Tibbiyotda xalqaro hamkorlik samaralari
Onkologik xastaliklarni samarali davolash bo‘yicha hindistonlik mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazildi.
Andijon viloyati hokimligida onkologik va virus etiologiyalik jigar xastaliklari bo‘yicha hindistonlik mutaxassis-shifokorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish, xususan, ixtisoslashgan tibbiy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kasalliklarni erta aniqlash va davolashga ilg‘or hamda xorijiy tajribalarni qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi paytlarda dunyo miqyosida o‘sma, xususan, onkologik kasalliklarning ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda. Shundan kelib chiqib, qolaversa, onkologik xizmat sifatini yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 aprelda “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Andijon viloyatida mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, viloyat Onkologiya dispanserining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, onkologik xastaliklarni erta aniqlash va samarali davolash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari O‘tkirbek Shukurov, sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari hamda Hindistonning Nyu-Deli shahridagi “Action cancer hospital” shifoxonasi yetakchi mutaxassislari, doktor Vikas Chaudxary va Naveen Kumar o‘rtasidagi uchrashuvda ana shu yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish, hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Uchrashuvda, shuningdek, onkologik va virus etiologiyalik jigar xastaliklari mavjud bemorlar bilan Online muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va immunogistoximiya yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha fikrashildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA