Tomchilatib sug‘orish: qulay va tejamkor
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy intensiv bog‘lari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy intensiv bog‘lari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi, energetika va aloqa, “Norin-Sirdaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, nasos stansiyalari, bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, viloyat Fermerlar kengashi, ularga xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar mas’ul xodimlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida aholining oziq-ovqat, xususan, meva mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, narx-navoning barqarorligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirib borish maqsadida kichik va yarim kichik bo‘yli intensiv bog‘lar barpo etishga e’tibor qaratilayotgani bog‘dorchilikning yanada istiqbolli sohaga aylanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ishtirokchilar “Kosonsoy intensiv bog‘lari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida intensiv bog‘ yaratish va uni parvarishlashda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish borasida erishilayotgan yutuqlar bilan tanishdi.
Intensiv bog‘dorchilikka ixtisoslashgan mazkur xo‘jalik joriy yilda tashkil etilgan bo‘lib, suv taqchil, paxtachilikda hosildorligi past 285 gektar maydonni o‘z tasarrufiga olgan. Erta bahorda xo‘jalik yerlariga Gretsiya va Polsha davlatlaridan keltirilgan 207 ming tup shaftoli, 20 ming tup o‘rik ko‘chati o‘tqazilib, pakana va yarim pakana, erta hosilga kiradigan intensiv bog‘ yaratildi. Ushbu loyiha doirasida 30 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi, 150 nafar kishi mavsumiy ish bilan ta’minlandi.
Yangi bog‘ni parvarishlashda, ayniqsa, suvdan omilkorlik bilan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Chunonchi, endilikda o‘rnida bog‘ yaratilgan ushbu 300 gektarga yaqin maydon ilgari to‘rtta katta nasos tizimi yordamida sug‘orilar va bu katta sarf-xarajat, mahsulot tannarxining qimmatlashuvi, suv isrofgarchiligining oshib ketishiga sabab bo‘lar edi. Eng achinarlisi, hosil taqdiri hal bo‘ladigan dolzarb yoz mavsumida suv yetishmovchiligi muammosi yuzaga kelardi.
– Shunday muammolarni bartaraf etish, kam mablag‘ va mehnat sarflab yuqori hosil olish maqsadida bog‘da Isroil texnologiyasi bo‘yicha tomchilatib sug‘orish usulini joriy etdik, – deydi “Kosonsoy intensiv bog‘lari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sa’dulla To‘raxo‘jayev. – Bu texnologiya suv sarfini 60 foizga kamaytiradi. Shuningdek, bog‘ oralab ariq qazish, ularni har yili tozalab turish, meva daraxtlarini o‘g‘itlash va dorilash kabi ishlarda ham mehnat va vaqtni tejash imkonini beradi.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun bog‘ maydonlari atrofiga yerosti quvurlari, ko‘chatlar qatori ustidan esa yumshoq egiluvchan polimer shlanglar tarmog‘i tortildi. 180x80 metr o‘lchamdagi suv havzasi qurilib, suvni kanaldan tortib olish, tozalash va sug‘orish tarmoqlariga uzatib berish qurilmalari ishga tushirildi. Natijada soatiga 80-100 litr suv bilan butun xo‘jalik bog‘larini bir maromda sug‘orish, o‘g‘itlash va dorilash imkoniyati yaratildi.