Adib til ekologiyasini tabiat ekologiyasiga mengzaydi va tilimizga yelimdek yopishib, oʻzimizning soʻzlarni begonalashtirayotgan unsurlarni mayna qushiga oʻxshatadi:

Oʻzbek tili jonkuyarlaridan biri Ahmad Aʼzam “Til nomusi” nomli kitobida tilimizda muqobili bor boʻla turib, koʻplab ajnabiy soʻzlardan foydalanayotganimizni tahlil qilib kuyunchaklik bilan shunday yozadi: “...tub soʻzlarimiz boʻla turib, ularning oʻrniga chet atamalarni isteʼmolga kiritib olganimiz – maʼnaviy fojia, fikrli har bir odam, afkor omma kech boʻlsa-da, hech oʻylab koʻradigan yoʻqotishlar...”.

Adib til ekologiyasini tabiat ekologiyasiga mengzaydi va tilimizga yelimdek yopishib, oʻzimizning soʻzlarni begonalashtirayotgan unsurlarni mayna qushiga oʻxshatadi: “qoramolda boʻladigan boʻka (soʻna, oʻqaloq, qataloq) qurtini choʻqilab, terib yer ekan, deb olib kelingan bu ochofat yemishi qolib boshqa parrandalarning, kattalarining tuxumi, maydalarining polaponigacha qirishga tushdi, ilgari shahar-qishloqlarda chugʻurlab turadigan sayron qushlarimizning bir-da yarimi ovloq chet-choplarda jon saqlab qolganini aytmasak, ularni mutloq koʻrmay ketdik”.

Adib obrazli tasvirlaganidek, zolim “mayna” oʻzimizning tub soʻzlarni siqib chiqarib uni lugʻat qaʼriga gum qilmoqda. Saplya, drofa, chayka desa, tushunamiz, qarqara, tuvaloq, chagʻalak desa, tushunmaymiz. Hozir bahrin, tarlon, chagʻir kabi qush nomlari borligini uncha-muncha odam bilavermaydi. Hasan polvon choʻllarda Och bahrinday charqillab; Kumush boʻlar tarlon qushning chagʻasi, Gʻoʻla boʻlar bedov otning toʻgʻasi deb kuylaydi baxshilar “Dalli” dostonini.

Tarlon deganda koʻpchilik xayoliga ot keladi. Ammo uning dastlabki maʼnosi “qush”. Ola-targʻil tusga ega burgutsimonlar turkumidan boʻlgan bu qush nomi keyinchalik shu tusdagi otni nomlash uchun xizmat qilgan boʻlishi mumkin. Qolaversa, folklorda koʻp uchraydigan “xayoli tarlon boʻldi” iborasidan ham tarlonning qush ekanligi anglashinadi. “Tarlon” oʻzbekcha-ruscha lugʻatda “kanyuk-kurgannik” deb tarjima qilingani holda “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da qush maʼnosi izohlanmagan. Chagʻir/chagʻri faqat chagʻirkoʻz, chagʻirkoʻzli odam soʻz birikmalari tarkibida saqlanib qolgan: ikkinchisi: uzun boʻylik, qora choʻtir yuzlik, chagʻir koʻzlik, chuvoq soqol, oʻttuz besh yoshlarda boʻlgʻan koʻrimsiz bir kishi edi (A.Qodiriy. Oʻtkan kunlar). “Chagʻri” “Devonu lugʻotit turk”da “lochin” deb, izohli lugʻatda esa “ola-bula, kulrang” deb izohlangan. Inson nigohi, oʻtkirkoʻzlik odatda burgut, lochinga oʻxshatiladi, shuning uchun chagʻri aslida qush nomi ekanligi haqiqatga yaqinroq.

Tilimizga beoʻxshov soʻz va iboralarning kirib qolishida “ustoz koʻrmagan” tarjimonlarning “xizmati” beqiyos ekanligini adib toʻgʻri eʼtirof etadi: “Soʻzga chechan boʻlmagan tarjimonni asl matn qurbaqani rom etgan ilondek oʻz domida tutib turadi, erkin oʻgirishiga qoʻymaydi, u muqobil soʻzlar tanlashda ixtiyorini yoʻqotishdan tashqari tarjima etilayotgan tilning ifoda xossalarini oʻz tiliga ham toʻgʻridan-toʻgʻri, “kalka” yoʻli bilan koʻchirishga oʻtib oladi”. Aynan mana shunday tarjimonlar xizmati oʻlaroq tilimizda bir vaqtlar ruschadan kalkalab olingan “yirik shoxli mol” va “mayda shoxli mol” atamalari paydo boʻlgan edi. Nahot endi ming yillik mashgʻulotimiz bilan bogʻliq tushunchalarni nomlashda oʻrisdan ulgi olsak? Axir xalqimiz azaldan molni “qoramol”, “uvoq mol” deb ayirgan. Qoramolchilikka oid bir lugʻatda ruscha “buryonka”ning oʻzbekcha “sigircha” deb tarjima qilinganini koʻrib, ochigʻi, hayron boʻlganman. Oʻzbek yosh qoramolni “tana”, “qochar” deganini eshitgaman-u, “sigircha” deganini sira eshitmagan ekanman.

Bunday beoʻxshov tarjima mahsullari hozirgi mediamakonda ham toʻlib-toshib yotibdi. Shu kunlarda dolzarblik kasb etayotgan koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq “samoizolyatsiya” atamasini oʻzbekcha “oʻz-oʻzini yakkalash” tarzida tarjima qilganlar, oʻzbek tilida harakatni oʻziga yoʻnaltirishda oʻzlik nisbati shakli qoʻllanishidan bexabar boʻlsa kerak. Rus tilida “izolyatsiya” soʻzida harakat kimga yoʻnalganligi ayon emasligi bois ular samo — old qoʻshimchasini qoʻshadilar, oʻzbek tilida “oʻzini oʻzi” degan birlikni qoʻshishning aslo hojati yoʻq, “yakkalanish”ning oʻzi kifoya.

Innovatsion rivojlanish vazirligi eʼlon qilgan dastur asosida 2019-yilning yoz-kuz oylari Belarus Respublikasiga malaka oshirishga bordim va bu davlatda til bilan bogʻliq vaziyat, davlat tili maqomi va beloruslarning davlat tilini targʻib qilishdagi saʼy-harakatlarini kuzatishga, oʻrganishga muvaffaq boʻldim. Aytish joizki, bu davlatda ikkita – rus va belorus tillari davlat tili maqomiga ega. Koʻcha-koʻyda aholi asosan rus tilida gaplashar ekan. Biz, bir guruh oʻzbeklar, tarixiy obidalar ziyorati davomida oʻzaro oʻzbek tilida muloqot qilganimizni koʻrib, eshitib, mahalliy aholi havas bilan boqishdi. Ammo beloruslarning ona tilini targʻib qilishdagi saʼy-harakatlari tahsinga sazovor. Ayniqsa, til bilan bogʻliq ijtimoiy reklamalardan oʻrnak olsak boʻladi. Minsk koʻchalarini bezab turgan ulkan tasviriy oyinalarda “Smak radzіmaymovы”(Ona tilim toti) shiori ostida biror meva, oʻsimlikning tasviri va uning beloruscha nomi belorus tilida yozilgan. Nazarimda, beloruslardan ulgi olib, nomi unutilib borayotgan, lugʻat qaʼriga choʻkib borayotgan soʻzlarimizni qayta jonlantirish maqsadida poytaxtimiz va mamlakatimiz yirik shaharlarini mana shunday ijtimoiy reklama namunalari bilan bezatishimiz lozim. Zero, rus tili taʼsirida xalqimiz “ukrop”ning oʻzbekcha “shivit”, “malina” yoki “smorodina”ning “xoʻjagʻat”, “qoragʻat”, arab tili taʼsirida “naʼmatak”ning xalqona “itburun” nomlarini unutib bormoqda. Yanada kengroq koʻlam olib, bunday mazmundagi videoroliklarni metro va avtobus monitorlarida berib borish ham maqsadga muvofiq boʻlar edi, deb oʻylayman.

Zero,til taqdiri — millat taqdiri. Shunday ekan, bu masalaga befarq qarashga haqimiz yoʻq. Oʻzgarish va islohotlarni esa har birimiz oʻzimizdan boshlaylik!

Feruza Musayeva,
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilimizni mayna qushdan asraylik!
Жамият
13:08 / 18:05:2020