Tojikistonning Sug‘d viloyati markazi Xo‘jand shahrida «Alisher Navoiy merosi – beqiyos ma’naviy xazina» deb atalgan adabiy-madaniy kecha bo‘lib o‘tdi. Mir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlangan mazkur kecha O‘zbekistonning «Vatandoshlar» jamoat fondi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining Tojikistondagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazildi.
Kechada Alisher Navoiyning olamshumul ijodi muxlislari - faqat Xo‘janddangina emas, balki viloyatning boshqa shahar va qishloqlaridan kelgan turli kasb egalari, turli yoshdagi kishilar ishtirok etishdi.
O‘zbekistondagi kabi Tojikistonda ham Alisher Navoiy hayoti va ijodi keng o‘rganiladi. Hozirda akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat dorilfununi o‘zbek filologiyasi adabiyotshunos va tilshunos olimlari ustozlari – filologiya fanlari doktorlari marhum Ergashali Shodiyev va Abdusalom Abduqodirovning Alisher Navoiy ijodini o‘rganish borasidagi ishlarini davom ettirishmoqda.

Tojikistonda mavlono Abdurahmon Jomiy kabi Mir Alisher Navoiyga ham yuksak ehtirom ko‘rsatiladi. Mamlakat poytaxti Dushanbe shahrida Alisher Navoiy nomli muhtasham bog‘ bor. Bog‘da ustoz-shogird, ikki qadrdon do‘st, ikki shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykallari o‘rnatilgan. Tojikistonda bir necha maktab va ko‘cha Alisher Navoiy nomiga qo‘yilgan.
Adabiy-madaniy kecha qatnashchilari «Vatandoshlar» jamoatchilik fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattorov, adabiyotshunos olim, professor Bahodir Karim, o‘zbekistonlik taniqli ijodkorlar Shodmonqul Salom, Fozil Farhodlarning Alisher Navoiy haqidagi sermazmun chiqishlarini katta qiziqish bilan tinglashdi.
Kechada Alisher Navoiyning o‘zbek tili bilan birga Foniy taxallusi ostida tojik tilida ham ijod qilgani, ustoz-shogird tamal toshi qo‘ygan ikki xalq orasidagi do‘stlik tobora mustahkamlanayotgani borasida ham so‘z bordi.

«Men Alisher Navoiyni yaxshi o‘rgana olmaganimga afsusdaman. Navoiyni bolalikdan va bir umr o‘rganish zarur aslida», dedi tojikistonlik shoir, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zosi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zosi Sultonmurod Hojiboyev.
Kechada Alisher Navoiyga bag‘ishlangan she’rlar o‘qildi. O‘zbekistonning mashhur «Lazgi» ansamblidan tashrif buyurgan san’atkorlar Alisher Navoiy g‘azallariga bastalangan ashulalarni ijro etishdi. Maktab o‘quvchilari Alisher Navoiy hayotiga bag‘ishlangan asarlar asosida tayyorlangan sahnachalarni ko‘rsatishdi.

«Vatandoshlar» jamoatchilik fondi tomonidan Tojikistondagi beshta o‘zbek maktabiga 300 ta kitob taqdim etildi.
«Biz avvalo Mir Alisher Navoiyga bag‘ishlangan yoddan o‘chmas kechani tashkil etishgani va hech bir narsaga almashtirish mumkin bo‘lmagan bebaho xazina – qimmatbaho kitoblar taqdim qilishgani uchun «Vatandoshlar» jamoat fondidan behad minnatdormiz. Bu kitoblardan faqat bizning maktabgina emas, balki qo‘shni qishloqlardagi maktablar o‘qituvchilari va o‘quvchilari ham bahramand bo‘lishadi. Bu kitoblar Tojikistonda yashayotgan o‘zbeklar orasida kitobxonlar sonining yanada ko‘payishiga ishonchim komil», dedi Mastchoh tumanidagi 39-o‘rta umumta’lim muassasasi o‘qituvchisi, bolalar shoiri Erali Jiyanboyev.
O‘rinboy USMON,
O‘zA