Yurtimizda ta’limga e’tibor natijasi o‘zida sifatli o‘zgarishlarni aks ettirmoqda. Yangi Milliy o‘quv dasturi o‘quvchilarga ta’limda qanday imkoniyatlarni taqdim etadi? Ona tilini o‘rganishning muhim asoslari nimalar orqali shakllanadi? Shu kabi masalalar yuzasidan Chirchiq davlat pedagogika universiteti professori Shahlo Botirovaning fikrlariga qiziqdik.
– Tarixdan ma’lumki, xalqlarning ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyotida tilning ta’sir doirasi, imkoniyatlari, uning nafaqat kommunikativ, balki ilmiy-madaniy soha rivojidagi salohiyati muhim ahamiyatga ega, – deydi Shahlo Botirova. – Behbudiy o‘zining “Ikki emas, to‘rt til lozim” (1913) nomli maqolasida “Biz turkistoniylarg‘a turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq lozim”, deya turkiy, ya’ni o‘zbekcha bilishning sababi Turkiston xalqining aksari o‘zbekcha so‘zlashishi, forsiy bo‘lsa, madrasa va udabo tili ekani, arabiy til din uchun na daraja lozim bo‘lsa, rusiy ham tiriklik va dunyo uchun lozim ekani haqida kuyunib yozgan edi.
E’tibor berib qaralsa, Behbudiy sanagan tillar o‘z zamonida ham muhim sohalar bo‘yicha bilim olish vositasi sifatida zarurat sanalgan. Oradan bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, tillarni o‘rganish ehtiyoji saqlanib qolmoqda. Bundan yuz yil ilgari til bilishning ahamiyati qanchalar yuqori bo‘lgan bo‘lsa, bugun ham bu masala shu darajada dolzarbdir. Ya’ni, millliy tafakkurni saqlash va rivojlantirish uchun ona tili muhim bo‘lsa, zamonaviy bilimlarni egallash uchun dunyo tillarini bilish zarurdir.
Ko‘p tillarni bilish, albatta, yaxshi, ammo ona tilini bilish jamiyat taraqqiyotini belgilovchi omillarning eng muhimlaridan biri hisoblanadi. Tilni rivojlantirish, jamiyatda undan foydalanishni qulaylashtirish, uni madaniyat, san’at va fan tiliga aylantirish boshqa ko‘plab muhim sohalarning o‘sishida asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Shularni chuqur anglagan adibimiz Xurshid Davron o‘zbek tilining rivoji haqida kuyunib shularni yozgan edi: "... o‘zbek tilining kelajagi shu tilda so‘zlovchi xalq ijodiy tafakkurining quvvatiga bog‘liq. Bu tafakkur harakatda bo‘lgandagina muvaffaqiyatga erishadi".
Shuningdek, shoir til ishlatiladigan sohalar: xo‘jalik ishlari, siyosiy-ijtimoiy soha, badiiy adabiyot, fan, hujjatlarni yuritish, axborot, estetik ta’sir vositalari (teatr, kino…), xalq ijodi, maorif, turmush, o‘zaro yozishmalar, diniy marosimlar, harbiy sohani sanab o‘tadi hamda ushbu sohalarning hammasida til harakatda bo‘lgandagina shu tilning kelajagi haqida gapirish mumkinligini yozadi.
– Xo‘sh, jamiyatimizda yuqorida sanab o‘tilgan sohalar davlat tilida o‘z faoliyatini tashkil etayaptimi?
– Xorijiy tilni bilish rag‘batlantirilayotgan ayni kunlarda ona tilimiz ta’limini yaxshilash, uni jamiyat tiliga aylantirish masalasi yana dolzarblik kasb etmoqda. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarini kuzatar ekanmiz, milliy tilini rivojlantirishga bo‘lgan alohida e’tiborga guvoh bo‘lamiz. Ularda ona tilini nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham rivojlantirish harakatlari mavjudki, bularga havas qilmaslikning imkoni yo‘q. Xorijliklarga milliy tilni o‘rgatish bilan shug‘ullanadigan Turkiyaning Yunus Emre instituti, Rossiyaning A.S.Pushkin instituti kabi oliy ta’lim muassasalari mazkur xalqlar milliy tilining rivoji va dunyo bo‘ylab tarqalishiga xizmat qilmoqda.
Mamlakatning kechmish zamonda boshidan o‘tkazgan tarixi, asrlar davomida amal qilib kelayotgan an’analari, yashash uchun muhim hisoblanmish qadriyatlari va urf-odatlarini aks ettirishda milliy til ko‘makka keladi. Tilning rivojlanishi xalqning madaniy merosini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish imkonini beradi.
Ikkinchidan, ta’lim-tarbiya targ‘ibotida milliy tilning o‘rni beqiyos. Tilning rivojlanishi mahalliy tildagi ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash orqali mamlakat ta’limini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirish lozim bo‘lgan asosiy tadbir – xalq tilida ta’lim resurslarini yaratish va albatta, tilni fan tiliga aylantirish harakatlarini amalga oshirish hisoblanadi. Jahon ilm-fanining eng so‘nggi yangiliklarini xalqqa o‘z tilida taqdim etib borish orqali xalqning ilmiy saviyasini doimiy oshirib borishga erishishga imkon beradi. Bu esa, o‘z navbatida, ta’lim darajasini oshirish va mamlakatning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, milliy til mamlakat aholisi o‘rtasidagi muloqot vositasidir. Milliy tilning rivojlanishi aholining turli guruhlarini o‘zaro tushunish va ijtimoiy integratsiyalashuviga yordam beradi. Bu barkamol jamiyat barpo etish, millat birligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qolaversa, milliy til iqtisodiy taraqqiyotning muhim elementidir. Tilni rivojlantirish tijorat munosabatlari va savdo-sotiqni rivojlantirishga xizmat qiladi, mamlakatda tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni yaxshilaydi, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakat obro‘sini mustahkamlashga yordam beradi.
Pedagogik tadqiqotlar ko‘rsatadiki, til ta’limining asosiy maqsadi – tilni muloqot vositasi sifatida malakali bilishni ta’minlash, shuningdek, til ko‘nikmalarini, kuzatish, xotira va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishdan iborat. Tilni o‘qitishning sifatli tizimini yo‘lga qo‘yishning asosiy sharti jamiyatning barcha a’zolari, jumladan, bolalar, yoshlar va kattalar uchun sifatli til ta’limi mavjudligini ta’minlashdir.
– Til o‘rganish jarayonini yanada qiziqarli va samarali qilish uchun pedagoglar qanday muhim vazifalarni bajarmoqda?
– Bugun yurtimizda maktabgacha ta’lim, umumta’lim, oliy ta’lim muassasalarida hamyonbop va sifatli til ta’limini tashkil etish hamda zamonaviy uslub va texnologiyalarni jalb etish ehtiyoji mavjud. Dunyo tajribasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi, til o‘rganish uchun onlayn kurslar va ilovalarning paydo bo‘lishi samarani ta’minlamoqda. Ushbu yutuqlarni ta’lim tizimimizga tatbiq etish, interfaol texnikalar, audio, video materiallar, onlayn seminarlar, testlardan foydalangan holda til o‘rganish jarayonini yanada qiziqarli va samarali qilish bugun pedagoglar oldida turgan muhim vazifalardandir.
Yurtimizda ta’limga e’tibor keyingi yillarda, ayniqsa, sifatli o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirmoqda. O‘qitishning sifati hamda mazmunini tubdan yangilash, ta’limni jahon standartlariga moslashtirish va shu asnoda xalqaro miqyosdagi raqobatbardosh kadrlarni tarbiyalashni ko‘zda tutuvchi mazkur o‘zgarishlar jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida rivojlanishni ta’minlash uchun xizmat qiladi.
– Yangilangan Milliy o‘quv dasturining yaratilishi til ta’limida qanday o‘zgarishlarni yasaydi?
– Yangilangan Milliy o‘quv dasturining yaratilishi til ta’limida tubdan o‘zgarish yasadi, desak, xato bo‘lmaydi. Sababi, nazariy grammatika asosidagi til ta’limi yurtimizda uzoq yillar davomida amalda bo‘lib keldi. Bunda ta’lim oluvchilarning mustaqil nutq ko‘nikmalari va bunga bog‘liq holda fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish ko‘zda tutilmagani sabab olingan bilimlar amalda qo‘llanmay qolib ketaverdi. Solishtirish uchun eski o‘quv dasturlari yodlatishga asoslangan metodikani ko‘zda tutib, darslar mazmunining 90 foizi nazariyadan iborat edi. Yangi Milliy o‘quv dasturi mazmuni 50 foiz nazariya 50 foiz amaliyotdan iborat va o‘quvchining mustaqil faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi Milliy o‘quv dasturi o‘quvchilarni til ta’limida to‘rt muhim ko‘nikma asosida amaliy bilim olishlarini ta’minlaydi. Bu nutqiy ko‘nikmalar o‘rganilayotgan tilni amalda qo‘llay olish va ham og‘zaki, ham yozma tarzda mazkur tilda fikrni bayon etish malakalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, tanlangan yo‘l – asosli. Til ta’limini yangi yo‘nalishga tushirish uchun mutaxassis olimlarimizdan yakdillik, xalqimizdan birdamlik hamda o‘rganuvchilarga rag‘bat talab etiladi. Tilni o‘qitishdagi yangi o‘zgarishlarni imkon qadar xato va kamchiliklarsiz, chuqur mulohaza yuritgan holda amalga oshirish lozim. Ayni kunlarda ko‘zga tashlanayotgan shoshma-shosharlik, e’tiborsizlik, hamda o‘qitishdagi xatolar butun bir avlodning nutq va shu asnoda shakllanuvchi fikrlash jarayonida nuqsonlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, tilni o‘qitish millat tafakkurini shakllantirishning asosi hisoblanadi. Qolaversa, til bilan uzviy bog‘liqlikda rivojlanuvchi sohalarning ahamiyati shu qadar yuqoriki, til ta’limisiz jamiyat taraqqiy eta olmaydi.
Ayni kunlarda yurtimizda ta’limni rivojlantirish, xususan, tilni o‘qitishni tubdan yangilash jarayoni boshlangan. Bunda atrofimizda qarashlar xilma-xilligi, avlodlar o‘rtasidagi tafovutlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ammo, ta’limda xatoga o‘rin yo‘q. Ayniqsa, tilni o‘qitishdagi xatolarning badali og‘ir bo‘lishi mumkin.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA muxbiri.