Tog‘li qishloqda yangi sport koshonasi
Qalblarga surur bag‘ishlayotgan Navro‘zi olam kunlarida mehnatsevar xalqimizning bunyodkorlik salohiyati ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani Iskovot qishlog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashabbusi bilan viloyat "Yosh gvardiyachilar" bolalar-o‘smirlar sport maktabi foydalanishga topshirildi.

Salkam 11 milliard so‘m evaziga maktabning stadioni, mavjud binolari rekonstruksiya qilinib, yosh sportchilar uchun muhtasham sport zal, boks bilan shug‘ullanish uchun zal, ma’muriyat, murabbiylar uchun bino, yechinish va yuvinish xonalari barpo etildi.
Oddiy qishloqda katta shaharlardagi singari sport inshootlarining qurilishi yurtimizda yoshlar siyosati borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani samarasi bo‘lib, bu ertamiz egalarining jismonan chiniqishlari, xalqaro arenalardagi muvaffaqiyatlariga yana bir zamindir.

Sport maktabining tantanali ochilish marosimida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbari o‘rinbosari Amirtemurxon Musayev, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, Milliy gvardiya Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Hamidullo Mamatov, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Bahodir Inog‘omov ishtirok etdi.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, viloyat sport boshqarmasi qoshidagi o‘zbek jang san’ati ustalari hamda sport maktabi o‘quvchilarining chiqishlari tadbirga yanada ko‘tarinki ruh kiritdi.
Ma’lumot o‘rnida: yangi sport maktabida sportning Olimpiya va milliy turlari bo‘yicha o‘ndan ortiq sport seksiyalari faoliyat yuritib, ularga mingdan ortiq yosh yigit-qizlar jalb etilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri