Tibbiyotda innovatsion gʻoyalarning samarasi
Namanganda sogʻliqni saqlashning namunaviy tizimini yaratish borasidagi tajribalarni ommalashtirishga bagʻishlangan viloyat koʻrgazmali seminari boʻlib oʻtdi.
Namanganda sogʻliqni saqlashning namunaviy tizimini yaratish borasidagi tajribalarni ommalashtirishga bagʻishlangan viloyat koʻrgazmali seminari boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, viloyat hokimligi vakillari, viloyat, shahar, tuman sogʻliqni saqlash tizimi rahbar va mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda viloyatda tibbiy xizmat sifati va tezkorligini oshirish maqsadida izchil izlanishlar olib borilayotgani va bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tashabbusi bilan sogʻliqni saqlashning namunaviy tizimini yaratish borasida koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar alohida taʼkidlandi.
Seminar doirasida ishtirokchilar viloyat tibbiyot tizimidagi yangiliklar bilan ham tanishtirildi. Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialining tez tibbiy yordam stansiyasida mamlakatimizda birinchilardan boʻlib ishga tushirilgan Call-markazi diqqatga sazovordir. Tunu kun ishlaydigan markaz tez tibbiy yordam xizmati tezkorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozircha sinov tariqasida faoliyat koʻrsatayotgan markaz viloyatdagi barcha tez tibbiy yordam brigadalari faoliyatini muvofiqlashtirib turibdi. Sarflangan 1 milliard soʻmga yaqin mablagʻ evaziga 50 ta kompyuter va boshqa zarur apparaturalar olib kelib ishga tushirildi. Ayni paytda sanitar avtotransport vositalariga GPS navigatorlarini oʻrnatish yakuniga yetkazilmoqda. Yangilik tufayli chaqiruvlar boʻyicha bemorlar huzuriga yetib borish vaqti ikki barobarga qisqargan.