Timur Xojao‘g‘li: Buxoro katta ilmiy markazga aylanadi
Toshkentda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman ishtirokchilari ko‘hna va boqiy Buxoroda bo‘ldi.
Anjuman qatnashchisi Michigan universiteti professori Timur Xojao‘g‘li bugun Buxoro davlat Pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Ma’murov hamrohligida professor-o‘qituvchilar hamda yoshlar bilan uchrashdi.
Dastlab mehmonga institut faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma Timur Xojao‘g‘liga katta taassurot qoldirdi.
Mehmon “Turkistonda turk zobitlari” nomli kitobini institut kutubxonasiga esdalik uchun topshirdi. Uchrashuvda mehmon “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumani haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
[gallery-15078]
– Bundan bir asr ilgari jadidlar asos solgan “Doril muallimin” deb aytilgan Buxoro davlat Pedagogika institutida bu yerga kelganimdan baxtiyorman, – deydi Michigan universiteti professori Timur Xojao‘g‘li. –Ta’lim dargohidagi professor-o‘qituvchilar va yoshlar bilan uchrashdim. Bundan juda xursand bo‘ldim. Institutda talabalar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar meni juda ham hayratga soldi. Bundan bir asr oldin faoliyat boshlagan mazkur institut bugun davlat rahbarining tashabbusi bilan yana dunyoga yuzlanmoqda. Hammaga ma’lumki, Buxoro tarixda zamonaviy mustaqil jumhuriyat bo‘lib, Moskva, Istanbul, Berlinga talabalarni yuborgan. Talabalar oliy ta’lim olib vataniga qaytgan. Bir qismi esa qaytib kelganda sovet tuzumi ularni hibsga olib sovuq o‘lkalarga surgun qilgan, qatl etgan. Tarix guvohligida ularning aksariyati Turkiya va boshqa mamlakatlarda qolib, ilm olgan, olim bo‘lgan. Natijada qolib ketgan mamlakatlarning ilmiga katta hissa qo‘shgan. Afsuski, Buxoro shu jumladan, O‘zbekiston o‘zining olimlari ilmidan foydalana olmagan. Ammo endi davlat rahbarining tashabbusi bilan Toshkentda“Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumani o‘tkazildi. Uning davomida ko‘hna va boqiy Buxoroga kelib Usmon Xo‘ja o‘g‘li (Usmonxo‘ja Po‘latxodjayev) va uning ukasi Ataulla Xo‘ja o‘g‘li yashagan uylarni jadidlar merosi muzeyiga aylantirish bo‘yicha ochiq ilmiy munozaralarni o‘tkazdik. Mazkur hovlida tez kunlar orasida jadidlar merosi xalqaro muzeyini tashkil etamiz.
Uchrashuvda professor Timur Xojao‘g‘liga Buxoro davlat Pedagogika institutining sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.