Tilga ehtirom – milliy qadriyatlarga ehtirom
Namangan shahridagi Adiblar xiyobonida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda viloyat hokimining o‘rinbosari O.Bozorov, Namangan shahar hokimi A. Kamolov, viloyat «Nuroniy» jamg‘armasi raisi I. Najmiddinov, shoir va yozuvchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zbek tili xalqimizning milliy o‘zligi, boy tarixi, madaniyati va ma’naviyatini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyat ekani ta’kidlandi. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganidan buyon o‘tgan 37 yil davomida uning nufuzini yuksaltirish, qo‘llanish doirasini kengaytirish va xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, ona tilimizning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning sofligini asrab-avaylash, yosh avlod qalbida milliy tilga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash muhim vazifalardan ekani qayd etildi.
Bayram tadbirida yangragan samimiy tabriklar, ona tilimizga bag‘ishlangan she’rlar va kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, yosh ijodkorlar ijrosidagi she’riy chiqishlarda ona tiliga muhabbat, Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarga ehtirom tuyg‘ulari o‘z ifodasini topdi.
Tadbir davomida buyuk shoir va mutafakkir Boborahim Mashrab haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, uning boy adabiy merosiga hurmat bajo keltirildi.
[gallery-32104]
Ona tilimizga ehtirom va milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida o‘tgan bayram tadbiri ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA