Tinchlik va do‘stlik tarannum etildi
Nukus shahrida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida an’anaviy do‘stlik va madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Nukus shahar hokimligi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi, yoshlarni turli yot illatlardan saqlash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat.
Millati, irqi va diniy e’tiqodidan qat’iy nazar, mamlakatimiz fuqarolarining ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini yanada mustahkamlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston xalqini millatidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining joriy yil 11 avgustdagi chora-tadbiriga muvofiq tashkil etilgan festivalda qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil bo‘lib yashab kelmoqda. Buni yurtimizda faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlar misolida ham ko‘rish mumkin. Mustaqilligimizning dastlabki yilida mamlakatimizda 10 ga yaqin milliy madaniy markaz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 140 ga yaqin bo‘lib, samarali faoliyat yuritmoqda.
bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim muassasalarida o‘qish 7 tilda olib borilmoqda. Tele-radio ko‘rsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilmoqda.
Tadbir doirasida milliy-madaniy markazlar, «Barkamol avlod» bolalar markazi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan amaliy san’at va hunarmandchilik ko‘rgazmasi namoyish etildi. Turli millat vakillari ijrosidagi Vatan, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi kuy-qushiqlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Madaniyat va do‘stlik festivalini o‘tkazishda faol ishtirok etganlarga Nukus shahar hokimining tashakkurnomalari topshirildi.
[gallery-594]
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA