Til – ulugʻ neʼmat, cheksiz imkoniyat
Farzandimiz soʻzlay boshlaganida qanchalar quvonganimizni, u bilan chaqaloq tilida gaplashganimizni bir eslaylik...
Farzandimiz soʻzlay boshlaganida qanchalar quvonganimizni, u bilan chaqaloq tilida gaplashganimizni bir eslaylik... Olam shodligi bor bu lahzalarda. Shunday chogʻlarda til insonga qanchalar aziz va zarur boʻlsa, uning daxlsizligi, himoyasi ham shu qadar muhim ekani ayon boʻladi.
Inson ulgʻayib borgani sari oʻzligimizning muazzam poydevoriga boʻlgan qarashlarimiz mustahkamlanib boradi. Shu asnoda qalbimizni turli shaytoniy qutqulardan, notoʻgʻri qarashlardan asragan iymonimiz kabi muqaddas ona tilimizga boʻlgan munosabatimiz ham yuksaladi.
Qariyb bir oydirki qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 42 moddasiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisidagi hujjat loyihasini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Bu yerda hech bir millatga yoki oʻzga tilga nisbatan cheklov yoki nopisandlik yoʻq. Faqat davlat tiliga nisbatan sustkashlik va loqaydliklarni bartaraf etish nazarda tutilgan. Axir tashkilot yoki korxona rahbari davlat tiliga nopisand, loqayd munosabatda boʻlsa boshqalardan, toʻgʻrirogʻi oddiy odamlardan nima kutish mumkin?
Atoqli adib Abdulla Qahhorning “nima uchun koʻcha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?” degan qilich kabi keskir gapini eslaylik. Davlat tilini buzib gapirgani, amaldagi qonun va qarorlarga rioya qilmagani uchun jarima yozila boshlasa, yaʼni bu qonun kuchga kirsa, xuddi yoʻl qoidasini buzmaslik uchun naqadar hushyor va ziyrak boʻlganimiz kabi tilimizga ham munosabatimiz oʻzgarishi tabiiy.
Bu qonun kuchga kirsa, shubhasiz, milliy til va adabiyotimizning mavqei yuksalishi oʻlaroq, boy maʼnaviy merosimizni yana-da chuqurroq oʻrganish, yosh avlod tafakkuriga tilimizning bor tarovat va jozibasini singdirish imkoni kengayadi, xalqaro maydonlarda ham ona tilimizning nufuzi yuksaladi.
Ozoda BEKMURODOVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumani hokimi maslahatchisi.