Hozirgi ob-havo sovuq kunlarda Toshkent viloyatining ayrim hududlarida gaz bosimi pasaymoqda. Bu esa aholiga birmuncha noqulayliklarni tug‘dirmoqda.
Joylarda gaz bosimining tushib ketishi tufayli aholi elektr isitish moslamalaridan tartibsiz foydalanilishi kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida yong‘in sodir bo‘lishi, is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlarga ham sabab bo‘ladi.
Soha xodimlari tomonidan mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida shu kunlarda uzluksiz ish rejimi tashkil qilingan.Ayni kunlarda energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortganligi bois, “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti viloyat filiali tomonidan ham iste’molchilarni suyultirilgan gaz bilan bir maromda va uzluksiz ta’minlash choralari kuchaytirilgan.
Ayniqsa, viloyat 12 ta tumanining olis va borish qiyin bo‘lgan qishloqlariga, ya’ni 76 ta mahalladagi 26 ming nafarga yaqin iste’molchiga ob-havoning har qanday sharoitida ham suyultirilgan gaz mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda viloyatdagi 41 ming 312 nafar abonentga har 35-40 kunda maishiy gaz ballonlari olib borilayapti. Buning uchun yetarli texnika vositalari va ishchi kuchi ajratilgan.
Mavsum boshidan buyon gaz ta’minoti bo‘limlari tomonidan iste’molchilarga belgilangan tartibda suyultirilgan gaz berilyapti. Gaz to‘ldirish shoxobchalari gazni qayta ishlab chiqarish zavodlaridan keltirilgan suyultirilgan uglevodorod gazini to‘kib olish, saqlash va maishiy gaz ballonlariga to‘ldirib berishda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatmoqda. Maqsad sovuq mavsumdan aholining xavfsiz va betalafot o‘tib olishini ta’minlashdir.
A. Musayev, O‘zA muxbiri