Tojikiston Prezidenti bilan uchrashuv
Dushanbe shahriga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan qabul qilindi.
Vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga yo‘llagan maktubini topshirdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining dolzarb masalalari, oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyodagi davlatlaro hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Eksport ko‘lamini kengaytirish, yangi transport yo‘laklari ochish va mintaqaviy bozorlarni o‘zlashtirish imkoniyati batafsil muhokama qilindi.
Uchrashuvda oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvali, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati