Tinchlik deklaratsiyasining 7 yilligi nishonlanmoqda
Yevropa, Afrika, Shimoliy Amerika va Osiyoning 41 davlatida 14 martdan boshlab Tinchlik o‘rnatish va urushni to‘xtatish deklaratsiyasi (DPCW)ning 7 yilligiga bag‘ishlab qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
BMT EKOSOS huzuridagi “Yuksak madaniyat, butun dunyoda tinchlik va ziyo tarqatish” (HWPL)tinchlikparvar xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan “Institutsional tinchlik: ishonchni mustahkamlash uchun muloqotni kengaytirish” mavzusidagi anjumanlarda siyosat, huquqshunoslik va din, ta’lim, ommaviy axborot vositalari faoliyati, ayollar va yoshlar masalalari uchun mas’ullardan iborat yetti mingdan ziyod vakil qatnashmoqda. Ishtirokchilar tinchlik o‘rnatish bo‘yicha keng qamrovli global hamkorlik vositasi sifatida Tinchlik o‘rnatish va urushni to‘xtatish deklaratsiyasiga asoslanib, tinchlikni universal madaniyat va me’yor sifatida institutsionallashtirish uchun mojarolarning oldini olish, vositachilik faoliyatini olib borish va muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashadi.
Mazkur sana munosabati bilan Ukrainada tinchlik o‘rnatilishiga qaratilgan harakatlar rejasi taqdim etildi. Tadbirlar doirasida 100 dan ortiq davlat vakillari ushbu davlatda kechayotgan harbiy harakatni keskin qoralab, har ikki tomonni urushni to‘xtatishga chaqirdi. Jabrdiydalar faryodi, begunoh odamlar qoni to‘kilishi insoniyat tarixi sahifasida abadiy qora dog‘ bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida turli mamlakatlardan kelgan 1000 dan ziyod mutaxassis ishtirokida Tinchlik o‘rnatish va urushni to‘xtatish deklaratsiyasi (DPCW)ning 7 yilligiga bag‘ishlangan asosiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 10 modda va 38 banddan iborat ushbu hujjat Birlashgan Millatlar Tashkilotiga asos solgan ruhni tiklash, jahon hamjamiyati umuminsoniy qadriyatlarini ilgari surish orqali mustahkam tinchlikka erishishga qaratilgan. DPCW har qanday urushni tugatish, xalqlar va jamiyatlar o‘rtasidagi tinchlik, do‘stlik, farovonlik va baxt haqidagi mujdalarni o‘z ichiga oladi. “Bu oddiy xabarni har kim tushunishi mumkin”, deydi anjumanda so‘zga chiqqan loyiha faoli – Dakka universiteti huquq fakulteti mudiri, professor Nazrul Islom. Boshqa eskpertlar ham bo‘linish va ishonchsizlikni bartaraf etishga qaratilgan asosiy tadbirlarga, bu borada BMT amalga oshirayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Hozir jahon hamjamiyatida dinlar aro ta’qib, mojaro ko‘p uchramoqda. Bu holat murosasizlikka yo‘l qo‘yilishi, turli jamiyat, madaniyat, din vakillari o‘rtasida o‘zaro muloqot yetishmasligidan dalolat. Shu bois anjumanda bag‘ri kenglikni, o‘zaro tushunishni targ‘ib qilish uchun diniy yetakchilar o‘rtasida muloqot zarurligiga ham urg‘u berildi.
S.Rahimov, O‘zA