Tojikiston teatri Samarqand mehmoni
Samarqandga Tojikistondagi Sadriddin Ayniy nomli opera va balet akademik teatri ijodiy safar bilan keldi.
Samarqandga Tojikistondagi Sadriddin Ayniy nomli opera va balet akademik teatri ijodiy safar bilan keldi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston respublikalari o‘rtasida mustahkamlanayotgan hamkorlik aloqalari madaniy sohasida ham rivojlandi. Ikki davlat madaniyat vazirliklari tashabbusi bilan 2018 yilning oktabr oyida Tojikiston teatr jamoasi Samarqandga gastrol safari bilan kelgan bo‘lsa, dekabrda samarqandlik teatr ijodkorlari Sug‘dda o‘z spektakllarini namoyish etgan edi.
Bu gal Samarqandga kelgan teatr jamoasi so‘nggi bor 1978 yilda bu qadimiy shahar teatrida o‘z asarini tomoshabinlar hukmiga havola etgan. Oradan 41 yil o‘tgach, ular yana Samarqand mehmon bo‘ldi.
– Avvalo, mehmondo‘stlik va tojik teatriga bo‘lgan yuksak hurmat uchun samarqandliklarga minnatdorlik bildiramiz, – deydi Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston opera va balet akademik teatri direktori o‘rinbosari, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sodiq Nurullaev. – Samarqandga bu gal bolalarga mo‘ljallangan “Jingalak tuyoqli echkicha” nomli musiqali ertak hamda “Maysaraning ishi” operettasini namoyish etish uchun keldik. Bu asarlarimiz tomoshabinlarga manzur bo‘lganidan xursandmiz.
Samarqand viloyati musiqali drama teatri 2020 yilning aprel oyida Tojikistonga gastrolda bo‘lishi rejalashtirilgan.