Ma’lumki, kuz-qish mavsumi oldidan aholining tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlanganlik darajasi soha xodimlari tomonidan o‘rganilib, mavjud muammolar bartaraf etiladi.
O‘tgan yillar davomida, tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda yashovchi aholini o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasida qator muammolar kuzatilgan. Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilib, joylarda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatning olis tog‘li hududlarida yashovchi aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz ballonlari maxsus yo‘l tanlamas “Kamaz” va “MAN” rusumli avtotransport vositalari orqali o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Jarayonda qo‘shimcha aylanma maishiy gaz ballonlari yig‘ib olinib, shu zahotiyoq iste’molchilarga gaz to‘ldirilgan boshqa gaz ballon berilmoqda. Buning natijasida iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berishda muddat 50 kundan 40-35 kungacha qisqaribgina qolmay, iqtisodiy jihatdan avtoulovlarning kunlik bosib o‘tadigan masofasi va yoqilg‘i sarfi 1,5-2 barobarga qisqarishiga erishildi. Olis tog‘li qishloq aholisi esa bundan mamnun.
[gallery-4360]
Ta’kidlash joiz, Sariosiyo tumanining tog‘li Chosh mahallasi aholisiga ham soha xodimlari tomonidan qulaylik va zarur shart-sharoitlar yaratilib kelinmoqda. Ushbu mahalla tuman markazidan 120 km uzoqlikda joylashgan. Qishloqda 292 xonadon mavjud bo‘lib, ushbu xonadonlarga “Sariosiyo tuman gaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan maishiy gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.
Viloyatda mavjud 427 mingdan ortiq maishiy gaz balloni iste’molchilarining barchasi uchun ID kartalardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA