Til – millat ruhi va qalbini tarbiyalaydi
Mulohaza
Esimda, 2020-yil 23 cyentyabr kuni mamlakatimiz siyosiy hayotida tarixiy voqeaning guvohi bo‘ldik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida birinchi marta o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Prezidentimizning o‘z ma’ruzasini ona tilimizda bayon etishi yuz yillik tariximizdagi nafaqat ijtimoiy, balki chuqur siyosiy hodisaga aylandi. Mohiyat-e’tibori bilan bu nutq milliy davlat barpo etish yo‘lidagi harakat ortga qaytmas ekanligidan darak edi. Bunday chiqishlar esa davlat va millatning eng oliy nishoni bo‘lgan ona tilimizning qadrini yanada balandga ko‘taradi. O‘shanda yuksak minbarda ona tilimizda so‘zlangan ma’ruza nafaqat O‘zbekistonda, balki butun turk dunyosida ulkan voqea sifatida qarshi olindi. Ha, ona tili ana shunday zalvorli, zabardast, qudratli kuchga ega, u millionlab qalblarni junbushga keltiradi, insonda milliy iftixor va g‘urur hissini uyg‘otadi.
Davlat tilini asrash-avaylash har bir millatning ham qo‘lidan kelmaydi. YUNESKO tomonidan nashr qilinadigan “Yo‘qolib ketish xavfi arafasida turgan jahon tillari atlasi”da yozilganidek, Yevropada 50 ta, Tinch okeani mintaqasida 200 ta til yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Afrikadagi 1400 ta tildan 250 tasi yaqin yillarda, 600 tasi kelajakda butunlay yo‘qoladi. Leypsig universiteti professori, atoqli lingvist Baltazar Bikelning so‘zlariga ko‘ra, Kavkazda atigi 3-4 kishi so‘zlashuvchi tillar bor. Leypsigda bo‘lib o‘tgan lingvistlarning xalqaro anjumanida kam sonli xalqlarning tillari yo‘qolib ketishiga globallashuv jarayoni aybdor, degan xulosaga kelindi.
Shu o‘rinda, yaqin tariximizga qaytsak. Taniqli shoir, tasavvufiy olim Mirzo Kenjabekning uqtirishicha, u Prezident devonida ishlagan kezlarida Davlat tili haqidagi Qonunni tayyorlash hay’atining a’zosi bo‘lgan ekan. Mashhur olim, rahmatlik Erkin Yusupov rais, Baxtiyor Nazarov, Akmal Saidov kabi olimlar faol a’zolardan bo‘lishgan. “Lekin hozir biz amal qilayotgan qonun 1989-yilda qabul qilingan Qonun emas, balki 1995-yilning 21-dekabrida deyarli “yashirin” uslubda o‘zgarishga uchragan yangi tahrirdagi Qonundir” deb yozadi u.
1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan Davlat tili to‘g‘risidagi Qonun “yangi tahrir”ga uchragan bo‘lsa-da, qonundan xalqimiz, millatimiz hayoti uchun suv bilan havodek zarur bo‘lgan moddalar chiqarib tashlangan. Dalillarga yuzlanaylik: avvalgi Qonunning 1-moddasida davlat tili o‘zbek tili ekanligi belgilanib, “O‘zbekiston Respublikasi o‘zbek tilini butun choralar bilan rivojlantiradi va uning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalarida to‘liq amal qilishini ta’minlaydi” degan band bo‘lgan. 1995-yil 21-dekabrdagi Qonunda bo‘lsa, mazkur modda olib tashlangan. 4-moddada “O‘z faoliyatiga ko‘ra aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq shaxslar xizmat vazifasini basharish uchun davlat tilini zarur bo‘lgan darajada bilishlari lozim” deb yozilgan. Yangi tahrirda bu banddan voz kechilgan.
Buni qarangki, 1989-yil 21-oktabrdagi Qonunning 16-moddasida “Arab alifbosiga asoslangan qadimiy o‘zbek yozuvi”ni hayotning hamma jabhalarida o‘rgatish, uni “o‘quv fanlaridan biri sifatida o‘qitish ta’minlanadi” deb yozilgan va “buning uchun ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanishi”, bu yozuvda “o‘quv qo‘llanmalari kitoblar, gazeta va jurnallar nashr etilishi” belgilangan ekan. 1995-yil 21-dekabrdagi Qonunda ushbu modda tag-tomiri bilan yo‘q qilingan. Xalqni o‘z asliyatidan uzoqlashtirishga, qadimiy manbaidan mahrum etishga qanday qilib jur’at etishdi ekan?!
Jahon tarixida hech bir millat yozuvni joriy etish borasida o‘zbek xalqidek musibatlarga uchramagan. Qadimiy xalqimiz XX asrda uch marta imlo inqilobini boshidan kechirdi. Arab yozuvi VIII asrdan boshlab XX asrning 1929-yiligacha, eski turkiy (o‘zbek) yozuvi sifatida XI asrdan 1929-yilgacha, demak, arab yozuvida 12 asr, eski turkiy yozuvida 10 asr qo‘llanilgan edi. Xalqimizning jahon tarixidagi eng sharafli, o‘lmas ilmiy-ijodiy merosi ana shu yozuvda bitilgan. Imlo – millatning taqdiri, tarixiy merosning tili va kelajakning poydevori!
Bugungi kunda Alisher Navoiy asarlari lug‘ati, Bobur asarlari lug‘ati, hatto Mashrab asarlari lug‘ati, Abdulla Qodiriy asarlari lug‘atini tartibga keltirish fursati yetib kelgan ko‘rinadi. Fikrimizcha, o‘zbek tilining imlo lug‘ati va izohli lug‘atini butkul qaytadan tuzish, unda Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy ijodidan tortib to bugungi kungacha bo‘lgan so‘z xazinalarini jamlash lozim. Lug‘atlarning hammasini yangicha ruh va qarashlar asosida tuzish, bu ezgu ishlarga iste’dodli va ilmli yosh olimlarni jalb etish zarur.
Yuqoridagi muammolar tahlilidan ma’lum bo‘lishicha, o‘zbek tiliga davlat maqomi berilgandan keyin qariyb 40 yil o‘tsa hamki, ona tilimiz tom ma’noda o‘z mavqeiga, yuksak maqomiga ega bo‘la olmayotir. Nega bunday holatlar yuz berdi, degan savol tug‘iladi.
Birinchidan, Qonun talabiga ko‘ra, davlat idoralarida ishlab o‘zbek tilini bilmaydigan boshqa millat vakillariga davlat tilini o‘zlashtirishi uchun berilgan muddat o‘tib ketganiga qaramasdan, davlat tuzilmalarida o‘zbek tilini bilmaydiganlar hamon bemalol ishlab turishibdi.
Ikkinchidan, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarida adabiy tilda emas, balki shevada gaplashish odatga aylanib ulgurdi.
Uchinchidan, ko‘chalarda, ommaviy joylarda, savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalarida “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun talablari qo‘pol buzilmoqda. Xususan, har xil afisha, reklama, e’lonlar boshqa tillarda yozilishi holatlari har qadamda uchraydi, davlat tilida yozishlarda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yiladi. Shohko‘chalarda sof adabiy tilda odamlarda fikr uyg‘otuvchi shior, chaqiriqlar uchramaydi.
Biz tilimizga davlat maqomi berilgan 21-oktabr kunini har yili qandaydir chora-tadbir o‘tkazish bilan cheklanyapmiz, amalda tilimiz rivojiga e’tiborsiz, loqayd bo‘lib bormoqdamiz. Til millatning asosiy atributi bo‘lib, unga ahamiyat bermaslik millatga, elga befarqlikdir. O‘z millatini, yurtini e’zozlagan har bir kishi ona tilini ulug‘laydi.
Davlat tilining e’tiborsiz qolayotganligi boisi shuki, tirikchilik tashvishlari va boshqa omillar ta’sirida yoshi kattalar, xususan, yoshlarimiz orasida kitob o‘qishga, ilm olishga ishtiyoq susaydi. Kitob, gazeta, jurnal mutolaa qilmagan insonning til boyligi cheklanib, u maishiy darajada ishlatiladigan so‘zlardan nariga o‘tolmaydi. Bilimli, ma’rifatli, keng fikrli bo‘lishning asosiy omili kitob – baland cho‘qqini egallashga qo‘yilgan narvon. Badiiy, o‘quv, ilmiy kitoblarni o‘qish nafaqat dunyoqarashni kengaytiradi, balki dunyoviy, diniy savodxonligimizni oshirib, yozma va og‘zaki nutqimizning boyishiga olib keladi.
Afsuski, bugungi kunda ruscha so‘zlarni ishlatish taomilga kirib bormoqda. Atoqli olimlar, adabiyot arboblari, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining ta’kidlashicha, ona tilimizda yaxshi andozasi bo‘lgan ba’zi so‘zlar xorijiy nomlarda taomilga kiritildi: departament – boshqarma, idora, birlashma; komissiya – hay’at, kommunikatsiya – jamlamoq, bog‘lamoq, xabar almashuv (jarayoni); konsepsiya – maqsadlar nizomi, maqsadlar tarkibi, yo‘nalishlar tizimi, qoidalar tizimi; monitor – kuzatuvchi, ogohlantiruvchi; monitoring – kuzatuv; moratoriy – to‘xtatuv, kamaytiruv; organ – idora, muassasa, tashkilot (davlat idoralari, davlat muassasalari); termin – atama, istiloh; shtat – ish o‘rni, xizmat o‘rni. Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin.
Yana bir gap. O‘zbekistonda yashagan barcha millat, elat fuqarolari o‘zbek tilini, mahalliy xalqning adabiyoti va san’atini, boy tarixini, ilmiy merosini bilishi bugungi davrning talabi emasmi?! Buning aksi bo‘lsa-chi? Unda necha yillab noni, tuzini yegan yerlik aholiga, millat sha’niga qaysi ma’nodadir beodoblik, hurmatsizlik qilinganini bildirmaydimi? Axir, Amerikaga, Germaniyaga borib yashayotgan turk, hind, xitoylik, eronlik ish faoliyati yurishib ketishini istab, ingliz, nemis tillarini o‘rganadi-ku. Nega davlat tilini bilmaganlar uchun til o‘rgatish kurslarini bepul tashkil etmaymiz. Buning ustiga, bugungi kunda qonunlar tili, idoraviy hujjatlar rus tiliga ko‘proq suyanishi holatiga ko‘nikib bormoqdamiz.
Bizga ma’lumki, o‘zbek tilini dunyo bo‘yicha 30 milliondan ko‘proq odam ona tili, deb biladi. Ikkinchi til sifatida biladiganlar hisobiga bu son 50 millionga yetadi. Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘izistonda millionlab o‘zbeklar yashaydi. Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiyada ham ko‘pchilik. Turkiya, Saudiya Arabistoni, Pokiston, AQSH, Janubiy Koreyadagi diasporalarni hamda Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasiga (Xitoy) madaniy ta’sirini inobatga olsak, o‘zbek tilining asosiy mintaqaviy til bo‘lishga yetarli resurslar borligina amin bo‘lamiz.
O‘zbekiston nihoyatda ulkan til resursiga ega davlat. Mumtoz adabiyotimizga oid tadqiqotlar ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. Ammo shu bilan birga, maktab o‘quvchilarining yozma savodxonligini oshirish, ona tili va adabiyot fanini rivojlantirish uchun ikki tillik so‘zlashuv, lug‘atlarni chiqarish, bog‘cha, maktablarda to‘g‘ri, ravon so‘zlash madaniyatini shakllantirish kabi ulkan ishlar oldimizda ko‘ndalang turibdi.
Shu o‘rinda, qariyb 70-80 yillardan buyon yechimini kutayotgan og‘riqli muammoni aytib o‘tsam. Muhim fakt shuki, o‘zbek tiliga oid darsliklar XX asr boshidan to‘laligicha rus tilshunosligiga, qardosh til qoidalariga bo‘ysungan holda ishlab chiqilgan. “1939-yilda O. Usmonov va B. Avezovlar muallifligidagi “O‘zbek tili grammatikasi” darsligi S.G. Barxurdarov va Ye.I. Doiskovlarning “Grammatika russkogo yazыka” kitobi asosida tuzilgan. Bu kitobda o‘zbek tili nazariyasi ilk bor biz hozirda o‘qiyotgan ko‘rinishga keltirilgan. Rus tilidagi qoidalar o‘zbek tiliga ko‘r-ko‘rona joriy etilgan”, deydi falsafa doktori Eldor Asanov. – Masalan, rus tilida oltita kelishik borligi uchun o‘zbek tilida ham kelishiklar soni oltita qilib belgilandi. So‘z turkumlarining kategoriyalari va turlari rus tilidagiga moslandi. Chet el so‘zlari rus tili orqali olinishi va rus tili fonetikasi bo‘yicha talaffuz etilishi belgilandi”. Dahshatni jihati shundaki, sakson yildan beri sun’iy yo‘l bilan yaratilgan til qoidalari “to‘g‘ri o‘zbek tili” sifatida o‘qitilmoqda. O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi bir zamonlardagi Moskva talablariga bo‘ysundirilgan, ammo biz uni o‘zgartirishni o‘ylamayapmiz. Maktablarda sobiq mustamlakachilik davridagi o‘qitish metodikalari ishlayotganligi tagzaminida mutaxassis va ziyolilarning konservativligi, zamonaviy ilmiy diskurslar o‘zbek akademik fanida qabul qilinmayotgani, shu sohaga yetarlicha mablag‘ ajratilmaganligi yotibdi.
O‘zbek tili rivojiga oid ba’zi takliflarimizni keltirib o‘tamiz: Internetda o‘zbekcha kontentni keskin ko‘paytirish (Vikipediya, Google), o‘zbek tilidagi veb-saytlar, e-kutubxonalar sonini ko‘paytirish, uning sifatini yanada oshirish; milliy kino va teatr, adabiyot va san’at sohasida yangi ruh va yuqori saviyadagi (xuddi Abdulla Qodiriy, Tog‘ay Murod asarlaridek) badiiy asarlarni ko‘paytirish; Tasviriy oyina tasvirlagan ko‘chalarimiz peshtaxtalaridagi yozuvlarni tanqidiy ko‘rib chiqish... Ma’lumki, hozirgi vaqtda Abu Rayhon Beruniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti qo‘lyozmalar fondida minglab durdona manbalar o‘rganilmay o‘z egasini kutib yotibdi. Arab, fors tilida yozilgan qo‘lyozmalarni o‘rganish, kitob holida o‘zbek tilida nashr etish, uni xalqimizga va jahon ommasiga, ilm-fan ahliga yetkazish fursati yetib kelmadimikan? Bizningcha, ushbu muhim masalaga yechim topish maqsadida Matnshunoslik va manbashunoslik institutini ochishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Bu institut biz faxrlanadigan buyuk allomalarimizning barcha asarlari To‘liq jildlarini tayyorlash va chop etish bilan shug‘ullanishi, hukumat mazkur xayrli ishga mablag‘ni ayamasligi lozim.
Til – millatning ruhi va qalbini tarbiyalaydi, buyuk ishlarga undaydi. Til – doimiy o‘zgarib boradigan dinamik hodisa! Modomiki shunday ekan, ta’lim tizimi oldida millat bolalarini ona tili va adabiyotga oshno qilish orqali tarbiyalash va ulg‘aytirishdek ezgu vazifa turibdi. Ona tili – millat ruhi va jamiyat uyg‘oqligining ko‘zgusi! Alisher Navoiy bobomiz “Til – nutq quroli”, “Tilga e’tibor–elga e’tibor”, deb yozganida hikmat ko‘p.
Baxtiyor Omonov,
siyosiy fanlar doktori,
professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi