Uning ko‘zlari quvonchdan porlar edi.
- Sizlarga havas qilaman, -deydi Afg‘onistondan kelgan tadbirkor.-Bugun Termiz shahri ko‘chalarini tomosha qildim. Hamma xursand. Biror kishining bezovta bo‘lib, nimadandir xavotirlanib yurganligiga ko‘zingiz tushmaydi.Osoyishtalik hukmron.Barcha o‘z tashvishi bilan band.
- Amudaryoning narigi tarafida, sizlarda ahvol qanday? Tinchlik qaror topyapdimi? Odamlar kundalik turmushidan mamnunmi?-dedim uning xursand bo‘lganidan hayajonlanib.
- Bizning yurtimizda ham hayot asta-sekin izga tushyapti. Lekin nimagadir kechalari orom uxlay olmayman o‘z yurtimda. Kimdir bo‘g‘izlab yoki otib tashlab ketishidan xavotirlanib yashayman. Surxondaryodagi, umuman olganda, o‘zbek yurtidagi muhtasham mehmonxonalarda yoki qadrdonlarning uylarida dam olsam, hech narsadan hadiksiramayman. Hamma o‘z yumushi bilan mashg‘ul. Bexavotir hayot kechirasan. Aslida eng muhimi ham shu – tinchlik, xotirjamlik emasmi?
Yana uning nigohiga qarayman. Javdiragan ko‘zlariga mung soya tashlab turganday. Kimlardandir najot istayotgandek mo‘ltiraydi, yana o‘z Vataniga qaytib borishga bezillab qolgandek tuyuldi menga.
Beixtiyor telefonimga qo‘l cho‘zaman va feysbukda nima gaplar bor ekan, deya shosha-pisha yangiliklarga ko‘z yugurtira boshlayman. O‘zbekistondagi mislsiz bunyodkorlik ishlari, kishini xushnud etadigan yangiliklar, tug‘ilgan kunlar bilan tabriklaru turli mavzulardagi ijobiy xabarlarni o‘qiy boshlayman. Diling yorishib ketadi. Shu go‘zal yurt farzandi ekanligingdan nihoyatda g‘ururlanasan.
Birozdan so‘ng esa xalqaro hayotda nima gaplar bor, deya “YouTube”ni ochishga oshiqaman. Va negadir qo‘rqinchli va ko‘ngilni xira qiladigan hodisalar haqidagi gap-so‘zlardan yuragim uvishib ketadi. Turli-tuman vahimali xabarlar ko‘nglingni xira qiladi. Yuzingni oftobdek yoritgan quvonchu ko‘nglingni chulg‘agan shodlik tuyg‘ulari darrov so‘ngandek bo‘ladi.
Ukraina Rossiyaning Belgorod viloyatiga hujum qildi!
Videoni ko‘rarkanman, odamlar o‘q zarbidan dod-voy solayotganliklari, yosh bolalar bombalar gumburlashidan chirqirayotganliklari ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Osmonga o‘rlagan tutun, xonavayron bo‘lgan osmono‘par binolar, yarador kishilarning javdirab, najot ko‘zlarini tikishlari yuragingni ezib yuboradi. Dunyo taloto‘plari, urushlar dilni xira qiladi.
Rossiya Ukrainaga tun bo‘yi beto‘xtov snaryadlar yomg‘irini yog‘dirdi!
Bunday vahimali xabarlarga ko‘zingiz tushganda yuragingiz orqaga tortib ketadi, yonayotgan uylaru o‘pirilib tushayotgan binolar, jarohatlanganlarning baqir-chaqirlari, dronlarning odamlar ustiga ajal urug‘ini sepayotganligi ko‘z oldingizda gavdalana boshlaydi.
Hozirgina quvonch yog‘ilib turgan yuzingiz beixtiyor tundlashadi, shodon chehrangizdan asar ham qolmaydi. Kayfiyatingiz buziladi. Jahonning turli mintaqalaridagi urush dahshatlari insoniyat boshiga behisob balo-ofatlaru qanday kulfatlar yog‘dirishi mumkinligini o‘ylab, bexosdan yuragingiz uvishib ketadi.
Shu payt telefonim jiringlab qoldi.
Sizni ertaga “Diydor” deb nomlangan to‘yxonaga sevishgan ikki yosh Muborak bilan Abrorning nikoh to‘yiga lutfan taklif etmoqchiman!
Istara qishlog‘ida deyarli har kuni to‘yu tantana. Muhtasham to‘yhonaga bosh suqishingiz bilanoq xonandalarning o‘tli qo‘shiqlari yangray boshlaydi. Yoshu qari baravar raqsga tushadi. Totli hayot gashtini surayotgan minglab kishilarning har bir kuni fayzli o‘tayotganidan Allohga behisob hamdu sanolar aytasan.
Shodiyonada ko‘p yillar Qiziriq tumanidagi maktabgacha talim muassasalarida mudira sifatida faoliyat ko‘rsatgan, o‘tgan yil sheriy kitobi nashr etilgan Oynaxol Xudoyqulovaning so‘zlari jaranglaydi.
Yurtimiz tinch, butun dunyoda osoyishtalik barqaror bo‘lsin! Xonadonlarimizda hamisha mo‘l-ko‘lchilik, to‘kin-sochinlik bo‘laversin!
Visol oqshomi qanday go‘zal! Beixtiyor sen ham qo‘shiq aytging, baland ovoz bilan miriqib sher o‘qiging keladi. Diling behad yayrab ketadi.
Bunday xayrli tadbirlardan odamlar xursand. Bir-birlarini tabriklashadi, minglab yoshlaru yuzlab keksalarning lablarida tabassum.
To‘rda o‘tirgan soqoli oppoq nuroniy bobo Jo‘ra hoji Rahmatullayev duoga qo‘l cho‘zadi.
Yurtimiz hamisha hozirgiday farovon, go‘zal mamlakatimizda doimo to‘kin sochinlik bo‘lsin! Oilalarimizni tinchlik-osoyishtalik hech qachon tark etmasin! Prezidentimiz baxtimizga omon bo‘lsinlar, uzoq umr ko‘rsinlar! Yurtimizning tinchligiga ko‘z tegmasin!
Boboning hayotdan mamnunligi, turmushi mazmunli kechayotganligi, umrining har bir daqiqasi osoyishta ekanligidan xursandligini uning shodon so‘zlaridan, quvonch ila porlab turgan ko‘zlaridan ilg‘ash mumkin edi. Qariya biroz keksayib qolganligiga qaramasdan yoshlar kabi o‘yinga tushib ketishga ham shay turganligini anglagandek bo‘ldim.
Yana telefonni qo‘lga olaman. Telegram kanallariyu turli-tuman saytlardagi suratlaru har xil materiallarni bir boshidan ko‘zdan kechira boshlayman. O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy kanalini kuzatib borishni xush ko‘raman. Dunyoda qanday voqealar yuz beryapti ekan? Xalqaro maydonda qanaqa yangiliklar bo‘layotir?
Ayrim xabarlarni o‘qib quvonib ketasan kishi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi sayyohlar uchun eng xavfsiz davlat deb tan olinganligini o‘qib, qalbimni g‘ururlanish hissi chulg‘ab oldi.
Amerikada, Yevropada, Afrika qitalarida, Afg‘onistonda, Eronda, Iroqda, Misrda yoki boshqa arab davlatlarida nimalar ro‘y berayotir?
Nega Yaman, Livan, Isroil, Falastinda dahshatli hodisalar yuz bermoqda? Nima uchundir ayrimlar tinchlikni saqlash, uning qadriga yetishga befarq ekanligini eshitib beixtiyor ko‘ngling buzilib ketadi.
Urushlar... Insoniyat boshiga kulfatlar yog‘dirayotganligi sir emas. Ana shu qirg‘inbarot janjallar tufayli odamlar halok bo‘lishmoqda, go‘daklarning chinqiriqlari, mazlumlarning dod-voylari eshitilayotir. Faqat bugina emas, urushlar sababli bazi mamlakatlar iqtisodiyoti izdan chiqmoqda. Milliardlab zarar ko‘rmoqda. Oqibatda ayrim xalqlarning turmush tarzi kundan kunga yomonlashib borayotir. Bir kun urush bo‘lgan uydan qirq kun baraka ko‘tarilar, bir kunlik janjal qirq kunlik rizqni olar, degan donishmandlik bilan aytilgan so‘zlar behudaga gapirilmaganligiga amin bo‘lasiz.
Tinch-totuv yashash, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik prinsiplariga og‘ishmay amal qilayotgan Prezidentimizdan minnatdor chehralarni ko‘rganda cheksiz iftixor hislaridan qalbing quvonchga to‘ladi, baxt va totuvlik sururi dilingni totli hissiyotlarga limmo-lim qiladi.
Bunga o‘tgan yil kuzda Qirg‘izistonning O‘sh shahriga qilgan ijodiy safarim, shahardagi muzey va kutubxonada hayot va ijod xususidagi qizg‘in, samimiy muloqotlar payti yana bir karra amin bo‘ldim.
O‘sh davlat universitetining rus filologiyasi, jurnalistika fakultetlari professor-o‘qituvchilari, viloyat gazetasi jurnalistlari, Bishkekdan va Jaloloboddan kelgan qirg‘izistionlik shoir va adiblar bilan uchrashuvlar nihoyatda qizg‘in va samarali kechdi. Ularga o‘zim yozgan kitoblardan sovg‘a qildim, bugungi adabiy aloqalar, ikki qo‘shni davlat xalqlarining do‘stligi haqida so‘zladim.
Shundan so‘ng qirg‘izistonlik taniqli ijodkorlardan biri,”O‘sh sadosi” gazetasining bosh muharriri bo‘lib ishlagan shoira Sohiba Shokirova o‘zini to‘lqinlantirgan fikr-mulohalarini izhor etdi.
- Ilgari O‘zbekistonga borish, qardosh shoir va yozuvchilar bilan o‘zingiz xohlagan paytingizda suhbat qura olmas edingiz, chegaradan o‘tish oson kechmagan. Besh-olti yildan beri orzuimiz ushaldi. Go‘zal yurtingizda bir necha bor mehmon bo‘ldim. Hatto yozuvchilarning Do‘rmondagi ijod uyida dam oldim, qizg‘in adabiy bahslarda ham ishtirok etdim, o‘zbek adiblarining asarlaridan bahramand bo‘ldim. Shuning uchun juda mamnunman. Bunday yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro aloqalar kengayishidan qirg‘izlar ham minnatdor. Osoyshtalikka, tinchlikka hech qachon ko‘z tegmasin, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik abadiy bo‘lsin!
Shu haqda so‘z ketganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Respublika Manaviyat va marifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqi yodga tushadi.
«Bugun jahon miqyosida taraqqiyot suratlari misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz. Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning tasiri Markaziy Osiy mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo‘lmayapti. Biz dunyodagi uzoq- yaqin barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Tarixdan malum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari-uyg‘oq qalbli ziyolilar,shoir va adiblar, sanat namoyandalari,manaviyat va marifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar».
Prezidentimizning bu so‘zlari yurtimizdagi har bir ijodkor qalbida aks-sado beradi, jasurlik va fidoyilik ko‘rsatishga undaydi, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalik abadiy qaror topishi yo‘lida jon kuydirib faoliyat ko‘rsatishga davat etadi.
Tinchlik-ulug‘ nemat. Uni asrash, tinch-totuv yashash va osoyishtalikning qadriga yetish kerak. Mamlakatimiz qudratini yanada yuksaltirish, go‘zal o‘lkamizning gullab-yashnashiga har qachongidan ko‘proq hissa qo‘shish har birimizning sharafli burchimiz bo‘lmog‘i lozim.
Jovli Xushboqov, O‘zA