Tinchlik – barcha yutuqlarimiz asosi
Istiqlol yillarida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Termiz tumani ham zamonaviy va obod maskanga aylanib bormoqda.
Prezidentimizning joriy yil 1-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini tinch-osoyishta va munosib kutib olishga alohida hozirlik ko‘rilmoqda.Istiqlol yillarida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Termiz tumani ham zamonaviy va obod maskanga aylanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har tomonlama puxta o‘ylangan va uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha sohalarni izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Bir paytlar asosan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirilgan tumanda bugun zamonaviy korxonalar barpo etilib, tayyor mahsulot ishlab chiqarilayotgani, mavjud korxonalarning texnik va texnologik qayta jihozlanayotgani aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Fermerlik harakati joylarda bandlik masalasini hal etish va dasturxonlarimiz ma’murchiligini ta’minlashda yetakchi kuchga aylanayotir.
Tinchlik-totuvlikni qadrlab, ulug‘ ayyomni do‘stlar bilan shodu xurramlikda baham ko‘rish xalqimizga xos fazilat. Mustaqillik shodiyonalari arafasida bu yanada keng quloch yoyib, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar va bemorlar holidan xabar olinmoqda. Mahalla va ko‘chalar, korxona, tashkilot va muassasalar atrofi obodonlashtirilib, tartibga keltirilayotir. Yangi gulzorlar tashkil etilib, aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda.
“Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilayotgan turli madaniy-ma’rifiy, ma’naviy-targ‘ibot tadbirlarida mustaqil taraqqiyot yillarida erishilgan ulkan yutuq va marralar haqida so‘z yuritilib, “Kim edigu kim bo‘ldik?” degan hayotiy haqiqat o‘z ifodasini topayotir.
So‘nggi yigirma uch yilda hududda yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar ko‘pmillatli tumanimiz ahlida daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytirib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda. Qishloqlarimiz, u yerda yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan barcha mamnun. Ilgari qishloqlarda bugungiday sanoat korxonalari, turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, muhtasham ta’lim va tibbiyot muassasalari, madaniyat va sport maskanlari, qo‘yingki, infratuzilma bo‘lmasdi. Yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Limonzor mahallasi hududi qisqa vaqtda barcha sharoitlarga ega namunaviy massivga aylandi. Uch yuzdan ortiq oila istiqomat qilayotgan ushbu massivdagi ko‘rkam uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ko‘rgan kishining havasini tortadi. Soliobod mahallasida qad rostlagan 65, Yangi hayot mahallasidagi 40 namunaviy uy-joy tez, sifatli barpo etildi. Aholi buyurtmasiga asosan joriy yilda tumanda yana yuzdan ortiq yakka tartibdagi zamonaviy uy-joylar qurilishi davom etayotir. Ularning aksariyati mustaqilligimizning 23-yillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.
O‘tgan yillarda to‘rtta kasb-hunar kolleji bunyod etilib, 34 umumta’lim maktabida o‘quvchilarning ta’lim-tarbiya olishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi. Yangi tipdagi maktab binolari, sport inshootlari qad rostladi. Avvalgi qishloq ambulatoriyalari o‘rnida o‘n uchta zamonaviy qishloq vrachlik punkti barpo etilib, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi oshdi.
Xalqimiz tinchlik va xotirjamlikni hamisha yuksak qadrlaydi. Tumanda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar zamirida ham ana shu ezgu maqsad mujassam. Qo‘shni davlat bilan bizning tumanimizni Amudaryo ajratib turadi. Daryoning ikki sohilida ikki xil manzara. Sharoit va imkoniyatlar ham keskin farq qiladi. Biz daryo ortida ham tinchlik-osoyishtalik bo‘lishini, asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabat va hamkorlik yanada mustahkamlanishini istaymiz. Zero, qo‘shning tinch – sen tinch, degan hikmat bejiz aytilmagan.
Tumanimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning izchil rivojlanayotgani, eksport salohiyati oshib, yangi loyihalar ishga tushirilayotgani ham tinch-osuda hayotimiz samarasidir. Xususan, joriy yilning olti oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 89,2 foizni tashkil etdi. Olti oyda qariyb yarim milliard so‘mlik 49 ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihasi amalga oshirildi. Mahsulot eksport qilish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47,7 foiz o‘sdi.
Aholining bandlik masalasini hal etishda ham xususiy sektorning alohida o‘rni bor. Korxonalarni texnik va texnologik jihozlash, modernizatsiya qilish, yangi korxonalarni ishga tushirish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, kasanachilikni kengaytirish orqali ko‘plab yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda. Yilning o‘tgan oylarida bir ming olti yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani bunga yaqqol dalildir.
Prezidentimiz rahnamoligida agrar tarmoqda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar odamlarning yerga egalik hissini kuchaytirib, ularni yanada ko‘proq mehnat qilishga undamoqda. Bu yil tumanda 33 ming 841 tonna meva-sabzavot, uzum, kartoshka va poliz mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan. Ana shu mahsulotning bir qismi istiqlol bayrami oldidan tashkil etiladigan yarmarkalarda arzon narxlarda sotiladi. Tadbirkor va fermerlarimiz tumanda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bir qismini shu yerning o‘zida qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish harakatida. Manzilli dastur doirasida go‘sht va sut mahsulotlari, sabzavot va mevani qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalar ishga tushiriladi.
Joriy yilda tumandagi 123 fermer xo‘jaligi 4 ming 544 gektar maydonda g‘alladan mo‘l hosil yetishtirdi. Hosilning 11 ming 653 tonnasi davlatga sotilgan bo‘lsa, 15 ming 724 tonnadan ortig‘i fermerlar ixtiyorida qoldirildi. Besh ming 339 gektar maydonda parvarishlanayotgan g‘o‘za rivoji baravj.
Yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramini osoyishta va yuqori saviyada o‘tkazish uchun o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik vakillari hamkorligida qizg‘in tayyorgarlik olib borilmoqda. Ayniqsa, chegara hududlarda xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari belgilanib, hushyorlik oshirilayotir. Asosiy bayram tadbirlari o‘tkaziladigan inshootlarda tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. San’atkorlarimiz qiziqarli bayram dasturlari tayyorlamoqda.
Bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik, millatlararo totuvlik va aholi farovonligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan oqilona siyosatning amaldagi samaralaridir.
Bozor Xolnazarov,
Termiz tumani hokimi