Tog‘aytemir obod maskanga aylandi
Ikki oy oldin Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi olis hududda joylashgan Tog‘aytemir qishlog‘ida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi doirasida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari boshlanganini hikoya qilgandik.
Mahallaga oralar ekanmiz, asfalt va qum- shag‘al yotqizilgan obod ko‘chalarga guvoh bo‘ldik. Dastur doirasida mahallada 20 kilometr tuproq yo‘llarga shag‘al to‘kilibdi.
– Mana shunday dorilamon kunlarni ham ko‘rdik, – deydi 86 yoshli Tursun bobo Normo‘minov. – Ko‘chalarimiz qishda loy, yozda chang bo‘lib yotardi. Qum-shahal yotqizildi, asfalt qilindi. Aholi ham qarab turgani yo‘q. Uylarini oqlab-ko‘kladi. Aslida qishlog‘imiz hozirgi o‘rnidan pastroqda, soylikda joylashgan edi. 1962 yilning bahor oyida qattiq do‘l yog‘ib, sel keldi. Natijada ko‘p xonadonlarni sel olib ketdi. Ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgan. Juda qiyin bo‘lgandi o‘shanda. Shundan so‘ng qishloq mana shu o‘rnida qaytadan qurildi. Aslida bu yerlarda odamlar juda qadimdan buyon yashab keladi. Ota-bobolarimizdan qolgan rivoyatlarga ko‘ra, mo‘g‘ullar davrida bu yerda Tog‘aytemir ismli kishi tomonidan katta quduq qazilgan va shu-shu qishloq nomi o‘sha kishi ismiga qolib ketgan.
[gallery-14981]
Tuman markazidan 35-40 kilometr uzoqlikda joylashgan Tog‘aytemir mahallasida 2656 nafar aholi, 515 ta xonadon, 579 ta oila yashaydi. Shu kunga qadar qishloq ahli bir ish bilan murojaat qiladigan mahalla idorasi yo‘q edi. Dastur doirasida mahalla aholisiga zamon talablariga javob beradigan, ko‘rkam mahalla idorasi ham qurib berildi.
Bundan tashqari, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar sotishga mo‘ljallangan savdo rastalari qad rostladi.
Ayniqsa, mahallada joylashgan kasb-hunar maktabi binosi negizida badiiy adabiyotlarga boy kutubxonaning faoliyat boshlagani tog‘aytemirlik yoshlarni quvontirdi.
– Bugungi kunda mahallamizda juda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti, – deydi mahalladagi 5-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Husanova. – Jumladan, mana shu kutubxonaning ochilgani biz yoshlarni juda mamnun qildi. Buning uchun avvalo Yurtboshimizdan, qolaversa, viloyat, tuman rahbarlaridan juda minnatdormiz. Maktabimiz kutubxonasida badiiy adabiyotlar soni kamroq edi. Kitobxonlik tanlovlariga qatnashish uchun kerakli asarlarni o‘qiy olmasdik. Bu yerda esa istalgan adabiyotni topib o‘qish imkoni yaratildi. Kutubxona internet tarmog‘i orqali respublika kutubxonalariga ulangan. Topilmagan kitoblarni elektron shaklda o‘qiymiz. Hozirgi kunda Tohir Malikning “Alvido bolalik” asarini o‘qiyapman. Bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha badiiy adabiyotlar o‘qishga qiziqaman. Men kabi kitobsevar yoshlar uchun bu kutubxonaning ochilishi juda quvonarli voqea bo‘ldi, rosti.
Ta’kidlash lozimki, dastur doirasida “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ homiylik mablag‘lari hisobidan aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 150 metr kub ichimlik suv saqlash hovuzi qurilgani mahalla aholisini xushnud qildi. Boisi shu kunga qadar qishloq ahli uchun ichimlik suvi ta’minoti muammoligicha qolayotgan edi.
Bundan tashqari, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 157 ta temir -beton ustun, 2 ta transformator o‘rnatish va 8,4 kilometr tarmoq tortish ishlari bajarildi.
12 ta yangi xonadonga gaz ballonlar tarqatildi. Mahalla ko‘chalari bo‘ylab, 34 dona tungi yoritish chirog‘i o‘rnatildi. Hududda joylashgan “Hazrati Sher Xudo” qabristonida ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida yo‘laklar qurilib, kirish qismiga zinapoyalar qilindi. Shuningdek, mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida sport maydonchalari, “Workaut” qurildi.
Ushbu bunyodkorlik ishlarining yakuniga yetganini tog‘aytemirliklar bayramdek nishonladi. Mahallada dasturda belgilangan ishlarning yakuni munosabati bilan katta milliy kurash va ko‘pkari musobaqasi uyushtirildi.
Bayram tadbiriga viloyat hokimi Murotjon Azimov, viloyat sektorlari rahbarlari ham ishtirok etdi va mahalla ahlini tabrikladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari