Tibbiyotda chegara bilmaydigan hamkorlik
Inson hayoti — dunyodagi eng oliy qadriyat. Ayniqsa, shoshilinch tibbiy yordamga ehtiyoj tug‘ilgan bir necha daqiqa bemor taqdirida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Bunday vaziyatda tibbiyot xodimining bilimi, zamonaviy texnologiya, tezkor qaror va puxta yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik tizimi bir butun mexanizm sifatida ishlashi kerak.
Bugun mamlakatimizda tibbiyotni modernizatsiya qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga keng joriy etish barobarida xorijiy davlatlar bilan sohaviy hamkorlikni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimida xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni jalb etish, mutaxassislar malakasini oshirish va inson salomatligiga xizmat qiladigan zamonaviy tibbiy muhitni shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buxoroda bo‘lib o‘tgan navbatdagi muhim muloqot ana shu jarayonning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Isroil Davlatining O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Tamar Veyler amaliy tashrif bilan Buxoro viloyatida bo‘lib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali faoliyati bilan yaqindan tanishdi.


Mehmonga filial direktori Sh. Haydarov hamrohlik qilib, muassasaning imkoniyatlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari, shifokorlar va tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, zamonaviy tibbiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Tashrif doirasida filial rahbariyati bilan muloqot o‘tkazilib, shoshilinch tibbiy yordam sohasida O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu yerda e’tiborga molik jihat shundaki, hamkorlik masalasi umumiy muloqot bilan cheklanib qolmadi. Xususan, Buxoro viloyatiga tashrif buyuradigan Isroil fuqarolari shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan holatlarda ularga tezkor, sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama etildi.
Tibbiyotda hamkorlikning haqiqiy qiymati uning qog‘ozdagi kelishuvlarida emas, balki inson hayoti uchun og‘ir daqiqalarda qanday natija berishida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, Buxoro kabi sayyohlik salohiyati yuqori, har yili ko‘plab xorijiy mehmonlarni qabul qiladigan hudud uchun shoshilinch tibbiy yordam tizimining xalqaro standartlarga mosligi muhim ahamiyatga ega. Xorijlik mehmon o‘zini begona yurtda emas, balki tibbiy yordam zarur bo‘lgan paytda unga ishonchli ko‘mak ko‘rsata oladigan muhitda his qilishi kerak. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Isroil fuqarolariga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ikki tomonlama munosabatlarning insonparvarlik mazmunini yanada boyitadi.
Tashrif davomida Tamar Veyler filialning Angiografiya bo‘limi faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda mutaxassislar tomonidan zamonaviy diagnostika va davolash usullaridan foydalanilayotgani, tibbiy xizmatlarni takomillashtirish va bemorlarga yuqori sifatli yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Zamonaviy tibbiyotda diagnostika qanchalik aniq bo‘lsa, davolash taktikasi ham shunchalik samarali tanlanadi. Ayniqsa, shoshilinch holatlarda vaqtni boy bermaslik, bemor holatini tez va aniq baholash, zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, Buxoro filialida zamonaviy tibbiy texnologiyalarning amaliyotga kirib kelayotgani hudud tibbiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.

Bugun tibbiyotda yangi qurilma yoki zamonaviy texnologiyaning o‘zi yetarli emas. Uni to‘g‘ri ishlata oladigan malakali mutaxassis, tezkor qaror qabul qiladigan jamoa, aniq harakat algoritmi va bemor manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yadigan tibbiy madaniyat ham zarur. Shu bois mamlakatimizda tibbiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan birga, tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or usullarni mahalliy amaliyotga moslashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi tibbiy muloqotlar ham ana shu maqsadga xizmat qilishi mumkin. Chunki tajriba almashinuvi — bu shunchaki bilim almashish emas. Bu ko‘p hollarda bir bemorga o‘z vaqtida yordam berish, bir inson hayotini asrab qolish, bir oilaning taqdirini o‘zgartirish demakdir.
Tashrif yakunida shoshilinch tibbiy yordam sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va amaliy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Eng muhimi, bu muloqot Buxoro tibbiyotining xalqaro hamkorlik doirasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Bugun dunyo tibbiyotida erishilayotgan yutuqlarni hududlarga olib kirish, ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanish va tibbiy xizmat sifatini xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish — davr talabidir. Buxoroda esa bu jarayon tobora amaliy mazmun kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri