21 oktyabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
Til millat ruhining ko‘zgusidir. Tilda millatning bor-yo‘g‘i, o‘y-fikri, dunyoqarashi, orzu-umidlari, Vatani, his-tuyg‘ulari aks etadi. Tildagi har bir so‘z, uning har bir shakli inson tafakkuri va tuyg‘usining natijasi bo‘lib, uning yordamida bu tafakkur va tuyg‘ular orqali Vatan va xalq tarixi ifodalanadi.
Ona tiliga hurmat va uning bebaho so‘z xazinasidan o‘rinli foydalanish, ravshan va ta’sirchan so‘zlab yoza olish, nutqiy savodxonlikka erishish shu til vakili bo‘lgan har bir shaxsning burchidir.
Dunyoga kelgan har bir bola haqiqiy inson bo‘lib yetishishi uchun juda ko‘p narsalarni bilishi kerak. U o‘ziga kerakli bilimni ko‘rib, eshitib va o‘qib o‘rganadi. Eshitib va o‘qib o‘rganish til vositasida amalga oshadi va uning imkoniyati cheksizdir. Agar til bo‘lmay, har bir kishining tirikligi uning o‘z tajribasiga asoslangan bo‘lsa edi, inson shu kungacha hayvon qanday yashasa, shunday yashagan va bugungi moddiy, ma’naviy taraqqiyotga erishmagan bo‘lardi.
Tilning birinchi ma’rifiy ahamiyati shundan iboratki, til tufayli jamiyat a’zolarining har birida hosil bo‘lgan bilim ommalashib uning ko‘pchilik tomonidan rivojlantirilishiga imkon tug‘iladi. Undan tashqari, til tufayli bilim avloddan-avlodga og‘zaki va yozma tarzda qoldiriladi, natijada yangi avlod o‘tgan avlodning ishini yangidan boshlamasdan, uni davom ettiradi.
Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o‘z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’minlaydi. Har bir millatning o‘z Vatani, oilasi bo‘lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo‘ladi. Inson uchun uning Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo‘ladi.
Til millatning buyuk boyligi, bebaho xazinasi, tuganmas mulkidir. Chunki millatning tarixi, uning madaniy-ma’naviy merosi, urf-odatlari va an’analari unda mujassam bo‘ladi. Shu sababli ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to‘liqligicha yetkazishimiz kerak.
Davlat tilini o‘rganish, unga amal qilish tabiiy ehtiyoj va zaruratga, hatto anglangan majburiyatga aylanib bormoqda. O‘zbek tilida to‘g‘ri, ifodali so‘zlash va yozish, ona tilimizning sofligi va boyligi to‘g‘risida tinmay g‘amxo‘rlik qilish, uning iste’mol doirasini kengaytirib borish davlatimiz fuqarolarining burchi sanaladi. Xususan, har bir yosh va o‘quvchi o‘z ona tilidagi so‘z boyligini oshirish hamda til imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanishga doim harakat qilishi lozim. So‘z fikr qurolidir, kishi qanchalik ko‘p so‘z bilsa, uning fikrlash doirasi, dunyoqarashi ham shunchalik keng bo‘ladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi. Til – millat iftixori, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta’sirida shakllangan. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotir.
Biz o‘z ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go‘zal va sofligini avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, dunyoga tanitishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. «Til yashasa, millat yashaydi». Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog‘on bo‘ladi va birligimiz mustahkam bo‘ladi.
Akmal Mamajonov,
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i