Prezidentimizning 2023 yil 20 iyundagi qaroriga muvofiq Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etilgan.
Markazga malaka toifalari berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali uning shaffofligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Mazkur topshiriqqa ko‘ra, malaka toifasi berishda hujjat topshirish va attestatsiyadan o‘tkazishning mutlaqo yangi, shaffof va adolatli tizimi yaratildi.
Unga ko‘ra, 2023 yil 11 sentyabrdan boshlab Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tomonidan malaka toifasi berish bo‘yicha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjatlarini faqat elektron shaklda tibtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali qabul qilish boshlandi.
Yangi tizim asosida onlayn tartibdagi malaka toifasi berish bo‘yicha dastlabki attestatsiyalarni joriy yil 16 sentyabrdan boshlab o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Og‘zaki imtihonlar (suhbat) onlayn shaklda maxsus dastur orqali Toshkent shahri va viloyati uchun markaz binosida zarur qurilmalar bilan jihozlangan xonalarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi mutaxassislar uchun muassasaning hududlardagi ana shunday xonalarida o‘tkazilmoqda.
Bunda imtihonlarning onlayn suhbat bosqichi uchun beriladigan bilet savollari “Random” (inson omili minimallashgan, kompyuter texnologiyasi yordamida tasodifiy savol tanlash) dasturi orqali tanlanadi.
Biletlar 5 ta savoldan iborat bo‘lib, ularga javob berish uchun ko‘pi bilan 15 daqiqa vaqt ajratiladi va 10 ballik tizimda baholanadi. Imtihon yakunida ushbu dastur umumiy ballarning o‘rtacha qiymatini hisoblab, o‘sha zahoti e’lon qiladi.
Attestatsiya jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida onlayn translyatsiya qilinadi.
Mazkur tizimning yana bir afzalligi shundaki, endilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi olishda hujjat topshirish hamda attestatsiyadan o‘tish uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab poytaxtga kelishiga butunlay barham berildi.
Eng muhimi, endilikda nazariy bilimi, amaliy ko‘nikmalari va kasbiy mahoratini muntazam oshirib borgan tibbiyot xodimlarigina malaka imtihonlaridan o‘ta oladi.
Bu esa tizimni yetuk va chuqur bilimga ega, xalqaro raqobatbardosh kadrlar bilan boyitish imkonini beradi. Zero, bu – aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Mohigul Qosimova, O‘zA