Tinchlik va xotirjamlik – ulugʻ neʼmat
Bu yil jonajon vatanimizning istiqlolga erishganiga 29 yil toʻlmoqda.
Bu yil jonajon vatanimizning istiqlolga erishganiga 29 yil toʻlmoqda.
Alloh taolo bu saodatli va qutlugʻ ayyomni barchamizga muborak aylasin.
Mustaqillik neʼmatini yaxshi anglab, qadriga yetish uchun atrofga ibrat nazari bilan qarash darkor boʻladi. Boshqa baʼzi davlatlardagi notinchliklar, yetishmovchiliklar har xil tartibsizliklarni koʻrib Alloh taologa shukrona aytib tugatolmaymiz.
Sogʻlikni qadrini bilmoqchi boʻlsang – kasalga boq, farzandni qadrini bilmoqchi boʻlsang – farzandsiz insonga qara, tinchlikni qadrini bilmoqchi boʻlsang – notinch yurtga eʼtibor qil, deyiladi hikmatlarda. Mustaqillik bu – hurlik, ozodlik, oʻz vatani, tili va eʼtiqodiga ega boʻlish demak.
Mustabid tuzum davrida asrlar mobaynida ajdodlarimizdan bizga meros boʻlib qolgan qadriyatlar, iymon-eʼtiqodimiz, milliy urf odatlarimizni xalqimiz ongi va shuʼuridan sidirib tashlash uchun katta urinishlar boʻlgani, buyuk madaniyatimiz, diniy eʼtiqodimiz va keng dunyoqarashimiz yoʻqqa chiqarmoqchi boʻlganlari, ne-ne olimlarimiz, maʼrifatimizning buyuk siymolari ularning qoʻllarida shahid boʻlganlari achchiq boʻlsada haqiqat.
Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Vaqtiki, Allohning nusrati va fath kelsa... Va odamlarning Allohning diniga toʻp-toʻp boʻlib kirayotganini koʻrsang... Bas, Robbingni poklab yod et va Unga istigʻfor ayt. Albatta, U tavbalarni koʻplab qabul etuvchidir” (Nasr surasi, 1-3 oyat).
Istiqloldan soʻng xalqimiz barcha sohada emin-erkin saʼy-harakat qilish imkoniyatiga ega boʻlgani kabi dinimiz koʻrsatmalarini xotirjam ado etish baxtiga ham muyassar boʻldi. Minglab masjidlar ochilib, moʻmin-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi, oʻnlab diniy taʼlim muassasalari barpo qilinib, u yerda yoshlar diniy va dunyoviy fanlardan tahsil olmoqdalar. Aziz avliyo, ulugʻ alloma va fozil insonlarning maqbaralari va koʻplab ziyoratgohlar taʼmirlandi. Har yili davlat koʻmagi bilan minglab vatandoshlarimiz muborak Haj va Umra ziyoratiga borib kelmoqda. Bularning hammasi, albatta, Allohning inoyati va shuningdek istiqlolimizning sababidandir.
Buyuk ajdodlarimizning bebaho asarlari oʻrganilib, ularni ona tilimizga tarjima qilishdek imkoniyatlarga ega boʻldik. Oʻtgan yillar davomida Qurʼon, hadis, tafsir, fiqh, islom tarixi, madaniyati va falsafasiga oid koʻplab yirik tadqiqotlar amalga oshirildi. Turli mavzudagi diniy adabiyotlar, yurtimizda yashab, ijod qilgan buyuk allomalarimizning ilmiy meroslari nashr etilib, keng ommaga taqdim qilindi va qilinmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, “Mir Arab” oliy madrasasi, Imom Buxoriy hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, viloyatlarda kalom, hadis, fikh, aqida va tasavvuf ilmi maktablari ochilgani hamda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilgani diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirishga boʻlgan eʼtibor namunasidir.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari boshchiligida oxirgi yillarda yurtimiz ravnaqini yuksaltirish, xalq farovonligini oshirish, “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan shior ostida inson omiliga boʻlgan eʼtibor kuchaydi. Natijada xalqning Vatanga boʻlgan mehr-muhabbati tobora ortishiga erishildi va erishilmoqda.
Ayniqsa, muborak Qurbon hayiti arafasida pandemiya davrida doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan, kam taʼminlangan, yordam va koʻmakka muhtoj aholi qatlamlarini va oilalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi, bu borada avvaliga 10 trillion soʻm mablagʻni, keyinchalik unga qoʻshimcha ravishda respublika byudjetidan yana qariyb 2,5 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi, ushbu mablagʻlarni Qurbon hayiti oldidan oʻz egalariga yetib borgani xalqimizning cheksiz quvonchiga sabab boʻldi.
Yana bir eʼtiborga molik jihati esa, xalqimiz orasida tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy ragʻbatlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi – maʼrifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, diniy sohada xizmat qilayotgan xodimlarni ayni hayit kunlarida ragʻbatlantirilishi tarixiy voqea boʻldi. Bu ham boʻlsa, yurtimizda inson omiliga boʻlgan ijobiy munosabatning isbotidir.
Har yili mustaqillik bayrami arafasida alohida shior tanlab olinadi. Bu yil mustaqillikning 29 yillik bayrami “Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekiston!” shiori ostida nishonlanmoqda. Ushbu shiorlar zamirida xalqni birlashtirish, insonni tugʻilib oʻsgan, kindik qoni toʻkilgan Vataniga muhabbatini oshirish maqsad qilingan. Haqiqatan, xalq birlashsa – katta kuchga aylanadi.
Xalqimizda “Vatan ostonadan boshlanadi” degan naql bor. Har bir inson uchun kindik qoni toʻkilgan tuproq, eng kichik vatan – uyi hisoblanadi. Bu haqda Qurʼoni karimda: “Alloh sizga uylaringizni oromgoh qildi” (Nahl surasi, 80 oyat) degan. Inson uchun uy – omonlik, xotirjamlik maskani, tinchlik-osoyishtalik markazidir. Uyimizda xotirjamlik hukm surishi uchun yurtda tinchlik qaror topishi lozim. Oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish roʻy beradi. Odamlarning oʻzaro bir-birlariga boʻlgan ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy boʻlishi ham asosan tinchlik va xotirjamlikka bogʻliqdir.
Paygʻambarimiz alayhissalom: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir neʼmat bersa va banda uning shukronasi uchun “Allohga hamd boʻlsin”, desa, shunda u oʻsha neʼmatdan ham afzalroq narsaga erishgan boʻladi” (Imom Ibn Moja rivoyati) deya marhamat qilganlar.
Demak, mustaqillik, tinchlik, xotirjamlik va salomatlik kabi neʼmatlar – Alloh tomonidan bizga ato qilingan ulugʻ neʼmatdir. Hadisga muvofiq biz shukr qilsak, bu neʼmatlar qadriga yetsakkina, ziyoda boʻladi. Aks holda qiyomat kuni neʼmatlar borasida soʻralishimizni ham unutmaslik lozim.
Alloh bizlarni har bir neʼmatning qadriga yetuvchi, unga shukr qiluvchi bandalaridan qilsin.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Fargʻona viloyati bosh imom-xatib