Shifokorlarga ko‘pincha, “oq xalatli farishtalar”, “hayotimiz posbonlari”, “oq xalatli najotkorlar, xaloskorlar” deya ta’rif beramiz. To‘g‘ri-da, biror joyimiz bezovta qilsa, darrov shifokor huzuriga chopamiz yoki “Tez yordam” chaqiramiz va ulardan najot kutamiz. Jonimiz og‘riganda, ular xaloskorimiz bo‘lib, jonimizga oro kiradi. Erta tongmi, kech tunmi, kun yarmimi, vaqtning ahamiyati yo‘q – ular doim yordamga shay. Chunki ularning har biri o‘z kasbiga sodiqligi yo‘lida qasamyod qilgan.
Ammo so‘nggi paytlarda shifokorlardan, “Tez yordam” vakillaridan norozi bo‘lish, ularni hurmatsiz qilish, hatto do‘pposlash, tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jirkanch holatlar haqida tez-tez eshitib, o‘qib qolyapmiz. Afsuski, bu kabi holatlar ko‘paysa, ko‘paymoqdaki, kamayayotgani yo‘q. Go‘yoki odatga, oddiy holga aylanib borayotganga o‘xshaydi.
Bu kabi ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida “Tibbiyot xodimining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ayni paytda mazkur loyiha parlament quyi palatasida muhokamalardan o‘tkazilmoqda. Unga ko‘ra, tibbiyot xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari ma’muriy javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishini belgilash taklif qilinmoqda.
Bu borada o‘zi ham tibbiyot vakili bo‘lgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimovaning fikrlari bilan qiziqdik:
– Yaqinining salomatligidan xavotirga tushgan insonlar shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga najot ko‘zi bilan qaraydi. Ba’zida kech murojaat qilgani bois bemor hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmaydi. Zero, ba’zida tibbiy xizmat xodimlari ham ojizdir. Stress holatida bo‘lgan va ko‘p holatlarda spirtli ichimlik ta’siridagi bemor yaqinlari o‘zini idora qila olmay qoladi. Oqibatda tibbiyot xodimlariga tajovuz qiladi.
Afsuski, bu holatlar jamiyatimizning illatlaridan biriga aylanib boryapti. Jamiyatimizda ko‘payib ketayotgan bunday holatning oldini olishdagi eng asosiy va samarali yo‘llardan biri noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, ularni bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilish zarur, deb o‘ylayman. Basharti, shaxs ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotgani va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganini ham yaqqol anglagan bo‘lsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Shu maqsadda Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi normasiga jinoyatning o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir qilganini nazarda tutuvchi qo‘shimcha band kiritish kerak, deb o‘ylayman. Ushbu bandda nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topilganlar uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin bo‘ladi. O‘z o‘rnida bu katta profilaktik ta’sir kuchini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ko‘chada “tez tibbiy” yordam avtouloviga yo‘l bermaslik holatlariga nisbatan ham jarimalar hajmini ko‘paytirish kerak. Xususan, “tibbiyot xodimi”, “tibbiy yordam” kabi tushunchalarga ta’rif berilib, tibbiyot xodimlari faoliyatiga aralashganlik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanishi zarur.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, ya’ni tibbiyot xodimi tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yor bilan to‘ldirilishi ham turli huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Nazarimda, tibbiyot xodimlari ham “bodi kamera” bilan ta’minlanishi lozim. Masalan, ichki ishlar organlari xodimlarida ana shunday moslamalar mavjud. Ayni paytda 3 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimi mavjud deb hisoblasak, ushbu masalani hal qilish katta mablag‘ talab qilmasa kerak. Aksincha, bu orqali fuqarolarning ham, tibbiyot xodimining ham mas’uliyati oshadi, zo‘ravonliklarga barham beriladi, deb o‘ylayman.
Ayni paytda Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihasi yuzasidan bir guruh deputatlar xizmat vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimiga qo‘l ko‘targanlik uchun jiddiy javobgarlik belgilanishini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, yana bir qismi boshqa fikrlarni bildirmoqda. Xususan, vijdonsiz, ishiga mas’uliyatsiz tibbiyot xodimlari ham yo‘q emas, afsuski. Ana shunday xodimlar Ma’muriy javobgarlikka taklif etilayotgan yangi moddadan ustalik bilan himoya sifatida foydalanishi mumkin bo‘lib qoladi. Ya’ni, bemor, uning yaqinlari biror masalada maslahatlashmoqchi, kasbiy burchini yaxshiroq bajarishni, masalan, bemordan tez-tez xabar olib turishni so‘raydigan bo‘lsa, tibbiyot xodimi yangi moddani ro‘kach qilib, faoliyatimga to‘sqinlik qilmang, deb qolmaydimi, degan savol va mulohazalar ham yo‘q emas.
Demak, quyi palata vakillarining zimmasida muhim mas’uliyatli vazifa turipti – turli fikrlar, qarashlar, qizg‘in bahs-munozara va tortishuvlar asosida ushbu qonun loyihasini puxta qilib, takomiliga yetkazishimiz lozim. Tibbiyot xodimining ham, bemorning ham himoyasi ta’minlanishi zarur.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova yozib oldi.