Tojikistonlik xonanda va bloger Abduroziq Bollivud filmida rol o‘ynashga taklif qilindi. “Xovar” axborot agentligining Daily Pakistan gazetasiga tayanib xabar berishicha, Abduroziq Hind rejissyori Farhod Samjining «Kabhi Eid Kabhi Diwali» kartinasida Bollivudning mashhur aktyori Salmon Xon bilan birga asosiy rollardan birini o‘ynaydi. Xabarda yozilishicha, film nomi «Bhaijaan» (Aka) deb o‘zgartirilishi ham mumkin.
«Kabxi Id Kabxi Divali» «Ba’zida bayram, ba’zida Divali» ma’nosini bildiradi. Ushbu komediyali jangari filmga «Salman Khan Films» va «Nadiadwala Grandvert Entertainment» prodyuserlik qilmoqda. Unda Salmon Xonning o‘zi hamda Puja Xegde, Venkatesh, Jagapati Babular rol o‘ynaydi. Shu yil dekabrda prokatga chiqarilishi mo‘ljallanayotgan film 2014 yilda chiqqan tamilcha «Viram» kartinasining remeyki hisoblanadi.
Daily Pakistan gazetasining yozishicha, Abduroziq Hindistonning mashhur aktyori Salmon Xon bilan bir filmda rol o‘ynashni avval tasavvur ham qilmagan ekan.
«Men shunchalik baxtli va hayajondamanki, bir kun kelib Salmon Xondek yulduz bilan birga suratga tushaman deb orzu ham qilmagandim. Ular bekorga meni tanlamaganini isbotlash uchun qattiq ishlayman», – deydi u.
Tojikistonlik bloger va musiqachi BAAning 10 yillik oltin vizasiga ham ega. Uning Instagramda o‘z sahifasi bor. Prodyuser Baron va uning AVLOD MEDIA kompaniyasi bilan hamkorlik qilib keladi. Abduroziqning 2019 yilda ijro etgan “Ohi dili zor” qo‘shig‘ini yutubda 4,5 million kishi tomosha qilgan.
Abduroziq 2003 yilda Sug‘d viloyatining Panjikent tumanida tug‘ilgan.
Hozir u internetni shiddat bilan zabt etmoqda, dunyoning mashhur blogerlari va sportchilari bilan tanishmoqda va turli ko‘pmillatli auditoriyalarning qiziqishini oshirmoqda.
Boshida Abduroziq o‘z mamlakatida nafaqat noodatiy ko‘rinishi va bolalarcha quvnoqligi bilan, balki Xudo bergan musiqachilik iqtidori va u ishtirok etgan videolarning namoyishi bilan ham mashhur bo‘ldi.
Hozir uning Instagram sahifasiga 822 ming kishi a’zo bo‘lgan, YouTubeda namoyish qilingan videolari esa millionlab tomosha qilinmoqda. Endi esa u dunyo shou-biznesining haqli ravishda ishtirokchisiga aylanmoqda.
“Abduroziqning eshitish va ijro etish qobiliyati zo‘r, ajoyib ovozga ega va 2019 yildan buyon qo‘shiqlarini yozib keladi, tadbirlarda ishtirok etadi. So‘nggi paytlarda blogerlikka qattiq berilgan va ushbu yo‘nalishda ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda, ya’ni yulduzlik kar’erasini boshlamoqda”, deb yozadi “Xovar” agentligi.
Bir qarashda jussasi kichkina bo‘lgani bilan Abduroziqning orzulari katta. Ulardan biri Panjikentda sayyohlar uchun mehmonxona qurish. Hozircha esa u o‘z uyini va unchalik katta bo‘lmagan restoranini qurish bilan band. Muhimi, Abduroziq hozir oilasining haqiqiy boquvchisiga aylangan.
Agentlikning ta’kidlashicha, Abduroziq hali ko‘p muvaffaqiyatlarga erishadi va orzulari ushalishiga ham imkoniyat yetarli. Qolaversa, shubhasiz u ham nasib bo‘lsa mamlakatni dunyoga mashhur qilayotgan Tojik farzandlarining biriga aylanadi, deyiladi mazkur maqolada.
Internet materiallari asosida S.Rahimov tayyorladi, O‘zA