Tinchlik bayrog‘imiz sarbaland hilpirayversin
Mustaqil O‘zbekistonimizning 30 yillik bayramiga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Hududlarda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot tadbirlari ham ushbu ayyomni munosib nishonlashga qaratilgan.
Mazkur targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishdan asosiy maqsad, xalqimizda shukronalik hissini shakllantirish, Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarashni uyg‘otishdan iborat. Guvohi bo‘lganimizdek, xalqimiz o‘z hayotidagi o‘zgarishlardan rozi bo‘lib, o‘tayotgan har bir kuniga shukrona keltirmoqda.

Istiqlol shodiyonalari shodu xurramlik, katta mehnat zafarlari, qalblar quvonchga to‘lgan holda kutib olinmoqda. Hech ikkilanmasdan aytish joizki, keyingi yillarda mustaqillik deb atalmish ulug‘ ne’matning qadr kimmatini, hayotimizda tutgan o‘rni va ahamiyatini yanada teranroq anglay boshladik. Chunki istiqlol tufayli barchamiz erkin, baxtli va farovon hayot kechirish, iste’dod va qobiliyatimizni to‘la namoyon etish, xuquq va erkinliklarimizni ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
bugungi kunda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya barchamizga olam-olam quvonch ulashmoqda. Boisi joylarda ochiq osmon ostida ushbu shior ostida ommaviy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zLiDeP Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan O‘zbekiston tumanida o‘tkazilgan tadbir ham yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.
– Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yangi marralarni egallashimiz kerak, – degan fikrlar og‘ushida yashayotgan o‘zbek xalqi qisqa muddat ichida jahon ommasi orasida o‘z o‘rnini topdi. Yaqinda Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimizning qo‘lga kiritgan zafarlari barchamizga quvonch ulashdi. Bu ham istiqlol sharofati, sportchilarga yaratilayotgan qulayliklar samarasidir, – dedi tadbirda O‘zLiDeP Farg‘ona viloyati kengashi raisi Rahmatullo Kamolov.
Albatta, bunday muzaffar zafarlar kishiga yanada quvonch ulashadi. Shunday yutuqlar barchamizni yashashga, yangi-yangi marralarni ko‘zlashga, fidoyilik bilan mehnat qilishga undayveradi. O‘tkazilgan tadbir ham san’atkorlarning Vatanni, istiqlolni, tinchlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlari bilan davom etdi.

Tinchlik-osoyishtalik hukm surgan yurtda to‘yu tantanalar, o‘yin-kulgular yarashadi. Hamisha ana shunday bayram kayfiyati yurtdoshlarimizda hukmronlik qilib, tinchlik bayrog‘imiz sarbaland hilpirayversin.
M.Sulaymonov, O‘zA