Tinchlik – qadri ulug‘, bebaho ne’mat
Ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalari orqali Nukusda bo‘lib o‘tgan tartibsizliklardan xabar topib ko‘ngli ranjimagan yurtdoshimiz blmasa, kerak.
Qo‘shni Qozog‘iston zaminida sodir bo‘lgan harakatlar, bizga yaqin mamlakatlar chegarasidagi qurolli to‘qnashuvlarni hali unutganimiz yo‘q. Bu tartibsizliklar va to‘polonlar ortida faqatgina oddiy insonlar jabr chekkanidan har biringiz xabardorsiz. Bag‘rimizda bir el, bir tan bo‘lib yashayotgan qoraqalpoq elini buzg‘unchilikka chorlayotganlarni ko‘rib nafratimiz oshgani rost.
Qadri ulug‘, bebaho ne’mat – tinchligimizga, qardoshligimizga ko‘z tegdimi? Necha asrlardan buyon ko‘rinmas rishtalar orqali mustahkam bog‘lanib kelayotgan birligimizga, og‘a-iniligimizga raxna solishga harakat qilayotgan kuchlar kimlar? Bilib-bilmay o‘z jonini xatarga qo‘ygan qoraqalpoq qardoshlarimizni kim bu ko‘yga soldi? “Urushning kengashi yo‘q”, degan naql bor. Ijtimoiy tarmoqlar orqali berilayotgan xabarlar, fikrlar jangi va tushunmovchiliklardan foydalangan va foydalanishga urinayotgan niyati buzuqlarni ko‘rib-eshitib, diling vayron bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining vaziyatni tezroq o‘nglash uchun qo‘llagan oqilona va aniq harakatlari tufayli Nukusda vaziyat barqarorlashdi, Qoraqalpog‘iston taraflardan yaxshi xabarlarni eshityapmiz. Notinchlik hukm surgan joyda baraka bo‘lmaydi, xalq xavotir va hadikda yashaydi. Kelajakka ishonchi so‘nadi. Shu murakkab vaziyatda barcha yurtdoshlarimizni hamjihatlikka chorlaymiz. Biz hamjihat bo‘lmas ekanmiz, oldinga siljishimiz va katta-kichik muammolarga yechim topishimiz juda qiyin kechadi. Azizlar, turli fitnalar qurboniga aylanmaylik.
Tinchlik va osoyishtalik bashariyatga in’om etilgan ulug‘ ne’mat. Boshimizga musibat yo kulfat yog‘ilmasidan avval uning qadriga yetishni o‘rganishimiz lozim. Xalqimiz, tinchlik, tani-sihatlik, xotirjamlik bo‘lsin, deb duo qilishi bejiz emas. Shukronalikning asl mag‘zi ham ana shunda.
Shavkat Sharipov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor
O‘zA