Samarqand viloyati uchinchi sektor rahbari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatov Narpay va Paxtachi tumanlarida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – Yusuf Ro‘ziyev, Ibrohim Abdunazarov va G‘affor Safarov xonadonlarida bo‘lib, ularni Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi.
Tabarruk faxriylarga Prezidentimiz yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib berildi, 15 million so‘mdan pul mukofoti va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

Narpay tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi Yusuf bobo 1926 yilda tug‘ilgan. 1944 yilda frontga ketib, 1945 yilda urushdan g‘alaba bilan kelgan. Hisobchilik kasbini egallab, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari tumanlarida faoliyat ko‘rsatgan. Yetti nafar farzandni tarbiyalab, jamiyatga munosib insonlar qilib kamolga yetkazgan. Ayni chog‘da 38 nafar nabira, 56 evara, 2 chevaraning bobosi bo‘lib, ularni e’zozida hayot kechirmoqda.

– Tinchlik-osoyishtalikning qadrini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi, – deydi Yusuf Ro‘ziyev. – Tinchlik yo‘q joyda xayr-baraka ham bo‘lmaydi. Urush va uning uqubatlarini biz ko‘rdik, sizlar ko‘rmanglar. Ilohim, dunyoda doim tinchlik bo‘lsin. Yurtimizdagi bugungi kunlarning qadriga yetish kerak, osoyishtalikni asrab-avaylashga hamma o‘zini burchli deb bilishi lozim.

Ibrohim Abdunazarov va G‘affor Safarov ham yoshlik yillari, urushdagi voqealarni ko‘zda yosh bilan xotirlab, bugungi tinch-osuda kunlar uchun shukrona aytdilar. Ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan, davlatimizdan minnatdor ekanliklarini bildirdilar.

Otaxonlar qo‘llarini duoga ochib, yurtga tinchlik, elga omonlik so‘radilar.
G‘.HASANOV, O‘zA