Til – har bir millatning qalbi, gʻururi, mustaqillik belgisi, kelajagi. Tilsiz hech bir millat toʻlaqonli xalq boʻla olmaydi. Usiz Vatanning erki yoʻq. Shu kahkashonda oʻzbek tili ham millatimizning faxri, dunyo tan olishiga hissa qoʻshgan aloqa vositasidir.
Til – har bir millatning qalbi, gʻururi, mustaqillik belgisi, kelajagi. Tilsiz hech bir millat toʻlaqonli xalq boʻla olmaydi. Usiz Vatanning erki yoʻq. Shu kahkashonda oʻzbek tili ham millatimizning faxri, dunyo tan olishiga hissa qoʻshgan aloqa vositasidir.
Oʻtgan asrning 80-yillarida buyuk alloma Alixontoʻra Sogʻuniy oʻzining “Turkiston qaygʻusi” kitobida shunday yozgan edi: “Odam oʻzligini unutmasligi uchun uch narsani qoʻldan boy bermasligi kerak: Vatanini, dinini va tilini. Vatanimizni boy berdik. Dinimizni ham yoʻqotdik. Endi tilimizni ham unutsak, biz kim boʻlamiz?” Bu soʻzlar ayni haqiqat edi.
Sobiq ittifoq davrida ardoqlagan ana shu muqaddas tilimiz qogʻozda bor boʻlsa-da, amalda yoʻq edi. Biz koʻp yillar buyuk ajdodlarimiz muloqot qilgan, olamshumul tarixiy asarlar yaratgan tilimizdan mosuvo yashadik. Dilimizdagini tilimizda ayta olmadik. Mazlumlar tilida gapirishga, qoʻshiq kuylashga, hatto “mening ikki onam bor...” deb hayqirishga majbur boʻldik. Shoir Muhammad Yusuf yozganidek:
Kimdir mayda millat boʻldi, kimdir katta,
Katta millat Afandisi yoʻqdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm oʻtsa faqat sendan oʻtdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
1989-yil 21-oktyabr. Bu qutlugʻ kun Oʻzbekiston tarixiga, oʻzbek millati yilnomasiga zarhal harflar bilan bitildi. “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi. Mustabid tuzum davrida bunday qonunning qabul qilinishi chindan ham jasorat edi, oʻziga xos maʼnaviy inqilob edi. Avlodlarimiz asrlar boʻyi orzu qilgan, ammo orzulari sarobga aylanib qolgan davrlarda momaqaldiroqdek guldirab, chaqmoq chaqib, yuzaga keldi bu qonun. U Mustaqilligimiz sari qoʻyilgan eng dadil qadam edi. Bu qonunning qabul qilinishi oson kechmagan.
Sobiq ittifoq tanazzulga yuz tutgan yillar. Shunday bir paytda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi 1989-yilning boshlarida matbuotda eʼlon qilinib, umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Bu qonun loyihasi ancha gʻoʻr boʻlib, zoʻrama-zoʻrakilik asosida tayyorlangani shundoq bilinib turardi. Uni mutolaa qilgan odam oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan boʻlsa-da, aslida oyoq-qoʻli bogʻlab tashlangan odamga oʻxshab qolgandi. Davlat boshqaruvi organlarida, yetakchi vazirliklarda barcha yozuv-chizuv ishlari, soʻzlashuvlar, avvalgidek, rus tilida amalga oshirilar, uzoq tumanlardagina qisman davlat tilida ish yuritilardi. Umuman olganda, “eski hammom, eski tos” edi.
Davlat tili mavzusining siyosiy maydonga chiqishining oʻzi juda katta voqea edi. Mustabid tuzum biroz boʻlsa-da xalqqa roʻshnolik koʻrsatib, oshkoralikning yoqimli shamolidan barcha maʼrifatparvar insonlar bahramand boʻla boshlagandi. Bir asrdan oshiqroq davrda ayta olmagan boy tariximizni, buyuk allomalarimizni, qadriyatlarimizni asta-sekinlik bilan tilga olayotgandik. Dunyo oʻzgarmoqda, odamlar fikri, soʻzi dadillashmoqda, oʻzlarini anglab yetmoqda edi.
Qonun loyihasi boʻyicha matbuotda aniq va dadil fikr-mulohazalar aytilmoqda edi. Oʻzbek tili davlat tili boʻlishi kerakligini hech hayiqmay aytayotgan ziyolilar, ijodkorlar koʻp edi. Lekin ikki tillilikni xohlayotgan, rus tilisiz hayot, taraqqiyot yoʻq, deyayotganlar ham bor edi. Hatto oʻsha davrda biz ishlayotgan, davlat tilini jon kuydirib yoqlayotgan yoshlar gazetasini oʻz sahifasida “Palahmon toshi tegsa boshga, tegmasa....” degan ilmoqli soʻzlarni sarlavhaga olib chiqib, tanqid qilgan “otaxon” gazeta, kazo-kazo nomdor rusiyzabon insonlar ham bor edi. Shu sababli biz, yosh jurnalistlar ijod ahli, taraqqiyparvar olimlar bilan birgalikda oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilishini talab qilib, qonun loyihasini keskin tanqid qila boshladik. Ana shunday maqolalardan biri “Chala tugʻilgan bola” deb nomlangandi. Bu maqola mualliflari tarixchi olimlar Qodir Ernazarov va Oʻtkir Amirov qonun loyihasini tahlil qilib, uning koʻp jihatlarini keskin tanqid qilib chiqqandi.
Oʻsha vaqtlarda davlatimiz rahbariyati almashinib, mamlakatga oʻz ishi va soʻzi bilan tanilgan yangi yoʻlboshchi – Islom Karimov kelgan edi. Yangi rahbar matbuotda eʼlon qilinayotgan maqolalardagi fikrlarni tahlil qilib, Davlat tili boʻyicha yangi qonun loyihasi tayyorlashni kun tartibiga qoʻydi. Yangi qonun loyihasini tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi batamom yangilandi.
Komissiya aʼzolariga juda qisqa muddatda qonunning yangi loyihasini ishlab chiqish vazifasi topshirilgan edi. Bu topshiriqqa oʻsha paytda el ogʻziga tushgan taniqli yozuvchi Odil Yoqubov rahbarlik qilayotgan yangi tashkilot – “Atamaqoʻm” ham jalb etildi. Komissiya aʼzolari matbuotda va xalq harakatida bildirilayotgan barcha fikr-mulohazalarni chuqur tahlil etib, nihoyatda qisqa muddatda yangi qonun loyihasini tayyorlashdi va uni Oliy Majlis muhokamasiga taqdim etishdi. Shunday qilib, yana bir bor umumxalq muhokamasidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni Oliy Majlis tomonidan qabul qilindi. Uning ilk moddasida quyidagi soʻzlar yozilgandi: “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili oʻzbek tilidir”. Bu oʻsha davrda milliylik sari qoʻyilgan chinakam dadil qadam edi.
Qonun mustaqillikdan soʻng yana bir bor qayta koʻrib chiqildi va 1995-yil 21-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisida yangi tahrirdagi “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi. Koʻp ishlar qilindi, eʼtibor kuchaydi. Koʻchalar, tuman va xoʻjaliklar, maktablar nomlari milliylashtirildi. Xalqimizning asl farzandlari – jahonga mashhur olimu fuzalolar, shoiru adiblar, mashhur sarkardalar, dinimizning ulugʻlari nomi tiklandi. Toʻsiqlar, qarshiliklar koʻp boʻldi. Qonunda koʻzda tutilganidek, oʻzbek tili oʻz qaddini toʻla tiklay boshladi.
Lekin bu qonun qabul qilinganiga 30 yil boʻlsa ham, hamon koʻp joylarda ruscha yozuvlar hukmron. Ayniqsa, Sogʻliqni saqlash, Temir yoʻl, “Oʻzbekiston havo yoʻllari”, harbiy xizmat, huquq-targʻibot tizimidagi koʻpgina ish jarayonlari rus tilida olib borilmoqda. Gohida yuqori boshqaruv organlari, vazirliklardan kelayotgan xatlar ham rus tilida bitilmoqda. Biz oʻzga til iskanjasidan qutila olmayapmiz, bu jarayon juda qiyin kechmoqda.
Toʻgʻri, boshqa tillarni hech kamsitmagan holda, ona tilimizni eʼzozlashimiz, mukammal bilishimiz kerak. Hech bir til bizning mamlakatda davlat tili oʻrniga ishlatilmasligi, hukmron boʻlmasligi shart. Abdulla Oripov yozganidek:
Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin sheʼrga solaman.
Sen yoʻqolgan kuning, shubhasiz,
Men ham toʻti boʻlib qolaman.
Biz hali ham oʻz tilimizning qadriga yetolmayapmiz. Koʻchalarga chiqsangiz, hamma joyda ajnabiy soʻzlar, ayniqsa, reklama va eʼlonlarni rus, ingliz tillarida oʻqiymiz. Hatto ayrim nufuzli tashkilotlarda muhim hujjatlarni rus tilida yozmasangiz, sizni savodsizga chiqaradi.
Bu borada asrlar davomida xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz bizga oʻrnak boʻla oladi. Ular oʻz ona tilini avloddan-avlodga avaylab-asrab, kelgusi nasllariga yetkazib kelmoqda. Chunki oʻz tilini bilmagan millat millat emas.
Bir voqeani yaxshi eslayman. Oʻtgan asrning 80-yillari oxirlari. Biz, bir guruh yosh oʻzbek sayyohlari qadimiy Misrga bordik. Olamga mashhur Qohira shahri va uning dunyoda tengi yoʻq eksponatlarga boy muzeylari, Jiza vodiysidagi odamzotni hayratga soladigan haybatli Xeops, Xafren va Mekkiren ehromlarini, papiros qogʻoziga yozilgan qadimiy yozuvlarni koʻrib, bu yorugʻ olam tamadduni shu zamindan boshlanganiga yana bir bor ishonch hosil qilgandik. Bu xalq qadimdan ne-ne bosqinlarni boshidan kechirgan boʻlsa-da, oʻz tilini yoʻqotgani yoʻq.
Buyuk sarkarda Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Zulqarnayn) sharafiga atalgan Iskandariya shahrida boʻlib, bu yerdagi osori-atiqalarni koʻzdan kechirganimizda bizni bir ayol taʼqib qilib yurganini koʻrdik. Bir necha soat davomida u bizning yonimizdan uzoqlashmadi. Tomoshadan biroz boʻshaganimizdan keyin yonimizga kelishga jurʼat etdi.
U salom berib, koʻzda yosh bilan davramizga qoʻshildi va oʻzini sof oʻzbek tilida Ergashoy, deb tanishtirdi. Ergashoy Moskvada oʻqigani va shu yerlik kursdoshi boʻlgan arab yigitiga turmushga chiqqanini soʻzlab berdi. Turmush oʻrtogʻi professor boʻlib, shahardagi universitetda yoshlarga taʼlim berarkan. Ularning ikkita qizi ham oʻzbek tilini juda yaxshi bilar ekan.
– Men ona yurtimdan kelgan sayyohlarni koʻrsam, hech ham oldilaridan ketolmayman, – deya soʻzlay boshladi Ergashoy opa. Tilimizni, qoʻshiqlarimizni juda sogʻinganman. Har kuni uyimda sevimli hofiz Sherali Joʻrayevning qoʻshiqlarini eshitib zavqlanaman. Sizlar bilan uchrashib, oʻzimni Oʻzbekistonda, ona yurtim Margʻilonda yurgandek his qildim. Tilimiz qanday bebaho, Oʻzbekistonda yashab, uning qadriga unchalik yetolmaysiz. Xorijda yashasangiz ona tilingizning qadrini juda yaxshi bilasiz, uni sogʻinib, yanada ardoqlagingiz keladi.
Bu soʻzlarga izoh yoʻq. Nafaqat millatimiz vakillari, balki oʻzbek tilini oʻrganib, targʻib qilayotgan yuzlab xorijliklarni koʻrib, oʻzimizda masʼuliyat hissini sezamiz.
Amerikada yashayotgan vatandoshimiz Behzod Mamadiyev shunday yozadi: “Amerika madaniyatini sevadigan, oʻzim ham oʻzlashtirishga harakat qiladigan ijobiy jihatlar juda koʻp. Ularga hurmatim cheksiz. Lekin men oʻzbekman, musulmonman. Oʻzimga xos boʻlgan madaniyatim bor, dunyoga qarashim bor. Bu masalalarda men amerikaliklardan farqliman. Farzandlarim ham men qadrlagan narsalarni qadrlashini xohlayman. Biz farzandlarimizni kichikligidan oʻz ona tilini qadrlashga, uni mukammal bilishga oʻrgatishimiz kerak. Ular oʻz tili va buyuk avlodlarining vorislari ekanliklari bilan faxrlansinlar".
Bundan olti yil muqaddam, 2013-yil 21-oktyabrda AQSHda nashr qilinayotgan ilk oʻzbek tilidagi “Vatandosh” gazetasida taniqli oʻzbek shoiri Erkin Vohidov Davlat tili qabul qilingan kun munosabati bilan chop etilgan “Tirik xazina yohud jahongashta soʻz” maqolasida quyidagilarni taʼkidlagan edi: “Men ham ona tilimizning Hazrat Navoiy zamonidagi koʻrki, boʻy-bastiga qarab havas qilaman. Qani edi, buyuk shoirning soʻz boyligi shu kunda ham toʻligʻicha tasarrufimizda isteʼfoda boʻlsa, deya orzular qilaman.
...Hech bir inson men tilshunos yoki yozuvchi emasman, deb oʻzni chetga olmasligi kerak. Bu ganj sohiblari ham, posbonlari ham, barchamiz. Ona tilimiz mehri va gʻururi koʻngillarga ilhom, togʻlarni talqon qilgudek kuch-quvvat bagʻishlasa ajab emas".
Ustoz shoirimiz orzu qilgan kunlarga yetib kelayotgandaymiz. Yaqinda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror qabul qildi. Qarorda alohida taʼkidlanganidek: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligi nafaqat mamlakatimizda, balki chet ellarda ham keng nishonlanmoqda. Bu quvonchli damlarni biz bundan oʻttiz yil muqaddam qonun qabul qilingan kunlardagidek his qilmoqdamiz. Davlatimiz rahbarining eʼtibori, bu qutlugʻ sanani eng yuksak darajada nishonlash boʻyicha bergan koʻrsatmalari oʻzbek tilining nufuzini, uning ahamiyatini yanada oshiradi, deb oʻylaymiz. Hammamizga millatimizning qutlugʻ oʻzbek tili bayrami muborak boʻlsin!
Jabbor RAZZOQOV,
Oʻzbekiston Respublikasida
xizmat koʻrsatgan jurnalist.