Til va qadriyatlar mushtarakligi asosi
Xitoydan to Xurosongacha bo‘lgan hududni so‘zi-cheriki (qo‘shini) bilan egallagan hazrati Alisher Navoiy butun umri davomida tili, dini, qarashlari, urf-odatu an’analari bir bo‘lgan turkiy qavmlarini bir mayoq ostida birlashtirish, savdo va dehqonchilik, milliy hunarmandchilik va chorvachilikni rivojlantirish asnosida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan.
Shu barobarida Navoiy azaldan qavmi-qarindoshi yashagan turkiy xalqlarning ma’naviy olami, milliy g‘urur va qadriyatlarini tiklashga, ilm-fani, san’ati, madaniyati hamda osori atiqalarini saqlashga intilgan.
O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya va Turkmaniston rahbarlarini jamlagan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ulug‘ mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish haqidagi qarorning qabul qilinishi buyuk so‘z san’atkorining o‘lmas ijodiga berilgan buyuk bahodir.
Istanbul yaqinidagi Demokratiya va erkinlik orolida o‘tgan Turkiy kengash to‘rt jihati bilan dunyo hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Avvalo Shavkat Mirziyoyev o‘rtaga tashlagan tashabbus va takliflar O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda muhim pozitsiyaga ega ekani, geosiyosiy milliy manfaatlar o‘zaro uyg‘unlikda olib borilayotganini yaqqol ko‘rsata oldi.
Ikkinchi jihat – turli tahdid va xavf-xatarlar, pandemiya qiyinchiliklari, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqlimning keskin o‘zgarishi va ekologiya muammolari avj olgan vaziyatda O‘zbekistonning turkiy tilli davlatlarning o‘zaro jipsligini oshirishdagi sa’y-harakati siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada takomil topishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan Prezidentimiz tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo to‘siqlarini bartaraf etish, elektron tijoratni joriy etish, eksport-import hajmini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga ko‘maklashuvchi Turkiy davlatlar savdo hamkorligi bo‘yicha tadqiqot Markazini tashkil etish taklifini berdi. bugungi kunda dunyo bo‘yicha atrof-muhit tozaligini ta’minlash, keskin o‘zgarayotgan iqlim sharoitida uglerod neytralligiga erishish “yashil” iqtisodga o‘tish nihoyatda dolzarb masalalardan biri.
To‘rtinchi muhim jihat – Davlatimiz rahbari ekologik fojealarni salbiy oqibatlarini yumshatish, ularning tarqalishini to‘xtatish maqsadida BMT bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha tuzilmasini tuzish tashabbusini ilgari surdi.
Sammit yig‘ilishida “Turkiy dunyo turizmi”, “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmasi va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, madaniy meros ob’ektlarini saqlash, qayta restovratsiya qilishni o‘zida jamlagan “Yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish, turkiy xalqlar buyuk allomalarning nodir qo‘lyozmalarini tarjima qilish, yagona elektron bazasini yaratish, shu yo‘nalishda raqamli texnologiyalarni joriy etish masalasida davlatimiz tashabbuslari qatnashayotgan davlat vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ayniqsa, 2022 yilni Turkiy dunyoda “yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilish taklifi yosh avlodni kreativ fikrlashga qaratilgan tizimli ishlar O‘zbekistonda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganining yorqin namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Muxtasar aytganda, dunyo hamjamiyati turkiy davlatlar hamkorligiga alohida qiziqish bilan yondashib, O‘zbekistonning o‘zaro hamkorlik va manfaatli munosabatlar borasidagi fikr-mulohazalarini atroflicha tahlil qilishga harakat qilayotir. Sammit turkiy xalqlarning qadriyatlari uyg‘unlashgan, milliy manfaatlari hisobga olinadigan, ustuvor vazifalar ijrosi doirasida og‘ishmay harakatlanadigan mezon bo‘lib tarixda muhrlanadi.
Nodir G‘afforov,
Aziz Tillaxodjayev,
O‘zbekiston davlat jismoniy
tarbiya va sport universiteti
dotsentlari