Til taraqqiyotning tarozisi
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligining 31 yilligi hamda Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan respublikamizning barcha tuman va shaharlarida xuddi shu sana munosabati bilan maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilayotgani quvonarlidir.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligining 31 yilligi hamda Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan respublikamizning barcha tuman va shaharlarida xuddi shu sana munosabati bilan maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilayotgani quvonarlidir.
Ana shunday maʼrifiy tadbirlardan biri 20-oktyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida onlayn tarzda tashkil etildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentining mudiri, professor Abdugʻaffor Qirgʻizboyev ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda institut rahbariyati, professor oʻqituvchilar, talaba, magistrant va mehmonlar ishtirok etishdi. Jami 1000ga yaqin qatnashuvchilar ishtirokida oʻtkazilgan tadbirga institut yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Ruzimurat Choriyev moderatorlik qildi.
Tadbir avvalida institut rektori, professor Oʻktam Umurzakov barchani bayram bilan samimiy tabrikladi. Soʻngra A.Qirgʻizboyev departament tomonidan oʻzbek tili rivojida amalga oshirilgan bir qator ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Davlatimiz rahbarining “Har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”, degan fikrlari hayot uchun yoʻllanma, taraqqiyot uchun qoʻllanma boʻlishi aniq.
Bugungi kunda Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Atamalar komissiyasining davlat tilining rivoji va uning targʻiboti, ommalashtirish borasida bir qator amaliy, ijobiy ishlarni amalga oshirayotganini taʼkidlash oʻrinlidir.
“Til - taqdirimiz, tariximiz taqozosi, taraqqiyot tarozisi” deb nomlangan adabiy-maʼrifiy tadbirda talabalar oʻz ijodlaridan namunalar oʻqib berishdi, baʼzi talabalar esa tilga bagʻishlangan videoroliklarini namoyish etishdi.

Qaynar buloqning zilol suviga tashnalik tabiiy hol. Suv ekinning joni va qoni boʻlsa, soʻz insonning armoni va moyayi darmonidir. Har ikkalasi ham insoniyatga zarur. Suv tanaga oziq, soʻz esa ruhiyatga. Maʼrifatga oshna, maʼnaviyatga tashna qalblarning tilimizga, qadriyatlarimizga mehr-muhabbati yuqori boʻladi. Eʼtiborning ehtiromga, ehtiromning eʼzozga aylanishi fuqarolarimizning davlat tiliga boʻlgan munosabatiga bogʻliq. Bu esa chin maʼnodagi insoniy va vijdoniy burchimiz boʻlishi tabiiydir.
Zeroki, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.”
Tilga munosabat faqat tilda, shiorlarda emas, balki amaliyotda boʻlishi zarurligini Prezidentimiz qayta-qayta uqtirishlari bejiz emas. Davlat tilining ijtimoiy-iqtisodiy, rasmiy va siyosiy jarayonlardagi rolini oshirish bobida Prezidentimiz oʻrnak boʻlayotgani sir emas. BMTning Bosh assambleyasining 75-sessiyasida Oliy minbardan turib oʻzbek tilida nutq qilishlari xalqimizni va boshqa qardosh xalqlarni ham gʻururlantirib yuborgani sir emas. Demak, hammamiz til va nutq madaniyatini toʻla oʻzlashtirsak, amalda qoʻllay olsak, Davlat tilining ijrosi amalda deganidir.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
Institut matbuot xizmati rahbari