Davlat mustaqilligining asosiy belgilaridan biri uning davlat tiliga ega ekanligidir. Zero, mustaqillik tildan boshlanadi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi milliy mustaqillik uchun kurashishning qizg‘in pallalariga to‘g‘ri keldi. 1989 yilning 21 oktyabrida Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi o‘zbek xalqi uchun katta ma’naviy-huquqiy muvaffaqiyat bo‘ldi.
Mustaqillik uchun kurash pallalarida milliy o‘zlikni anglash jarayoni jonlandi, ona tilimizga hushyor munosabat paydo bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston sharoitida o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda davlat tilining ahamiyati beqiyos. Mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, turli millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, Davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash yangi O‘zbekiston sharoitida o‘zgacha ahamiyat kasb etdi.
Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi tantanalarida so‘zlagan nutqida: “Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir”, deya ta’kidlagan edi.
Ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda olti mingdan ziyod millat va elatlarning jonli tili mavjud bo‘lib, 40 ta tilgina mukammal shakllangan grammatikasiga ega ekan. Ular ichida o‘zbek tili ham bor. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
“So‘z – tarix” degan edi donishmandlardan biri. Haqiqatan ham til tarixini bilish xalq tarixini o‘rganishni taqozo qiladi.
Tarixiy taraqqiyot davomida tilning insoniyat rivojidagi ahamiyati mutafakkirlarimizning doimiy diqqat e’tiborida bo‘lgan. “Qutadg‘u bilig”ning “Til odobi” deb nomlangan 7-bobida Yusuf Xos Hojib tilning jamiyat va madaniy hayotdagi o‘rni, dunyoni, uning sir-sinoatlarini bilish va o‘rganishdagi ahamiyati, til ilmi, nutq odobi va notiqlik san’ati kabi masalalar haqida fikr yuritadi. Yusuf Xos Hojibning fikricha, til bilimli va zakovatli bo‘lishning asosiy vositasidir. Odam tilning sharofati bilan o‘z bilimi, aql-idrokiga sayqal beradi, fikrini oydinlashtiradi. Kishining qadr-qimmatini oshiradigan ham, tushiradigan ham tildir.
Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” kitobida 7500 dan ortiq turkiy so‘z va iboralar izohlangan.
Yagona milliĭ tilimizni Xorazmda Qutb Xorazmiĭ, Сuлаймон Boqirg‘oniĭ, Rabg‘uziĭ, Movarounnahrda Sakkokiĭ, Hindistonda Hofiz Xorazmiĭ, Rum elida Jaloliddin Rumiĭ, Nasimiĭ, Озарбайжонда Xoqoniĭ қŭллаган va бойитган. Alisher Navoiĭ yagona adabiĭ tilimizning shuhratini shu qadar baland кŭtaрдики, tilimiz dovrug‘i olamga yoйилди. Jahon tilshunos olimlari dunyo miqyosida e’tirof etilgan eng ulug‘ ijodkorlarning so‘z boyliklari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazib, quyidagi natijaga erishganlar:
Alisher Navoiy – 26 ming 35 ta; Aleksandr Pushkin – 21 ming 193 ta; Uilyam Shekspir – 20 mingdan ortiq; Migel de Servantes – 18 mingdan ortiq; Abdurahmon Jomiy – 17 ming 600 ta; Abdulla To‘qay – 14 mingdan ortiq so‘zni o‘z badiiy va ilmiy asarlarida ishlatganlar, takroriy qo‘llashlar bu hisobga kirmaydi, albatta. Ko‘rinib turibdiki, buyuk shoirimiz so‘z boyligi bobida ham jahon ulug‘lariga sarvarlik qilganlar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy tilshunos sifatida “Ikki emas, to‘rt til lozim”, “Har millat o‘z tili ila faxr etar”, “Til masalasi”, “Sart so‘zi majhuldir”, “Sart so‘zi ma’lum bo‘lmadi” kabi maqolalarni e’lon qilgan. Mazkur maqolalarida mutafakkir o‘z davrining muhim masalalari xususida fikr yuritishga harakat qilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasi 1913 yilda yozilgan bo‘lib, o‘zi tashkil etgan “Oyna” jurnalining 1-sonida e’lon qilingan. Mazkur maqolada muallif ko‘p tilni bilish har bir turkistonlik uchun shart ekanligi va shu orqali dunyoga chiqish mumkinligini tushuntirishga harakat qilgan. Behbudiy har bir millat o‘zbek tilidan tashqari, fors-tojik, arab, rus va hatto Yevropa tillaridan birini bilishi lozimligini uqtiradi. Bu fikrlar, albatta, hozirgi kun talabi bilan hamohangdir.
Mutafakkir jadid maqolada o‘z fikrini quyidagicha bayon etadi: “Bizga saodatdurki, turkiy va forsiyni tahsilsiz bilurmiz. Har turkni forsiy va har forsni turkiy bilmog‘i lozimdur...Farang va rus donishmandlarining asarlaridan foydalanmoq turkiy yo rusiy va farangiy bilmak ila mumkin bo‘lur...”. Xorijiy tillarni bilishni Mahmudxo‘ja Behbudiy siyosiy masala darajasiga qo‘yadi.
Ta’kidlash joizki, uning ushbu qimmatli fikrlari O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashida ahamiyati beqiyos. Davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish borasida jadid namoyandalarining boy ma’naviy merosi, hayoti va faoliyatini o‘rganishga oid ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish masalasi ham amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Amir Temur Fors hukmdori Mansur Muzaffaridan, dastlab turk tilida, tushunmagach fors tilida savol berganlarida, u: “Sen bizning tilimizni bilasanmi?” – deb savolga savol bilan javob bergan ekan. Shunda Sohibqiron Amir Temur: “Men sening tilingni sendan ko‘ra yaxshiroq bilaman!” – deb javob qaytargan ekan.
Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-78-sessiyasida insoniyat oldida turgan eng muhim masalalar xususida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqeyini mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi. Zotan, ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi namunasidir.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi” deb ta’kidlangan. Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Shuningdek, farmonga muvofiq yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasi tuzildi. 2020 yil 10 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Ўзбекистон Respublikasi qonuni imzolandi.
Tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirishda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 martda qabul qilingan 139-sonli “O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida” gi qarori ham ahamiyatli bo‘ldi. Tilni ardoqlagan inson e’zoz topadi, qadrlanadi.
O‘zbek tili o‘z Vatanida davlat tili maqomida mustahkam turishi uchun u jahon tillari ichidan munosib o‘rin egallashiga erishish lozim. Buning uchun, avvalo, davlat tili siyosatini “milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” nuqtai nazaridan yuksak darajada anglab yetish zarur.
Til – bu tarix. Tarixga munosabat milliy o‘zlikning yaqqol ifodasidir. Hozirgi Yangi O‘zbekiston sharoitida “milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyasining naqadar dolzarbligi ham aynan shundadir. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard natijasi hisoblanadi. Ona tilni bilish, unga hurmat ko‘rsatish, jahon hamjamiyatida nufuzini oshirish har bir fuqaro uchun ham qarz, ham farzdir.
Abira Huseynova,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
falsafa fanlari doktori, professor.
O‘zA