To‘lovlardan qochmoqchi bo‘lgandi...
Buxoro viloyati Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona to‘lovlaridan qochishga bo‘lgan yana bir urinish bartaraf etildi. “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona posti va “Buxoro” TIF bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda ishlagan Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari katta miqdordagi polietilen granulalariga tegishli TIF TN kodlari bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida o‘zgartirilganligiga shubha qilishdi.
Gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi natijasida esa, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan 264000 kg.ga teng bo‘lgan “Polietilen granula” tovarlari borligi tasdiqlandi.

Aslida qo‘shimcha 400 million so‘m miqdordagi bojxona to‘lovlaridan qochishga bo‘lgan urinish umumiy qiymati 6 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan tovarlarning vaqtincha saqlovga olinishiga sabab bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: Buxoro viloyati Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan xuddi shu kabi holat joriy yilning sentyabr oyi davomida yana ikki marotaba qayd etilgan. Qiymati 1 milliarddan ortiq bo‘lgan “Polietilen granula” tovarlarining bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tilishi yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri