TIVda OAV vakillari bilan uchrashuv
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida milliy OAV vakillari va TIV huzurida doimiy akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish, davlat va jamoat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyilini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabriklarkan, V.Norov ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarni dunyo va mamlakatda ro‘y berayotgan jarayon va hodisalardan xabardor qilishda muhim o‘rin tutishini e’tirof etdi.
[gallery-7760]
Tashqi ishlar vazirligi o‘z faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyiliga qat’iy amal qilishi ta’kidlandi. Tashqi siyosat idorasi va matbuot vakillari o‘rtasida konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgani, TIV vakolatiga kiradigan barcha masalalar bo‘yicha OAV bilan yaqin hamkorlik mavjudligi, vazirlik O‘zbekiston diplomatiyasi to‘g‘risida xolis va ishonchli ma’lumot taqdim etishga doim tayyorligi ma’lum qilindi.
TIV huzurida tashqi siyosatga doir mavzularni yoritishga ixtisoslashgan tajribali jurnalistlar orasidan “Ekspert guruhi” tashkil etish rejalashtirilgani e’lon qilindi. Shuningdek, jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha OAV uchun trening, seminarlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv doirasida O‘zbekistondagi islohotlarni, respublika tashqi siyosatini faol yoritayotgan qator milliy va xorijiy jurnalistlarga tashakkurnoma topshirildi.
O‘zA