Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod ijodiga bag‘ishlangan “O‘zbek xalqiga haykal qo‘ygan adib” deb nomlangan adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Kechada Tog‘ay Murod o‘zbekning ori, g‘ururi, diyonati timsoliga aylangan ijodkor bo‘lgani ta’kidlanib, asarlarining ilmiy-ma’rifiy ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Tog‘ay Murod (Tog‘aymurod Mengnorov) 1948 yil 3 fevralda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan.
Birinchi yirik qissasi — “Yulduzlar mangu yonadi” asari 1976 yilda chop etilgan. Keyinchalik “Ot kishnagan oqshom” (1979), “Oydinda yurgan odamlar” (1980), “Momo Yer qo‘shig‘i” (1985) kabi qissalari nashr etilgan. “Otamdan qolgan dalalar” (1993, ushbu asar asosida badiiy film yaratilgan), “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” (2001) romanlari kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Yozuvchi Jek Londonning “Boyning qizi” dramasi va hikoyalarini, Ernest Seton-Tompsonning “Yovvoyi yo‘rg‘a” qissasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
– Tog‘ay Murod har bir obrazni shunday tasvirlar ediki, atrofingizda yurgan odamlar orasidan nogahon o‘sha qahramonlarni qidirib qolardingiz, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ustoz jurnalist Abdumajid Azimov. – Uning asarlarida asosan sho‘ro davri aks etgan. Lekin milliy o‘zlik, millatni uyg‘otish masalalari asarlarida bosh g‘oyani tashkil etadi. Tog‘ay Murod asarlarida jur’at, jasorat ustuvor. Tog‘ay aka fe’li to‘g‘ri, juda halol, g‘irromlikni yoqtirmaydigan inson edi. Bu jihatlar uning asarlariga ham ko‘chgan. Asarning haqqoniyligini ta’minlash maqsadida paxtaning azobini fan doktori darajasida o‘rganib chiqqan edi. Uning xarakteriga qoyil qolmay iloj yo‘q. Yoshlar o‘zbekning hayotini o‘rganaman, desalar Tog‘ay Murod asarlarini o‘qishi kerak.
– Birgina “Oydinda yurgan odamlar” asarini varaqlab muallif insonning asl tabiatini, ruhiyatini, uning baxtli, baxtsiz onlarini nechog‘li mahorat bilan tasvirlaganiga guvoh bo‘lish mumkin, – dedi filologiya fanlari doktori, professor Umida Rasulova. – Uning asarlarida inson ma’naviyatining juda qiziq jihatlari bor. Yangi topilma so‘zlarni topishga intiladi. So‘z qo‘llash mahorati juda o‘ziga xos. Tog‘ay Murod asarlarida bir jumla bor. Muallif “men qaytib kelaman”, deydi. Ijodkor bugun o‘z asarlari bilan, oriyati bilan yana qaytib keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Adabiy tadbirda yoshlar Tog‘ay Murod ijodi, asarlari bo‘yicha savollar berdi. Fikr-mulohazalardan bilish mumkinki, Tog‘ay Murod ijodiga bugun ham qiziqish g‘oyat katta. Tadbirda yoshlarga kitoblar hadya etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA