad qilingan. Shunga mos ravishda amaliy chora-tadbirlar qo‘llanilib, har bir hududda ishlar faol davom ettirilyapti. Natijada, yurtimizda yetishtirilayotgan kartoshkaning 84 foizi, sabzavot mahsulotlarining 71 foizi, poliz, uzum va mevalarning 55—60 foizi, chorvachilik mahsulotlarining 94 foizdan ortig‘i aholi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu boradagi samaradorlik yildan yilga oshib borayotgani quvonarli. 2022 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishning hududiy dasturiga ko‘ra, bahorda aholi tomorqalaridagi 383 ming gektardan ortiq yerga ekinlar ekildi. Uzumchilikka ixtisoslashgan 48 ta tumanidagi xonadonlarda 16 million dona uzum ko‘chati o‘tkazildi. Hududlardagi 37,4 ming xonadonning 678 gektar tomorqa yer maydoniga ixcham issiqxonalar qurilib, tomorqalardan 2-3 marta hosil olish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, Respublika bo‘yicha joriy yilda 133,3 mingdan ortiq xonadonlarning jami 1735 gektar tomorqa yer maydonlariga ixcham issiqxonalar qurish belgilangan bo‘lib, hisobot davrida 79,5 ming xonadonda (5,9 ming gektar) ixcham issiqxonalar tashkil etildi.
Yurtdoshlarimiz orasida tomorqachilik bilan shug‘ullanuvchi insonlar soni tobora ortib boryapti. Tabiiyki, ularning ko‘pchiligi ish avvalida moliyaviy ko‘makka ehtiyoj sezadi. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va uning qoshidagi jamg‘armaning asosiy faoliyat yo‘nalishi tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lgani holda, tomorqachilarga muntazam ravishda kreditlar ajratib kelinyapti. O‘tgan uch yil davomida jamg‘arma mablag‘laridan talabgorlarga 761 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, shundan 48 foizdan ko‘pi tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Qayd etish kerakki, yer egalariga kam xarajat qilib, ko‘proq daromad olishga ko‘maklashish, moliyaviy yordamlar ko‘rsatishda hududlarda tashkil etilayotgan «Tomorqa xizmati» MCHJlarning alohida o‘rni bor. Ular ko‘magida 82 mingdan ortiq xonadonning 25,5 ming gektar tomorqasi shudgorlandi, 416 tonna sabzavot urug‘i, 5,9 million dona mevali ko‘chat hamda 46 ming xonadonga piyoz va sarimsoqpiyoz urug‘lari yetkazib berildi. 15,5 ming xonadon ixcham issiqxona, 3,2 mingta xonadon asalari uyasi va 29 mingdan ortiq oila quyon, kurka, parranda, qoramol va qo‘yga ega bo‘ldi. Bular kam ta’minlangan oilalarga shartnoma asosida tarqatiladi. Yetishtirilgan hosilni «Tomorqa xizmati» MCHJlarning o‘zi xarid qiladi.
Mahsulotlarni tizimli xarid qilish, saqlash, saralash, qadoqlash, quritish, qayta ishlash, ichki va tashqi bozorlarga sotishni tashkil etish maqsadida kengash huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hamda tijorat banklari imtiyozli kreditlari hisobidan «Tomorqa xizmati» MCHJlarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. O‘tgan 6 oyda 44 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada korxonalar balansiga har xil rusumdagi traktorlar, qishloq xo‘jalik agregatlari, yuk tashish mashinalari, kimyoviy ishlov berish apparatlari qo‘shilib, meva-sabzavotlarni sovitish va saqlash omborlari, mevani saralash, qadoqlash, quritish va qayta ishlash liniyalari ishga tushirildi.
Yurtimizda «bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida mahsulot yetishtirish ommalashmoqda. Joriy yilda ana shunday mahallalar sonini 4109 taga yetkazish bo‘yicha manzilli ro‘yxatlar shakllantirilgan. 1 iyulgacha 3051 ta mahalla, jumladan, Farg‘ona tumanida 5 ta mahalla malinachilikka, Asaka tumanidagi 10 ta mahalla issiqxonada sabzavot yetishtirishga, Sherobod tumanida 15 ta mahalla anorchilikka, Paxtachi tumanida 18 ta mahalla issiqxonachilikka, Romitan tumanida 12 ta mahalla meva-sabzavotchilikka ixtisoslashdi.
Afsuski, turli omillar sabab hosildorlik har doim ham kutilgandek bo‘lmaydi. Dehqonchilikda, ayniqsa, suv masalasi eng katta muammolardan biri. Ko‘chat yoki urug‘lar, zarur agrotexnikalar yetarli bo‘lsayu, suv bo‘lmasa, ko‘zlangan natijaga erishish qiyin. Shu bois, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyuldagi tegishli qaroriga asosan suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orishda vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash uchun subsidiyalar ajratish belgilangan. 2022 yilda artezian quduqlarni burg‘ulab ishga tushirgan 399 nafar talabgorga Davlat byudjetidan 31,5 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. Natijada suv ta’minoti og‘ir hududlardagi 197 ta MFYlardagi 8,3 mingdan ortiq fuqaroga tegishli 900 gektardan ortiq tomorqa maydonlarini suv bilan ta’minlash va bu yerlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish imkoniyati yaratildi.
Misol uchun, farg‘onalik Sanobar Tursunova gulchilikni kasb qilgan. 14 sotix tomorqaning 6 sotixida issiqxona qurib, unda 250 turdan ortiq gulni parvarishlamoqda. Opa o‘tgan yili 75 million so‘m daromad qildi. Bu yil daromadini 100 millionga oshirishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, 60 tup uzum ko‘chati, 2 tonnadan ortiq uzum yetishtiradi. Bundan yiliga 35—40 million so‘m daromad olmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida istiqomat qiladigan Aktam Allayev 10 sotix tomorqadan yiliga 75—80 million so‘m daromad ko‘rayotgan mirishkorlardan. Tajribali dehqon xonadonida 300 tup tok ko‘chati bor. O‘tgan yili shundan 3 tonna hosil olgan, bu yil 5 tonnani mo‘ljallamoqda. Aktam aka issiqxonada sabzavotlar yetishtirish bilan bir vaqtda tok ko‘chatlari ham tayyorlaydi.
Namanganlik Dilshodbek Ne’matov ham xonadonidagi yerni sira bo‘sh qoldirmaydi. Mavjud 7 sotix tomorqasida issiqxona tashkil etib, unda sabzavotchilik, ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘ygan. 50 bosh parrandasi ham bor. Yiliga 50—55 million so‘m daromad qilmoqda.
Hududlarimizda shu kabi usta dehqonlar, namunali tomorqachilar ko‘p. Odamlarning tomorqadan foydalanish ko‘nikmasi ham, tajribasi ham oshib bormoqda. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, tomorqani bo‘sh tashlab qo‘ygan, undan yaxshi daromad ko‘rolmayotgan insonlar ham yo‘q emas. Davlatimiz rahbari tomonidan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga tajribali mirishkorlar ishtirokida aholiga bozorbop ekinlar yetishtirishni o‘rgatish va ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berilgani bu borada ayni muddao bo‘ldi.
Hududiy kengashlar xodimlari mahalladagi hokim yordamchilari bilan birgalikda yurtimizning barcha hududlarida o‘rganish, targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borib, «Namunali tomorqachi»lar tajribasini ko‘rgazmali seminarlar orqali ommalashtirmoqda. Joriy yilning mart oyida Qashqadaryo, Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlariga Farg‘ona, Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridan mingdan ortiq tajribali dehqonlar hamda namunali tomorqachilar kelib, tajriba almashib, targ‘ibot va uslubiy tavsiyalari bilan bo‘lishdi.
Hududlarda 59,9 mingta salohiyatli fermer xo‘jaliklari o‘zlarining tuman yoki mahallasida yashovchi, tomorqasidan samarasiz foydalanayotgan, kam ta’minlangan 647 ming nafar fuqarolar hamda fermer xo‘jaliklari ishchilariga biriktirilib, aholining 2,7 ming gektar tomorqa yer maydonlari ekish uchun tayyorlab berildi, 25,2 ming gektar maydonga turli xil ekinlar ekishga ko‘maklashildi. Jumladan, 25,3 tonna urug‘lik, 513 ming mevali daraxt ko‘chatlari, 1 million 895 ming dona sabzavot ko‘chatlari, shuningdek, jo‘ja, qoramol, asalari uyalari biriktirilgan fuqarolarga tarqatildi.
Xalqimiz azaldan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgani rost, biroq bugun sohaga yangi texnologiyalar kirib kelmoqda. Biz bu borada yer egalariga maslahatlar berish, kam xarajat qilib, ko‘proq daromad olishga ko‘maklashish, moliyaviy yordamlar ko‘rsatishni maqsad qilganmiz. Kengash mutaxassislari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda aholi tomorqa yerlarida innovatsion yondoshuvlar asosida kichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy texnologik xaritalar yaratildi. Aholi xonadonlarida parranda, quyon, qo‘y va echki, asalari uyalari, intensiv usulda baliq boqish, ixcham issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha texnologik tavsiyalar ishlab chiqildi. Shular asosida qo‘llanma tayyorlanib, 33 ming nusxada chop etildi. Elektron shakli esa Kengashning rasmiy veb saytiga joylashtirildi.
Joriy yilning shu davriga qadar Kengash huzuridagi «Qishloq biznesi uchun maslahat markazi», «Quva tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy markazi» va hududlardagi «Tomorqa ko‘chatchiligi va maslahat markazlari» orqali yangi innovatsion, resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish yuzasidan 4 ming nafarдан ortiq tomorqachilar o‘qitilib, ularga uslubiy amaliy yordam ko‘rsatib kelinyapti.
Faxriddin SUYUNOV,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i