Hindiston 2036 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritsa, dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri hisoblangan Toj Mahal Olimpiya o‘yinlarining ramzlaridan biriga aylanishi ehtimoldan yiroq emas.
Bu haqda "Times of India" nashri xabar tarqatdi. Unda aytilishicha, Toj Mahal majmuasi joylashgan Agra shahri Olimpiya o‘yinlarining musobaqa va tadbirlari o‘tkaziladigan mamlakatdagi 3 ta yirik shaharlardan biri bo‘lishi belgilanmoqda. Bu, Hindiston to‘rt yillik o‘yinlarni tashkil etish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini mustahkamlaganini anglatmoqda.
Hindiston 2036 yilgi Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilish arizasini Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining (XOQ) Kelajakdagi mezbonlar komissiyasiga joriy yil oktyabr oyida taqdim etgandi. Dastlab 132 ming o‘rinli Narendra Modi stadioniga ega Ahmadobod va mamlakatning moliyaviy markazi Mumbay Olimpiada tadbirlari o‘tadigan asosiy shaharlar sifatida ko‘rsatilgandi. Endi ular safiga Hindiston ramzi sanaladigan Toj Mahal yodgorligiga ega Agra ham qo‘shilishi mumkin. Dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri – Toj Mahalni 2036 yilgi Olimpiya o‘yinlari ramziga aylantirish sa’y-harakati amalga oshsa, bu nafaqat Hindiston madaniy merosini, balki ulug‘ bobokalonlarimiz temuriylar, boburiylarning boy merosi, qadriyatlari jahon miqyosida ulug‘lanishiga ham xizmat qilishi bilan qadrlidir.
Aytish lozim, 2036 yilgi Olimpiya o‘yinlarini qabul qilish borasida Hindiston harakati Tokio olimpiadasidan avval boshlangan bo‘lib, rasman 2023 yili Mumbay shahrida o‘tgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 141-sessiyasida e’lon qilindi. O‘tgan yillar davomida Hindiston olimpiya assotsiatsiyasi bu borada XOQ bilan bir necha bor strategik muhokamalar o‘tkazdi. Hozirda 2026 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini qabul qilishga Indoneziya, Turkiya va Chili davlatlari nomzod sanaladi. XOQning 2036 yilgi Olimpiadani qabul qiladigan mamlakat haqidagi qarori 2025 yildan keyin qabul qilinadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA