Tinchlik, hamjihatlik – bebaho ne’mat
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan joriy yilning birinchi choragidagi faoliyat natijalari va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2019 yil 19 maydagi tegishli farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etilgan. bugungi kunda mazkur tuzilma mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan jami 150 ta milliy madaniy markaz, 38 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi vatandoshlarning 38 ta jamiyati bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Qo‘mita tomonidan Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jamiyatda ko‘p millatli oila tuyg‘usini, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash maqsadida 2021 yilning birinchi choragida qo‘mita hamkorligida milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari ishtirokida respublika miqyosida ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Ilmiy-amaliy konferensiyalar, onlayn muloqotlar, davra suhbatlari, seminar va ko‘rgazmalar, forumlar, do‘stlik kechalari, ijodiy tanlov va festivallar mamlakatimizdagi ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik, mehr va saxovat muhitini mustahkamlash borasidagi ezgu va ibratli ishlarni targ‘ib etish bilan birga, bu boradagi amaliy ishlar qamrovini kengaytirish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2021 yil 10 fevral kuni imzolangan qonunga asosan 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni yurtimizda Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilanishi mamlakatimizda millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lidagi yana bir amaliy qadam bo‘ldi.
2021 yil 18 yanvar kuni Chinoz tumanidagi “Eshnobod” mahallasida millatlararo munosabatlar sohasidagi tub islohotlarga bag‘ishlab tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Qozog‘istonnning Turkiston viloyati hokimi U.Shukeyev rahbarligidagi delegatsiyaniing ishtirok etishi ikki qo‘shni va qardosh davlatning do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Samarqand viloyatida yashayotgan yuzdan ortiq millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlash, milliy madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 19 mart kuni Samarqand shahrida davlat byudjeti hisobidagn 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga 58 ta ish xonasi, 4 ta faollar zali, 3 ta muzey va kutubxonadan iborat “Do‘stlik uyi” qurib foydalanishga topshirildi. Milliy madaniy markazlar turli tadbirlarda faol qatnashishi uchun Samarqand viloyati hokimligi tomonidan alohida avtobus ajratib berildi.
Yurtimizda oilalarni mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, bunda mahallalar rolini kuchaytirish maqsadida shu yilning 22 -28 mart kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida “Mahalla – jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdon ko‘zgusi” degan bosh shiorni o‘zida mujassam etgan “Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi” o‘tkazilib, uning doirasidagi ma’rifiy tadbirlarda milliy madaniy markazlar ham faol ishtirok etdi.
Qo‘mitaning davlat ijtimoiy buyurtmasiga asosan 2021 yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan milliy madaniy markazlarni rivojlantirish uchun 700 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Bugun qo‘mita “xalq diplomatiyasi” mexanizmidan samarali foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, chet ellardagi hamkorlar bilan yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Ushbu tuzilma hamda “Hindiston – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi gumanitar, madaniy, ma’rifiy, axborot sohalaridagi munosabatlarni yanada mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining ijrosi bo‘yicha chet elda istiqomat etayotgan vatandoshlar o‘rtasida “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusida onlayn viktorina o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda xorijdagi vatandoshlar bilan birga O‘zbekiston hayotiga qiziquvchi chet el fuqarolari ham ishtirok etishi mumkin. Mazkur tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad Vatanimiz tarixi, madaniy-ma’naviy merosimiz, umumbashariy sivilizatsiya va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissamizni keng targ‘ib etish, yangilanayotgan O‘zbekistonimizning buguni bilan odamlarni xalqaro miqyosda kengroq tanishtirishdan iboratdir.
Matbuot anjumanida qo‘mita faoliyati va uning kelgusidagi rejalari bilan bog‘liq savollarga batafsil javob qaytarildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA