Tog‘li qishloqlarda oltin kuz tarovati
Go‘zal tabiati manzaralari bilan insonni maftun etadigan Surxondaryo viloyatida oltin kuz tarovati qalblarga orom, ko‘ngillarga shukronalik ulashmoqda. Mo‘’tadil kuz havosi ko‘ngillarni yayratmoqda.
Ona tabiat shu kunlarda Oltinsoy tumanidagi tog‘li Vaxshivor, To‘xtamish, Chinor mahallalariga ham tillarang zeb berdi. So‘fi Olloyor, Muhammad Zohid kabi ulug‘ zotlar mangu qo‘nim topgan so‘lim bu go‘sha maftunkor tabiat manzaralari, boldek shirin uzum va mevalari, shifobaxsh giyoh va asallari bilan ham shuhrat qozongan.



Kuz faslining salqin nafasi esayotgan ayni damda pishib-yetilgan mevalari terib-yig‘ib olingan dov-daraxtlar bargi oltin tusda tovlanib, tevarak-atrofga o‘zgacha fayz ulashadi. Siru sinoatga to‘la musavvir tabiat Cho‘libayir tog‘i etaklaridagi osuda, farovon va to‘kin hayot haqida yana go‘zal tasvirlar yaratayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri