Til bilganga keng dunyo
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasining 2015-yildagi faoliyati tahlili va ingliz tilida o‘tkazilgan respublika insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasining 2015-yildagi faoliyati tahlili va ingliz tilida o‘tkazilgan respublika insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi raisi F.Rashidova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak ma’naviyatli, mustaqil va sog‘lom tafakkurli, zamon talablariga javob beradigan, xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan yoshlarni kamol toptirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari mamlakatimizda bilimli, zukko yigit-qizlar safini yanada kengaytirish, ularning zamonaviy talablar asosida ilm olishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, xorijiy tillarni bilish darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasining “Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi” va “Abituriyent” gazetasi hamkorligida tashkil etilgan insholar tanlovida mamlakatimizdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 350 dan ortiq o‘quvchisi ishtirok etdi. Tanlovning saralash bosqichida yoshlar ingliz tilida “Mening go‘sham, mening qadriyatlarim” mavzusida ijodiy ish yozgan bo‘lsa, final bosqichiga chiqqan o‘n to‘rt ishtirokchi “Kichik qadamlar katta o‘zgarishlar yasaydi” mavzusida dunyoqarashi va ijodiy salohiyatini namoyon etdi.
– Tanlovda birinchi o‘rinni egallaganimdan juda baxtiyorman, – deydi Kogon sanoat va transport kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Abdukarim Rustamov. – Biz, yoshlarga shunday ulkan imkoniyatlar yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz. Kelgusida ingliz tilini chuqur o‘zlashtirib, mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtida ta’lim olish niyatidaman.
Tanlov g‘oliblari diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.