O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarimizni Ukrainadan Polsha orqali Vatanimizga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Polsha hududida tashkil etilgan to‘planish joyida asosiy qismi yosh bolali ayollardan iborat fuqarolarimiz uchun sharoit yaratildi. Ularga ko‘rpa-to‘shak, tibbiy yordam, issiq ovqat berildi.
Bugun, 27 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 ga qadar 110 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi «Karchova» nazorat-o‘tkazish punkti orqali Polsha hududiga kirdi. Yaqin vaqt ichida boshqa fuqarolarimiz ham chegaradan o‘tishi kutilmoqda. Shundan so‘ng barcha vatandoshlarimiz markazlashgan holda avtobuslarda Katovitse shahridagi aeroportga yetkaziladi.
O‘zbekistonlik diplomatlar “Karchova” nazorat-o‘tkazish punkti va Katovitse shahri aeroportida muntazam faoliyat yuritmoqda, fuqarolar masalalarini hal qilmoqda. Evakuatsiya qilinayotgan barcha yurtdoshlarimiz aeroportda barcha zarur mahsulotlar bilan ta’minlanadi.
Turli sababga ko‘ra yonida hujjati bo‘lmagan 30 nafar mamlakatimiz fuqarosiga qaytish guvohnomasi zudlik bilan rasmiylashtirib berildi.
O‘zbekiston fuqarolarini Polshadan Vatanimizga qaytarish maqsadida “Uzbekistan Airways” AJ samolyotlari uchun havo yo‘lagi ochish masalasi hal qilindi. Hozircha birinchi samolyotning O‘zbekistonga parvozi 28 fevralga rejalashtirilgan.
Avvalroq Polsha Tashqi ishlar vazirligi elchixonamiz murojaatidan so‘ng nihoyatda muhim qaror qabul qildi: Vatanimizga qaytayotgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan hech qanday PSR testi sertifikatini taqdim etish yoki Polshaga kirish vizasini rasmiylashtirish talab qilinmaydi.
***
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi xodimlari:
Ma’ruf Karimov ("Karchova" nazorat punktida) - tel.: +48 508 064 333;
Telegram: +99893 5947557.
Asqar Beknazarov (“Katovitse” ayeroportida) - tel.: +48 508 995 888; Telegram: +99890 1160084.
Sardor Ahmatov (Elchixonada) - tel.: +48 502 501 588; Telegram: +99894 6541010.