Bugungi kunda yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimiga qaratilayotgan e’tibor va olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yaxshilanib bormoqda. Birlamchi tibbiy xizmat ko‘lami kengayib, aholiga yaqinlashtirilmoqda, ixtisoslashtirilgan xizmatlar tuman va shahar darajasiga tushirilib, quyi bo‘g‘inda ham yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazilmoqda.
Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nurali Safoyev muxbirimiz bilan bo‘lgan suhbatda viloyatda sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
– Sohada olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, o‘tgan 2024 yilda viloyat sog‘liqni saqlash tizimida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, viloyatda 29 ta tashkilotda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 45 milliard so‘mlik qurilish ta’mirlash ishlari olib borildi.
Yaratilgan sharoitlar natijasida 5776 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, ulardan 4488 tasi viloyat, 1288 tasi shahar, tuman darajasida amalga oshirildi.
Zarafshon shahar va Karmana tuman tibbiyot birlashmalarida jami 6 nafar fuqaroda endoprotezlash jarrohlik amaliyotlari, Zarafshon shahri hamda Xatirchi tumanida buyrak ko‘chirish amaliyotlari bajarildi.
2024 yil davomida viloyatda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining 4 milliard 994,8 million so‘m mablag‘lari hisobidan 978 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash sohasini xalqaro darajaga olib chiqish va xorij tajribasini joriy qilish maqsadida Yaponiya, Belarus, Turkiya va Hindiston davlatlari bilan doimiy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
200 nafarga yaqin mutaxassislarimiz chet el klinika hamda markazlarida o‘rta va qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida tahsil oldi. Tor soha mutaxassislarini tayyorlash maqsadida mahalliy byudjetdan 31 nafar klinik ordinatorlarning shartnoma pullari to‘lab berildi.
Joriy yilda ham sohada bir qator ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, kasalliklar profilaktikasi va ularni erta aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan skrining tekshiruvlari davom ettiriladi.
Bunda 338,9 ming nafar aholi yurak qon-tomir hamda qandli diabet xavfini keltirib chiqaradigan omillarni aniqlash uchun skrining tekshiruvidan, 340 ming nafar o‘quvchi (tarbiyalanuvchi) chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. 35-55 yoshdagi 82 ming 356 ming nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni, 45-65 yoshdagi 69,4 ming nafar ayol ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruviga jalb qilinadi. 2-10 yoshdagi 178 ming nafar bola o‘rtasida gelmintoz tekshiruv qamrovi 100 foizga yetkaziladi.
Saraton kasalliklarini erta aniqlash darajasi 86 foizga yetkazilib, ushbu kasallikdan o‘lim ko‘rsatkichini 4,7 foizga qadar kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda eng asosiy vazifalarimizdan biri onalar va bolalar o‘limini qisqartirishdir. Shu maqsadda har yili 271 ming 312 nafar tug‘ish yoshidagi ayol profilaktik ko‘rikdan, 17 ming 541 ming nafar homilador ayol esa perinatal skriningdan o‘tkaziladi. Viloyatdagi mavjud 12 ta tug‘ruq kompleksi 3 turdagi yangi zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi.
Yildan-yilga davolashning zamonaviy usullari hayotga tatbiq etilmoqda. Joriy yilda hududlardagi shifoxonalarda avvallari o‘tkazilmagan, yangi 6 ta diagnostika va 4 ta davolash usuli amalda qo‘llaniladi.
Shuningdek, hududlarda davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalarining kafolatlangan paketi joriy etilib, eng ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha dori vositalarini elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bu kabi ishlarni amalga oshirish uchun dastavval sharoit yaratilishi lozim. Shu maqsadda viloyat bo‘yicha 2 ta tibbiyot muassasasi 40,3 milliard so‘mlik 35 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi. Hozirda qiymati 27 milliard so‘mlik zamonaviy kardiologiya markazi barpo etish ishlari boshlanadi.
[gallery-21602]
Shuningdek, Turkiyaning “Turkish lab” MCHJ va “Ins insaat” kompaniyalari bilan hamkorlikda Navoiy shahrida davlat xususiy sherikchilik asosida 100 qatnov va 200 o‘ringa mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli tibbiyot klasteri tashkil etish rejalashtirilgan.
Albatta, amalga oshirilayotgan ishlar tibbiyotning aholiga yaqinlashishi va islohotlar “Inson qadri uchun” xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
Suhbatni O‘zA muxbiri
A.Bo‘riyev yozib oldi, S.Aslonov suratlari