Tilimiz fidoyilarini tarbiyalash yo‘lida
bugungi kunda dunyo aholisining yurtimizga, xususan, ona tilimizga qiziqishi ortdi. Aytish kerakki, hozirda AQSH, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Hindiston kabi xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili o‘qitilmoqda. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalarini dunyo tillariga tarjima qilish sur’ati ham sezilarli darajada o‘sdi.
Yurtimizda o‘zbek tilining qadr-qimmatini ko‘tarish, nufuzini yuksaltirishga qaratilgan tarixiy farmonning qabul qilinishi, qolaversa, mamlakatimizda «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni e’lon qilingani yosh avlod tarbiyasida ona tiliga ehtirom va muhabbat hissini shakllantirish uchun keng yo‘l ochdi.
O‘zining katta filologiya maktabi, yosh tilshunos va adabiyotshunoslar, umuman, o‘zbek tili fidoyilarini tarbiyalashdagi samarali tizimiga ega Farg‘ona davlat universitetida ilm-fan rivojining yangi ufqlari ochilayotganini e’tirof etishimiz kerak. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 martdagi qaroriga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi «Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi» Farg‘ona viloyati bo‘yicha hududiy bo‘linmasining tashkil etilgani, Prezidentning 2019 yil 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida yangi -«O‘zbek tili va adabiyoti» kafedrasi ish boshlagani Farg‘onada o‘zbek tili istiqboliga qaratilgan xayrli qadamlardan biri bo‘ldi.
Fakultet professor-o‘qituvchilari erishayotgan yutuqlar salmog‘i yildan yilga ko‘payib bormoqda. Joriy yilda malakali olimlarimiz Nargiza Umarova va Zuhra Akbarovalar filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga erishishdi. Fakultet dotsentlari Gulbahor Roziqova, Muhammadtohir Abdullayev, Anvar Muhiddinov va Qahhorjon Yulchiyevlar filologiyaning muhim masalalariga doir doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish arafasida. Professor Alijon Mamajonov va dotsent Muhammadtohir Abdupattoyev hammuallifligidagi «Matn tilshunosligi» kitobi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan nashrga tavsiya etildi. bugungi kunda fakultetning ilmiy salohiyati 42 foizdan ziyodni tashkil etgan holda tilshunoslik kafedrasida mazkur ko‘rsatgich 74 foiz ekanligi professor-o‘qituvchilarimizning ilmiy yuksalishlarini o‘zida aks ettiradi.
Yosh olimlarimiz erishayotgan yutuqlar, ularning izlanuvchanligi, faol ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotganligi, ayniqsa, e’tiborga molik. Xususan, Farg‘ona vodiysi toponimlarining qiyosiy-tarixiy va antropotsentrik tadqiqi bilan shug‘ullanayotgan Gulruh Jo‘raboyeva, ekolingvistika: o‘zbek tilida til va nutq sofligining lingvokulturologik tadqiqi bo‘yicha ish olib borayotgan Nizomiddin Qo‘ldashev, "XX asr o‘zbek qissalarida bola obrazi: davr va ruhiyat» mavzusi tadqiqotchisi Rustamjon Umurzaqov ham filologiya fanlari bo‘yicha (PhD) doktorlik dissertatsiyasini tayyorladilar. Yosh tadqiqotchilarning ilmiy yuksalishlariga qarab, Farg‘ona filologiya maktabining yorug‘ ertasini ko‘rganday bo‘lamiz.
Ta’kidlash kerakki, farg‘onalik filologlarning tilimiz tadqiqi va rivoji yo‘lidagi zahmatli mehnati yuksak e’tirofga loyiq va ular munosib qadr topmoqda. Fakultet professori, filologiya fanlari doktori Sharifaxon Iskandarova Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi arafasida davlatimizning yuksak mukofoti - «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Aytish kerakki, Sh. Iskandarova mazkur fakultetda tahsil olib, fan doktori darajasigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi, tilshunoslikning mazmuniy maydon masalalarini o‘rganish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratdi.
Hozirda yuzlab iqtidorli va faol talaba-yoshlarimiz respublika xalqaro miqyosda katta yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotganidan tom ma’noda faxrlanamiz. Xususan, fakultet talabasi Qobiljon Shermatov bu yil «Ilhom» Milliy mukofoti sovrindori bo‘ldi. Abdulloh Ro‘zimatov Italiyaning Sapienza universiteti magistratura bosqichiga imtiyozli qabul qilindi. H.Abdullayev, S.Yusupova singari ijodkor talabalarning she’riy kitoblari nashr etildi. O‘nlab talabalarimiz nomdor stipendiyalar sovrindori bo‘lgani bizning yutug‘imizdir.
Oliygohimizning Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universiteti bilan mustahkam hamkorligi natijasida fakultet «Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili» yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yishga erishdi. Endilikda 25 nafar talabalarimiz Qozon federal universitetida tahsilni davom ettirish imkoniga ega bo‘lishdi. Bundan tashqari, fakultetimizning Turkiya va Ozarbayjon davlatlari oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda.
Fakultet tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘tgan davrda filologiya fakulteti ilm-fan uchun 3 nafar akademik, 20 ga yaqin fan doktori, professorlarni yetishtirib berdi, 3 nafar O‘zbekiston xalq shoirlari kamolga yetdi. Ta’kidlash o‘rinliki, 1990 yillarda fakultetda 1 nafar fan doktori, 11 nafar fan nomzodi faoliyat olib borgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich sezilarli darajada o‘sdi va o‘sib bormoqda. Mustaqillik yillarida fan doktorlari soni 9 nafarga, fan nomzodlari soni 24 nafarga ortdi, 20 nafardan ziyod filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari mehnat qilmoqda.
2017 yildan Farg‘ona davlat universiteti huzurida ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kengash tarkibiga respublikamizning 15 nafar taniqli olimlari kiritilgan bo‘lib, ularning 8 nafari universitet olimlari hisoblanadi. Kengash faoliyat boshlaganidan buyon 70 dan ortiq doktorlik va falsafa doktori dissertatsiyalari himoya qilindi.
Oxirgi 3 yilda kengashda mamlakatimizning deyarli barcha hududlaridan tadqiqotchilar tomonidan 3 ta doktorlik va 50 dan ortiq falsafa doktori dissertatsiyalari himoya qilindi. Shundan 23 ta falsafa doktori, 1 ta doktorlik dissertatsiyasi universitet olimlari tomonidan himoya qilindi. Fakultetda yuqori malakali pedagog-kadrlar tayyorlash, olimlar safini kengaytirish maqsadida tayanch doktorantura va doktorantura faoliyat ko‘rsatib, ayni paytda 10 nafar tadqiqotchilar ilmiy izlanish olib bormoqda. Fakultetda yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida talabalikdan doktoranturagacha bo‘lgan ko‘p bosqichli tizim yaratilgan. Fakultet ilmiy faoliyati o‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligida munosib o‘ringa ega bo‘lib, matn lingvistikasi, mazmuniy maydon nazariyasi, pragmatika, nutq va uslub, poetika, oybekshunoslik, adabiy aloqalar kabi sohalarda yetakchilik qiladi. Birgina o‘zbek tili yo‘nalishida so‘nggi ikki yilda 2 ta darslik, 10 ga yaqin qo‘llanma va monografiyalar chop etilgani buning yorqin dalilidir.
2021-2022 o‘quv yilini fakultet jamoasi yangi o‘quv binosida boshladi. Davlatimiz rahbarining oliy ta’limga qaratayotgan e’tibori va universitet rahbariyati sa’y-harakatlari bilan shahardagi sobiq kompyuter texnologiyalari kolleji binosi kapital ta’mirlanib, fakultet ixtiyoriga berildi. Keng va shinam auditoriyalarda talabalar samarali bilim olishga erishmoqdalar.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ziyolilarning o‘rni katta. Bunga javoban filologiya fakulteti jamoasi o‘z kuch-g‘ayrati, ilmiy salohiyati bilan Yangi O‘zbekistonni qurish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shishga intilmoqdalar.
Zero, tilimiz fidoyilarini kamolga yetkazish-muqaddas vazifa. Qolaversa, millat ko‘zgusi bo‘lgan ona tilimizni saqlab, kelgusi avlodlarga sof va serjilo holda yetkazish, uning til imkoniyatlarini kashf etish, tadqiq etish uchun ham burchlimiz. Farg‘ona filologiya maktabining yetuk malakali kadrlar tayyorlash an’anasini munosib davom ettirish va bu ezgu ishni yangi bosqichga olib chiqish esa fakultet ilmiy jamoasining ulug‘vor va mushtarak maqsadidir.
Zokirjon RAHIMOV,
Farg‘ona davlat universiteti filologiya fakulteti dekani,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent.