Tinchlik – barcha dinlarning muhim tamoyili
Jahon miqyosida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, millatlararo va konfessiyalararo hamkorlikni mustahkamlash ko‘p jihatdan jamiyat hayotida bag‘rikenglik tamoyili qaror topishi bilan bog‘liq. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida, dunyoda murakkab jarayonlar kechayotgan bir sharoitda turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, hamjihatlik ruhidagi aloqalarni mustahkamlash muhim tarixiy zaruratga aylanmoqda.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Tinchlik – dunyo dinlarining muhim tamoyili” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya ayni mazuga bag‘ishlandi.
Tadbir turli dinlarga xos, tinchlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan asosiy tamoyillarni tahlil qilish, din va madaniyatlar o‘rtasida muloqotni rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish, O‘zbekistonda olib borilayotgan odilona diniy bag‘rikenglik siyosati, bu boradagi xalqaro tashabbuslarimiz mohiyatini xorijiy va mahalliy jamoatchilikka chuqurroq yetkazish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi, Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi vakolatxonasi va Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda olimlar, soha mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar, diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar barcha dinlar tinchlik, bag‘rikenglik tamoyillariga tayanishini ta’kidlashdi. Ushbu qadriyatlar har qanday tinchlikparvar jamiyatning muhim asosini tashkil etishi, o‘zaro hurmat esa bu borada hal qiluvchi ahamiyatga egaligi qayd etildi. Ma’ruzachilar faqat samarali muloqot, ko‘p tomonlama hamkorlik, ma’rifat va o‘zaro hurmat orqaligina barqaror tinchlikka, ijtimoiy hamjihatlikka erishish mumkinligini bir ovozdan ma’qulladilar.
Muhokamalar jarayonida respublikamizning diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamkorlik modellarini faol joriy etish tajribasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu tajriba madaniy va diniy xilma-xillikka ega jamiyatda o‘zaro hurmatni, hamjihatlikni ta’minlashga samarali yondashuv sifatida e’tirof etildi. Bugun yurtimiz xalqaro miqyosda turli millat va din vakillari o‘rtasida tinchlik-totuvlik, bag‘rikenglik, do‘stlik siyosatini ilgari surayotgan mamlakat sifatida tan olinayotgani ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining dunyoda tinchlikni saqlash, turli din vakillari o‘rtasida bag‘rikenglikni ta’minlash va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi o‘rni, ayniqsa, bugungi murakkab global vaziyatda yaqqol namoyon bo‘layotgani alohida qayd etildi.

Konferensiya yakuni bo‘yicha dinlararo va millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish hamda madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi. Tashkilotchilar taklif etilgan ekspertlar ma’ruzalarini umumlashtirib, to‘plam sifatida nashrdan chiqarishga kelishib oldi.
Tadbir doirasida O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi va Konrad Adenauer fondining mamlakatimizdagi vakolatxonasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat madaniy va ilmiy almashinuvni rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma loyihalar va dasturlar orqali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari – turli madaniyat, din, an’ana va dunyoqarash vakillarining global tinchlik, o‘zaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashga chaqiruvini aks ettirgan Tinchlik va hamjihatlik deklaratsiyasi qabul qilindi. Dastur matnida o‘zaro hurmat va madaniy xilma-xillik g‘oyalarini ilgari surish mexanizmi sifatida diniy muloqotni mustahkamlash zarurati alohida ta’kidlangan.
Konferensiya jahon dinlari zamirida mujassam universal tinchlik, hamjihatlik qadriyatlarini ilgari surishda muloqot va hamkorlik naqadar muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Sohada faoliyat yuritayotgan tashkilotlar, mutaxassislar o‘rtasidagi sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish, o‘zaro tajriba almashish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qildi.
G‘.Xonnazarov,
O‘zA