Tilimizda shunday iboralar borki, ularning asl kelib chiqishi maʼlum emas, mazmun boshqa, soʻzlar boshqa.

Ona tilim - oltin sandigʻim

Tilimizda shunday iboralar borki, ularning asl kelib chiqishi maʼlum emas, mazmun boshqa, soʻzlar boshqa. Ishing oshib-toshib yotganda ermakka balo bormi, deyiladi. Yoki birov xato ish qilsa, qovun tushirdi, deydilar. Bu jumlalarda balo ham, qovun ham gap maʼnosiga aloqasiz. Ogʻayni chalish deymiz. Ogʻayni maʼlum, lekin chalish nima? Ogʻaynilar bir-birini oyogʻidan chalgani uchunmi? Yoki bir-birining aybini nogʻora qilib chalgani uchunmi? Tan berdi, yo tan oldi, degan iboralarimiz bor. Biri qoyil qolish, ikkinchisi iqror boʻlishni bildiradi. Bu maʼnolarga tan soʻzining nima aloqasi bor? Dabdala soʻzining dalaga, dabdurustdan soʻzining durustga bogʻliq joyi bormi? Shunday soʻz birikmalarini tilshunos olimlarimiz majhul ibora deydilar. Jahli chiqqan odamga nisbatan, toʻnini teskari kiydi, deyish ham majhul sanaladi. Darhaqiqat, jahlning toʻnga nima aloqasi bor?

Lekin shu narsa ayonki, hech bir soʻz, hech bir ibora bekor aytilmaydi. Ogʻizdan ogʻizga oʻtib soʻzlar almashadi, tushib qoladi, harflar oʻzgaradi va tanib boʻlmas holga keladi. Agar biz koʻproq izlasak, tarixni oʻrgansak, Soʻzning soʻziga qalb qulogʻimizni tutsak, tilimizda majhul ibora qolmas. Ogʻayni chalish ham besabab aytilmagan. Maqol aslida: ogʻa-ini ― bir juft kalish boʻlishi kerak. Bamisoli eru xotin - qoʻsh hukiz degandek. Kalishning ikki poyi bir-birisiz butun emas. Ogʻa-ini ham shundoq. Xalqimiz shoirtabiat, qofiyaparvar emasmi, maqol chiroyli boʻlsin uchun bir ohangdosh soʻz qoʻshib, ogʻa-ini chalish ― bir juft kalish, deydigan boʻldi. Chalish shunchaki qofiya uchun. Taq-tuq, tasadduq degan kabi.

Ogʻa-ini aslida ikkita soʻz. Aka-uka degani. Bora-bora bu ikki soʻz qisqarib bir soʻzga aylandi. Oʻrtoq, oshno maʼnosini bildiruvchi ogʻayni holiga keldi. Ogʻayni bir kishini bildirgach, juft soʻziga hojat qolmadi. Endi ogʻayni chalish ― bir poy kalish deyiladigan boʻldi. Hozirda bir poy kalish ham isteʼmoldan chiqdi hisob. Ogʻayni chalishning oʻzi qoldi va majhul iboraga aylandi.

Bu oʻylarni qogʻozga tushirarkan, oʻzimga savol beraman: Nega endi bu gaplarni tilshunos olimlar emas, men aytishim kerak? Erta bir kun ularga kulgi boʻlmaymanmi? Odamlar: “Sheʼringni yozsang boʻlmaydimi, nima qilasan birovning ishiga aralashib”, - demaydimi? Yana oʻzim javob beraman: men aytgan farazni olim aytishi mumkin emas. Ilmda taxminiy gap ketmaydi. Aniq manba, asosli isbot kerak. Faqat shoirlargina xayolga erk berishlari, koʻngilga quloq solishlari mumkin. Shuning uchun yozgan soʻzlarimga ilm ahli biror munosabat bildirmasalar hafa boʻlmasligim kerak. Bu gaplar hech bir moʻtabar manbada yoʻq, hech kim tadqiq qilmagan, suyanadigan hech narsa yoʻq. Olim ishonchli tayanch boʻlmasa joyidan qoʻzgʻolmaydi. Biz doktor ham, professor ham emasmiz. Xato qilsak ayb emas. Mana, uzr ham topildi. Endi gapni bemalol davom ettirishimiz mumkin.

Toʻnini teskari kiydi iborasi ham maʼnosiz emas. Toʻnni kim teskari kiyadi? Bu savolga boshqa bir maqol javob beradi. Kambagʻalni urma, soʻkma, toʻnini yirt. Hozirgi yoshlar bu maqolni anglamaslar. Oʻn toʻqqizinchi asrda tugʻilgan shoir Habibiyni koʻrish, hamsuhbat boʻlish menga nasib qilgan. Shoir yoshligini eslab, boʻzdan tikilgan ishton tizzadan yirtilishi, toʻzigan joyga solingan yamoq ham toʻzib, yamoqqa yamoq solinganini aytib oʻtirardi.

Toʻnni kim teskari kiygan? Gʻazab otiga minib, mushtlashaman degan kambagʻal teskari kiygan. Qon tegsa, loy tegsa astarga tegsin, yirtilsa astar yirtilsin, yamoq tushsa astarga tushsin deb toʻnni teskari kiygan. Kambagʻalning toʻni ikki boʻlmagan. Yirtilsa boshqasini kiyolmagan.

Endilikda toʻn kiyish urfdan qoldi. Kiygan yelim kamzulimiz yuz yilda ham yirtilmaydi. Mushtlashish ham udum emas. Qasd olish uchun mushtning keragi boʻlmay qoldi. Oyoqdan chalishning ming bir xil usuli topilgan. Toʻnni teskari kiyishga hech bir zarurat yoʻq. Lekin qanotli ibora unut boʻlmagan. Bu ham Soʻzning sehri. Soʻz zamirida tarix yashirinib yotganiga timsol.

Bir maqolning qulfini ochishga boshqa maqol kalit boʻldi. Kim bilsin, balki qovun tushirdi iborasiga ham boshqa ibora, tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi, degan majoz ochqich boʻlar. Buni aniqlash endi sizlar ― Soʻz ummonining gʻavvoslariga havola. Izlang, bahs qiling, talashib tortishing. Lekin zinhor toʻnni teskari kiymang!

Erkin VOHIDOV,
Oʻzbekiston xalq shoiri.
“Soʻz latofati” kitobidan.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toʻnni kim teskari kiyadi?
Жамият
12:00 / 01:10:2019